Jamiyat | 18:35 / 26.06.2021
17499
3 daqiqa o‘qiladi

“Diplom bilim darajasi emas, ishlash uchun hujjat bo‘lib qoldi” - namanganlik Kembrij xalqaro o‘qituvchisi

Namanganlik Dostonbek Rahimjonov Kembrij xalqaro o‘qituvchisi maqomini olgan ta'lim sohasidagi yosh kadrlardan. Hozirda u o‘z o‘quv markazini tashkil qilgan va yoshlarga bilim bermoqda.

Yosh o‘qituvchi bilan ta'lim sohasida uchraydigan muammo va kamchiliklar haqida suhbatlashdik.

Oliy ta'lim va undagi tushunmovchiliklar

Qahramonimizning fikriga ko‘ra, oliy ta'limda ko‘plab tushunarsiz holatlar uchrab turadi. Shulardan biri – kirish imtihonlarida B2 sertifikati talab etilishi va to‘rt yil o‘qib, oliy ma'lumotga ega bo‘lgan mutaxassislardan ham B2 darajasi talab etilishi.

Dostonbekning aytishicha, bakalavr bosqichini bitirgan odamdan S1 daraja talab etilishi kerak.

Bundan tashqari, u ta'lim davomiyligi ham sun'iy uzaytirilgan deb hisoblaydi. “To‘rt yilda oladigan bilimni bir yilda egallash ham mumkin”, – deydi yosh ustoz.

“6-sinfdan o‘quvchilarni kasbga yo‘naltirish kerak”

Dostonbek Rahimjonov 6-sinfdan boshlab yoshlarning ichki hissiyoti orqali kelajakda qanday kasb egasi bo‘lishga xohishi borligini aniqlovchi test tizimi ishlab chiqilgani, tizim pilot loyiha sifatida o‘z o‘quv markazida sinalayotganini aytib o‘tdi.

Dostonbekka ko‘ra, ushbu test tizimi asosida bolaning fikrlashi, qobiliyati hamda qiziqishlariga ko‘ra kasbga yo‘naltirish mumkin.

Test natijalariga ko‘ra kasb tanlagan o‘quvchilar o‘z yo‘nalishi bo‘yicha maxsus sinflarga ajratilishi hamda o‘ziga kerakli fanlarni ko‘proq va chuqurroq o‘rganishi yaxshi natija berishi mumkin.

Ta'limda amaliyotning uzilib qolgani

Dostonbekning so‘zlariga ko‘ra, maktabda ham, oliy ta'limda ham amaliyotning nazariyadan uzilib qolgani – sohaning rivojiga salbiy ta'sir etayotgan omillardan.

Uning aytishicha, teleskopni ko‘rmagan bola astronomiyadan yaxshi o‘qisa ham, undan Mirzo Ulug‘bekdek koinotshunos yetishib chiqishidan umid qilmaslik kerak.

O‘z ko‘zi bilan oydagi kraterlarni ko‘rmagan bolada o‘z sohasining yetuk mutaxassisi bo‘lishi amri mahol.

Tohirjon Tursunov suhbatlashdi.
Tasvirchi – Bekmirza Rashidov.
Montajchi – Boymirza Halilov.

Mavzuga oid