Jamiyat | 12:38 / 06.07.2021
25678
5 daqiqa o‘qiladi

Karantin bo‘yicha ikki xil standart. Misollarni sanashda davom etamiz

Bir tomondan “ahvol yomon, kasalxonalar to‘lgan, odamlar o‘lyapti, o‘zingizni asrang, karantin qoidalariga rioya qiling” deb turib, boshqa tomondan o‘n minglab odamlarni to‘plab, ko‘ngilxushlik qilinmoqda. Bunday bayramlar-u dabdabalarni ko‘rgan oddiy xalq koronavirusning xavfini his qilarmidi...

Joriy yilning 28 iyunidan respublika bo‘ylab ko‘ngilochar hamda umumiy ovqatlanish obektlari uchun karantin munosabati bilan ayrim cheklovlar o‘rnatildi – ularning ishlashiga soat 8:00dan soat 20:00gacha ruxsat berildi, tashrif buyuruvchilarga ushbu muassasalar umumiy sig‘imining 50 foizidan qat'iy oshirmagan holda xizmat ko‘rsatish belgilandi.

Bir tomondan respublikaning deyarli barcha hududlarida kunlik kasallanish holatlari keskin ortib, maxsus davolash muassasalari faoliyati qayta tiklanayotgan bir paytda, joylarda inson hayotini xavf ostida qoldiruvchi, qolaversa karantin cheklovlariga tupurib qo‘yilganligini namoyish etuvchi tadbirlar avj olmoqda.

Aytaylik, Andijonda iyun oyining so‘nggi ikki kunida koronavirusga chalinganlar soni bo‘yicha joriy yildagi antirekord yangilandi. Ammo, shunga qaramay viloyatning ayrim tumanlarida mahalliy hokimlik va fuqarolar ishtirokida turli uchrashuvlar tashkil qilinmoqda.

Ayniqsa o‘zini-o‘zi yakkalash yoshida bo‘lgan keksalarning bir-biriga zich o‘tirgan holda majlisbozlik qilinayotgani xech qaysi mantiqqa to‘g‘ri kelmaydi. Ijtimoiy masofani saqlash butunlay unutilgan.

Izboskan tumani. 2021 yil 2 iyul. Tuman hokimi S.Ismoilov va sektor rahbarlari og‘ir hudud deya topilgan «Beshterak» MFYda yashovchi 400 nafardan ziyod fuqaro bilan uchrashdi.

Baliqchi tumani. 2021 yil 1 iyul. Tuman hokimi J.Abdurayimov tumandagi ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishda ortda qolayotgan hamda ishsizlik darajasi yuqori bo‘lgan «Adolat» MFYda yashovchi fuqarolarni ish bilan ta'minlash maqsadida fuqarolar bilan uchrashdi.

Paxtaobod tumani. 2021 yil 3 iyul. Hududlarni qoloqlikdan chiqarish, ularni har tomonlama rivojlangan maskanlar qatoriga olib chiqish doirasida tuman prokurori va tuman hokimining birinchi o‘rinbosari ishtirokida Hayotbaxsh mahallasi fuqarolari bilan muloqot o‘tkazildi.

Qo‘rg‘ontepa tumani. 2021 yil 3 iyul. Ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishdan ortda qolayotgan deb topilgan Qizil to‘qay mahalla aholisi bilan uchrashuv o‘tkazildi.

Yuqoridagi kabi holatlarni deyarli har bir viloyatning har bir tumanidan misol keltirish mumkin.

Karantin cheklovlari kuchaytirilganidan so‘ng, yuqorida aytganimizdek 2 xil standart ishlay boshladi – qoidani buzgan oddiy xalq yoki tadbirkorga jazo tayin, ammo minglab odamlar hayotini xavf ostiga qo‘yayotgan mansabdorlarga kelganda hamma jim.

Masalan, Quvada kichik oshxona belgilangan muddatdan ozgina ko‘proq ishlagani uchun 12,5 mln so‘m jarimaga tortildi.

Buni qarangki, aynan ushbu tumanda 3 iyul kuni viloyat prokurori o‘rinbosari, tuman sektor rahbarlari va qishloq xo‘jaligi tizimidagi tashkilotlar rahbarlari tomonidan fermer xo‘jaliklari rahbarlari ishtirokida seminar o‘tkazilgan.

Yoki 28 iyun kuni Qashqadaryo viloyati transport boshqarmasi xodimlari viloyat IIB YHXB inspektorlari tomonidan Qarshi shahrida o‘zi niqobsiz bo‘lgan yoki niqobsiz yo‘lovchilarni olib yurgan haydovchilarga bayonnoma rasmiylashtirish holatini olaylik.

Qarshi shahar hokimi Normo‘min Xolboyev 3 iyul kuni Turkiyaning Maltepa shahri hokimini qabul qilib, mehmonlar bilan tashkil etgan uchrashuvida esa karantin qoidalari shunchaki unutib turilganiga guvoh bo‘lish mumkin.

Qani endi oddiy haydovchilarga kelganda ishlaydigan qonunlar tuman rahbarlariga nisbatan ham ishlasa. Yo‘q, bunday bo‘lishi mumkin emas, mabodo shunday bo‘lsa, karantin vaqtida amal qilayotgan 2 xil standartga barham berib qo‘yiladi. Kimsan hokim va sektor rahbarlarining oddiy aholidan farqi qolmay qoladi.

Oddiy mantiqni ishlatib, fikr yuritaylik, qay biri xavfliroq – 10-15 kishi uchun tamaddixona ochib, evaziga davlatga soliq to‘lashmi yoki yuzlab odamlarni yig‘ib davlat va jamiyat uchun biror tayinli foydasi bo‘lmagan tadbirlar o‘tkazishmi?

Davlatga soliq to‘laydigan tadbirkor ayni serdaromad vaqtda – 20:00da yemakxonasini yopishi kerak, bo‘lmasa koronavirus tarqalishi mumkin. Lekin ayni shu vaqtda yoshlarni bir joyga yig‘ib, konsert tashkil etilsa, koronavirus yuqmaydi. Masalan, Ashxobod sayilgohida 1-4 iyul kunlari estradaning bir qator yulduzlari ishtirokida konsert tashkil etilgani maxsus komissiya tomonidan xavfsiz deb hisoblanmoqda. Faqat shugina emas, bunday misollar butun respublika bo‘ylab topiladi.

Ashxobod sayilgohidagi konsert afishasi

5 iyulga kelibgina barcha turdagi ommaviy tadbirlarni o‘tkazish to‘xtatilishi ma'lum qilindi. Zora shu bilan barcha mantiqsizliklar yakun topsa.

Mavzuga oid