Qayd etish joiz, avvallari Kim Chen In tomonidan Jo Bayden ma'muriyati bilan bog‘liq munosabatlar borasida bunday bayonot berilmagan.
«Davlatimiz sharafini va mustaqil rivojlanish manfaatlarini himoya qilish, tinch muhit va Shimoliy Koreyaning xavfsizligini ta'minlash zarur», dedi Kim poytaxt Pxenyanda bo‘lib o‘tgan Shimoliy Koreya ishchilar partiyasi Markaziy qo‘mitasi yig‘ilishida qilgan nutqida.
Kim Shimoliy Koreya voqealarning har qanday rivojiga «darhol va aniq» javob berishini, shuningdek, o‘z «diqqat-eʼtiborini Koreya yarim orolidagi vaziyatni barqaror nazorat qilishni ta'minlash»ga qaratishini ta'kidladi.
Shimoliy Koreya rahbari avvalgi nutqida mamlakat oziq-ovqat tanqisligiga duch kelayotganini aytgan edi.
Oziq-ovqat tanqisligi: 1 kilogramm banan 45 dollar
Shimoliy Koreya rahbari Kim Chen In Mehnat partiyasi markaziy qo‘mitasi a'zolari bilan uchrashuvda mamlakatda oziq-ovqat tanqisligi mavjudligini tan oldi.
Kim qo‘mita a'zolariga murojaat qilib, o‘tgan yili toshqinlarni keltirib chiqargan to‘fonlar tufayli qishloq xo‘jaligi sektori g‘alla yetishtirish ko‘rsatkichlariga erisha olmaganini aytdi.
Mamlakatda oziq-ovqat mahsulotlari narxi tez sur'atlar bilan o‘sib bormoqda.
Shimoliy Koreya yangiliklarini 2010 yildan beri xorijdan (AQSh, Yevropa Ittifoqi va Janubiy Koreyadan) kuzatib borgan NK News nashri mamlakatda 1 kilogramm banan 45 dollarga sotilayotgani haqida xabar tarqatdi.
Shimoliy Koreya koronavirus tarqalishiga barham berish uchun o‘z chegaralarini yopgandi. Natijada, mamlakatning Xitoy bilan savdosi to‘xtab qoldi.
Shimoliy Koreya oziq-ovqat, o‘g‘it va yonilg‘ida Xitoyga qaram.
Ayni paytda Shimoliy Koreya yadroviy faoliyatiga qo‘yilgan xalqaro embargodan ham aziyat chekmoqda.
«Mashaqqatli yo‘l»
Aprel oyida Kim Chen In avvalgi nutqlariga sira o‘xshamaydigan ma'ruzasida mashaqqatlar haqida gapirgandi. «Odamlar duch keladigan qiyinchiliklarni biroz bo‘lsa-da yengillatish uchun» rasmiylar «bir-birlarini yanada mashaqqatli yurishga undashi» kerakligini ta'kidlagandi.















