Jahon | 09:38 / 06.07.2021
13323
2 daqiqa o‘qiladi

JSST dunyoda koronavirus bilan bog‘liq vaziyat barqarorlashganini ma'lum qildi 

Foto: Global Look Press

JSSTning sog‘liqni saqlash sohasidagi favqulodda vaziyatlar bo‘yicha direktori Maykl Rayanning ta'kidlashicha, dunyoda koronavirus tarqalishi bilan bog‘liq vaziyat barqarorlashdi, biroq bu “juda yuqori kasallanish darajasida” yuz berdi

“Agar kasallanishning oxirgi 2 haftadagi grafigiga qarasak, unda o‘ziga xos barqarorlashuvni ko‘rishimiz mumkin. Biroq bu juda yuqori kasallanish darajasida yuz berdi”, deb ma'lum qilgan Rayan.

JSST vakilining ta'kidlashicha, hozirda dunyoda koronavirus bilan bog‘liq vaziyat 2-3 oy oldingidan yaxshiroq. Ba'zi davlatlarda kasallanish darajasi keskin pasaygani kuzatilayotgan bir vaqtda, boshqa davlatlarda buning aksi yuz bermoqda. Rayanning aytishicha, bu ko‘plab omillar, jumladan, koronavirusning yuqumliroq yangi shtammlari paydo bo‘lgani, epidemiyaga qarshi choralar yumshatilgani va odamlar o‘rtasida aloqa ko‘paygani bilan bog‘liq.  

JSSTning yana bir vakili Mariya van Kerkxove dunyoda koronavirus bilan bog‘liq vaziyatni “bir tekis emas”, deb ta'riflagan.

JSST mutaxassisining ta'kidlashicha, Shimoliy va Janubiy Amerikada yangi kasallanish holatlari soni kamaygani (13 foizga), boshqa qit'alarda esa ko‘paygani qayd qilinmoqda. Jumladan, Yevropada oxirgi haftada kasallanish darajasi 28 foizga o‘sgan.

“Kamida 20ta davlatda kasallanish holatlarining keskin ko‘paygani qayd qilingan”, deb qo‘shimcha qilgan van Kerkxove.

Oxirgi haftada dunyoda 2,6 mlntaga yaqin yangi kasallanish holati, 54 mingta o‘lim holati qayd qilingan.

2 iyulda JSST bosh direktori Tedros Adxanom Gebreyyesus hozirda pandemiyaning xavfli bosqichi kuzatilayotganidan ogohlantirgan. Uning ta'kidlashicha, bunga virusning “hindcha” shtammi sabab hisoblanadi. 100ga yaqin davlatda aniqlangan ushbu shtamm mutatsiya qilishda davom etmoqda va odamlarga xavf solmoqda.

Mavzuga oid