Jahon | 14:31 / 28.06.2021
6453
2 daqiqa o‘qiladi

Rossiya hukumati ishlashga keladigan chet elliklar uchun emlashni tashkil qiladi

Moskva meriyasiga ko‘ra, migrantlarni emlash 1300 rublni tashkil qiladi, uni ish beruvchi to‘laydi.

Foto: RIA Novosti

Rossiya hukumatiga tegishli ko‘rsatma Peterburg xalqaro iqtisodiy forumi yakunlari bo‘yicha mamlakat prezidentidan kelib tushdi.

Rossiya prezidenti Vladimir Putin mamlakat hukumatiga moliyalashtirish manbasini belgilab, Rossiyaga ishlash uchun kelayotgan chet elliklar va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarni 15 iyulga qadar emlash ishlarini tashkil etish to‘g‘risida ko‘rsatma berdi. Bu haqda Kreml saytida xabar qilingan.

«Rossiya Federatsiyasiga ishlash uchun kelayotgan xorijiy fuqarolar va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarni yangi koronavirus infeksiyasining (COVID-19) oldini olish maqsadida, emlash ishlari tashkil etilsin. Tegishli tadbirlarning moliyalashtirish manbalari aniqlansin», deyiladi Peterburg xalqaro iqtisodiy forumi yakunlari bo‘yicha yuborilgan ko‘rsatma matnida.

Moskva meriyasiga ko‘ra, migrantlarni emlash narxi 1300 rublni tashkil qiladi, uni ish beruvchi to‘laydi.

Rossiyada shanba kuni «Sputnik Layt» vaksinasining dastlabki partiyalari fuqarolik muomalasiga kiritildi, uni xorijiy fuqarolar, shu jumladan mehnat muhojirlarini emlash uchun ishlatish rejalashtirilgan.

«Iyun oxirigacha taxminan 2,5 million doza fuqarolik muomalasiga kiritiladi, ishlab chiqarish hajmi oshirib boriladi», deya Rossiya sog‘liqni saqlash vaziri Mixail Murashkoning so‘zlaridan iqtibos keltirgan «RIA Novosti».

Avvalroq, Moskva merining ijtimoiy rivojlanish bo‘yicha o‘rinbosari Anastasiya Rakova shaharda vaksina fuqarolik muomalasiga kiritilganidan so‘ng, migrantlar uchun emlash punktlari ular uchun qulay joylarda tashkil etilishini aytgan edi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid