Juma kuni Shimoliy Koreya hukumati Koreya Mehnat partiyasi tashkil topganining 80 yilligini harbiy parad bilan nishonladi, unda yangi gipertovushli planer bloki va qit’alararo ballistik raketalar, jumladan yangi «Xvason-20» qit’alararo ballistik raketasi ham namoyish etildi. Paradni KXDR yetakchisi bilan birga Rossiyaning sobiq prezidenti, mamlakat Milliy xavfsizlik kengashi raisi o‘rinbosari Dmitriy Medvedev ham kuzatib bordi.
«Xvason-11Ma» gipertovushli quroli va «Xvason-20» qit’alararo ballistik raketasi davlat ommaviy axborot vositalari tomonidan Shimoliy Koreyaning «eng kuchli yadroviy strategik qurol tizimi» sifatida ta’riflandi.
Sentyabr oyida Shimoliy Koreya yetakchisi Kim Chen In mamlakat yangi «maxfiy» qurolga ega bo‘lganini ma’lum qilgan edi.
Ekspertlar fikricha, o‘shanda u aynan «Xvason-20» raketasini nazarda tutgan.
«Xvason-11» seriyasidagi qurollar Rossiyaning «Iskander» raketalari asosida yaratilgan qisqa masofali ballistik raketalardir.
U gipertovushli deb ataladi, chunki tovush tezligidan besh baravar yuqori tezlikda harakatlanib, manyovrlarni amalga oshira oladi.
BBC’ning Seuldagi muxbiri xabar berishicha, paradda ulkan raketaning paydo bo‘lishi mushakbozlik va olqishlar bilan kechgan.

Raketaning hajmi shuni ko‘rsatadiki, u ko‘plab yadroviy kallaklarni olib yurishga qodir va nazariy jihatdan AQSh hududining istalgan nuqtasiga zarba bera oladi, deya ta’kidlaydi muxbir.


Dmitriy Medvedev 8 oktyabr kuni «Yedinaya Rossiya» partiyasi delegatsiyasiga boshchilik qilgan holda rasmiy tashrif bilan Pxenyanga borgandi. Shuningdek, u Kim Chen In bilan muzokaralar o‘tkazgan.
Medvedev o‘z telegram-kanalida «o‘rtoq Kim Chen Inga qabul qilingan ittifoqchilik qarorlari uchun», Shimoliy Koreya harbiylariga esa yordam uchun minnatdorchilik bildirganini aytdi.
Shimoliy Koreya – Rossiya ittifoqchilari orasida Ukrainaga qarshi urushga o‘z askarlarini yuborgan yagona davlat. Ularning yordami bilan Rossiya armiyasi 2024 yil yozida Kursk oblastining bir qismini egallab olgan Ukraina harbiy bo‘linmalarini siqib chiqarishga muvaffaq bo‘ldi.













