Hozir “Langar”da yashaydigan aholining asosiy daromadi chorvadan, lekin qurg‘oqchilik sabab aholi daromadi yaxshi emas.

Chekka hududda joylashgan mahalla ahlining aytishicha, mehnat yoshiga yetgan yigitlar, asosan, chetdan ish izlaydi. Lekin bir paytlar “Langar” juda gavjum, hamma ish bilan band bo‘lgan.

Qo‘rg‘onchaga kirib borishda shundoq yo‘l ustida bir guruh obodonlashtirish xodimlari bilan uchrashdik. Shu mahalla ayollari bo‘lgan ishchilar biz bilan suhbatda yashab turgan joylarining o‘zida ish topish qiyinligi, shuning uchun ko‘pchilik xorijdan ish izlashi haqida gapirib berishdi.

“Ko‘pchilik Toshkentga, Rossiyaga, Qozog‘istonga ish izlab ketgan. Mahallada, asosan, yoshi kattalar, ayollar va bolalar qolgan. Bolalar otalarini ko‘rmasdan katta bo‘lyapti”, – dedi biz bilan suhbatda Nasiba O‘rolova.

Keyingi manzilimizda esa bizni qiziq sarguzasht kutib turgan ekan. Mahalla binosi oldida bizni ko‘rgan mahalla raisi “Langar” MFY hududiga kirish uchun hokimiyatdan maxsus ruxsatnoma olishimiz kerakligini, xizmat guvohnomamiz hech qanday ahamiyatga ega emasligini aytib, hududdan chiqib ketishimizni talab qildi.

Biz esa mahalla alohida ruxsatnoma olib kiriladigan hudud emasligini, aholi yashash punktlarida kamerada tasvirga olish uchun ruxsat talab qilinmasligini tushuntirishga harakat qildik.

Tuman markazidan uzoqdagi mahallada raislik qilayotgan Murodulla G‘aniyevni OAV va jurnalistlar huquqlari haqida yetarlicha xabardor emasligini to‘g‘ri tushunish mumkin, lekin mahalla raisi qo‘ng‘iroq qilib bog‘langan Xatirchi tumanining turli tashkilotlari rahbarlarining “Reportajga ruxsat bermang” deb buyruq ohangida bergan topshiriqlarini tushunish qiyin.

Xullas, ma'lum tushuntirishlardan so‘ng, mahalla hududida reportaj qilishni boshladik.