O‘zbekiston | 21:14 / 08.07.2021
42462
5 daqiqa o‘qiladi

Bojxona qoidalari: Chet elliklarga tegishli avtomobillarning O‘zbekistonda bo‘lish tartibi

«Bojxona qoidalari» ko‘rsatuvining navbatdagi sonida chet el mamlakatlarida ro‘yxatdan o‘tgan transport vositasini O‘zbekistonga olib kirish va olib chiqish tartibi haqida so‘z boradi.

Respublikaning turli hududlarida xorijiy avtoraqamlar bilan yurgan avtomobillar uchraydi. Ularning mamlakatga kirish-chiqish tartibi qanday? Davlat bojxona qo‘mitasi mas'ul xodimi Ma'rufjon Bo‘ronov ushbu savol bo‘yicha tartib-taomillarga oydinlik kiritadi.

– Hozirgi kunda xorijiy mamlakat fuqarolari avtotransport vositalari bilan O‘zbekistonga emin-erkin, hech qanday to‘siqlarsiz, to‘lovlarsiz bemalol kirib kelishi va o‘z yo‘nalishi bo‘ylab harakatlanishi, ya'ni ziyorat, to‘y-ma'raka, do‘st-qarindoshinikiga borishi hamda qaytib ketishi mumkin. Xorijiy avtotransport vositalarining O‘zbekistonda bo‘lish tartibi Bojxona kodeksida belgilab qo‘yilgan. Unga muvofiq, respublikada bo‘lish muddati cheklanmagan, faqatgina bepul harakatlanish muddati chegaralangan. Ya'ni, bir yil ichida 90 kun to‘lovsiz yura olishadi. Bundan oshsa Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 9 noyabrdagi qaroriga binoan ma'lum miqdorda to‘lov qilishlari kerak bo‘ladi.

Bir yilda 90 kun uzluksizmi yoxud yil davomidagi kunlar hisobida 90 kun bo‘lishi lozimmi?

– 90 kun muddat uzluksiz bo‘lishi shart emas, bir yil davomida bir necha marta kirib-chiqishi mumkin. O‘zbekistonda bo‘lish muddatining jami muddati bir yilda 90 kungachani tashkil etsa, hech qanday to‘lov amalga oshirilmaydi. Shu bilan birga, avtotransport egalari notijoriy maqsadda o‘z ehtiyojlari sabab kirgan bo‘lishi kerak.

Amaldagi tartib bo‘yicha chet el fuqarosi avtotransportda O‘zbekistonga kirib kelayotganda 90 kunga majburiyatnoma rasmiylashtiriladi. Shu 90 kundan oshgan har bir kun uchun belgilangan yig‘imlarni to‘lab, mamlakatdan chiqib keta oladi. Bojxona qo‘mitasining yagona avtomatlashtirilgan axborot tizimi bilan boshqa nodavlat protsessing xizmatlari integratsiya qilinishi natijasida majburiyatnoma muddati, to‘lovlarni amalga oshirish, bojxonaga ariza berish kabi xizmatlar barchasi raqamlashtirilgan.

Chet el fuqarosi bojxona organiga uchramasdan turib majburiyatnoma muddatini o‘zi istagan muddatga uzaytirishi va istalgancha to‘lovlarni amalga oshirishi mumkin. Shuningdek, yangi qonunga ko‘ra, agar e'tiborsizlik natijasida muddatini uzaytirmagan bo‘lsa, chiqib ketayotganda bojxona postida ixtiyoran to‘lovlarni bajarsa, unga nisbatan ma'muriy jazo qo‘llanilmaydi.

Davlat bojxona qo‘mitasi mas'ul xodimi Ma'rufjon Bo‘ronov

90 kundan oshgan har bir kun uchun to‘lov miqdori qancha?

– O‘tkazib yuborilgan har bir kun uchun BHM (bazaviy hisoblash miqdori)ning 0,7 foizi miqdorida to‘lov undiriladi. 245 ming so‘mdan har bir kun uchun 0,7 foiz 1 715 so‘mni tashkil etadi. Alohida qayd etish zarur, bunda avtotransport vositasining ot kuchi hisobga olinadi. Bu jarayonlar ham to‘liq avtomatlashtirilgan. Ya'ni, xorijiy davlat fuqarosi o‘z mobil telefoni orqali ham to‘lovni amalga oshira oladi. Bevosita bojxona idorasiga kelishi, ariza yozishi talab etilmaydi.

O‘zbekistonda yo‘l harakati qoidalarini buzsa...

Chet el fuqarolarining mamlakatimiz hududida yo‘l harakati qoidalarini buzishi bilan bog‘liq muammolar tartibga solingan. Bu yo‘nalishda IIV va Bojxona qo‘mitasi o‘zaro hamkorlik qiladi, axborot tizimlari integratsiya qilingan. Buning natijasida yo‘l harakati qoidalarini buzgan xorijliklar haqidagi ma'lumotlar bojxona organlari axborot tizimiga kelib tushadi. Va bojxona posti orqali chiqib ketayotgan vaqtda unga nisbatan belgilangan jarimalar undirib qolinadi.

Tranzit maqsadida foydalanayotgan avtotransportga O‘zbekiston kirish-chiqish postlari oralig‘ida transport turiga qarab qancha vaqt beriladi?

– Yuk avtotransport vositalari bojxona postlari orqali harakatlanganda amaldagi tartibga ko‘ra, qizil va yashil yo‘lak tizimidan foydalaniladi. Bir bojxona postidan ikkinchi postgacha harakatlanish vaqti masofadan kelib chiqib belgilanadi. Ilgari ushbu tartibni buzganlik uchun ma'muriy javobgarlik bor edi. Yangi tartibga binoan ma'muriy javobgarlik bekor qilindi. Lekin Vazirlar Mahkamasining qaroriga asosan belgilangan muddatga amal qilmasa va bunda uzrli sabablar mavjud bo‘lmasa, kechiktirilgan har bir kunga BHMning bir baravari miqdorida, ya'ni 245 ming so‘m yig‘im undiriladi. Alohida ta'kidlash kerak, BHM miqdori o‘zgarsa, mos ravishda to‘lov miqdorlari ham o‘zgaradi.

Mavzuga oid