20:46 / 07.07.2021
9445

O‘zbekiston Afg‘oniston bilan yillik savdo aylanmasi hajmini 2 mlrd dollarga yetkazmoqchi

2023 yilga qadar O‘zbekiston va Afg‘oniston o‘rtasidagi yillik savdo aylanmasi hajmi 2 mlrd dollarga yetkazilishi rejalashtirilgan. 2020 yil yakunlariga ko‘ra, bu ko‘rsatkich 775 mln dollarni tashkil etgan.

O‘zbekiston 2023 yilga qadar Afg‘oniston bilan o‘zaro tovar aylanmasining yillik hajmini 2 mlrd dollarga yetkazishni hamda imtiyozli savdo shartnomasi imzolashni rejalashtirmoqda. Bu haqda Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi Kun.uz’ga ma'lum qildi.

Qayd etilishicha, ayni paytda Markaziy Osiyo davlatlari eksportining eng katta hajmi Afg‘onistonga to‘g‘ri keladi. Bunda mamlakatning geografik tuzilishi, O‘zbekiston va xalqaro moliya tashkilotlari ishtirokida so‘nggi yillarda yaratilgan transport infratuzilmasi muhim o‘rin tutadi.

2020 yil yakunida ikki davlat o‘rtasidagi savdo hajmi 775 mln dollarni, 2019 yilda esa 617 mln dollarni tashkil etgandi.

Manbaga ko‘ra, markaz direktori Obid Hakimov Markaziy va Janubiy Osiyo mamlakatlari o‘rtasidagi hamkorlikka doir anjumanda Afg‘onistondagi vaziyat barqarorlashishi muhimligiga to‘xtalgan. 

«Bu savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy aloqalarni o‘rnatish, Markaziy va Janubiy Osiyo mamlakatlari o‘rtasida transport-kommunikatsion o‘zaro aloqalarni mustahkamlash imkoniyatlarini kengaytiradi», degan u.

Shuningdek, manbada 2020 yilda ikki mintaqa o‘rtasidagi umumiy savdo aylanmasi 4,4 mlrd dollarni tashkil etgani keltiriladi. Bunda savdo aylanmasidagi eng katta ulush Qozog‘iston (52,8 foiz), O‘zbekiston (31,2 foiz) va Turkmaniston (10,4 foiz) hissasiga to‘g‘ri kelgan.

BCG xalqaro konsalting kompaniyasi hisobotida 2018 yildan keyingi 10 yil davomida to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb qilish bo‘yicha Markaziy Osiyo salohiyati 170 milliard dollargacha, shu jumladan, qayta ishlash sanoatiga 40-70 milliard dollarga qadar baholanmoqda. Bu davrda Janubiy Osiyo mamlakatlari importi qariyb 560 mlrd dollarni tashkil etishi ham prognoz qilingan.

«Albatta, bu Markaziy Osiyo davlatlari Janubiy Osiyo mamlakatlari importining belgilangan hajmini almashtirishi mumkin degani emas, lekin o‘zaro savdoda foydalanilmagan salohiyat mavjudligini ko‘rsatadi.

Masalan, 2019 yilda Janubiy Osiyo mamlakatlari 8,6 mlrd dollarlik kimyoviy o‘g‘itlar import qilgan. Shu bilan birga, Markaziy Osiyo mamlakatlari tashqi bozorga 384,3 mln dollarlik kimyoviy o‘g‘itlar eksport qildi, shundan atigi 32,3 mln dollari Janubiy Osiyo mamlakatlariga to‘g‘ri kelgan», – deya ta'kidlagan Obid Hakimov.

Tahlillarga qaraganda, Markaziy Osiyo davlatlari uchun oziq-ovqat mahsulotlari, xususan, bug‘doy, meva, sabzavot, dukkakli ekinlar hamda yong‘oqlar eksportini ko‘paytirish uchun hali amalga oshmagan imkoniyatlar mavjud.

O‘z navbatida, Yevropa Ittifoqining o‘zaro aloqa va kommunikatsiyalarni qurish bo‘yicha tajribasi Markaziy va Janubiy Osiyo davlatlari uchun alohida qiziqish uyg‘otishi mumkin.

Top