Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Tog‘ bag‘ridagi qishloq: Gulistonda bir kun
Namangan viloyatining Pop tumanidagi Guliston qishlog‘i tog‘ oralab 22 kmga cho‘zilgan. Ikki tog‘ orasi, soy bo‘yida joylashgan bu go‘sha betakror tabiati bilan mashhur. Yoz faslida dam oluvchilar bilan to‘lib-toshadigan qishloq havo harorati tushib ancha huvillab qolgan. Kun.uz 91 yoshni qarshilagan Ravzaxon aya Sultonova xonadonida mehmon bo‘lib, ularning kunlik yumushlari bilan tanishdi.
Ravzaxon aya yoshi bir joyga borib qolgan bo‘lsa-da ancha tetik. Ikki mushuk uning doimiy hamrohi. Onaxon pechka qurilgan, tashqari mo‘risidan burqsib tutun chiqayotgan uyda mushugini silab o‘tirardi:
“Besh nafar o‘g‘lim bor. Turmush o‘rtog‘im ancha ilgari vafot etgan. O‘g‘illarimni uyli-joyli qildim. Men bilan birga kenja o‘g‘lim Yoqubjon qolgan. U maktabda qorovul. Ikki bolasi bor: bir qiz, bir o‘g‘il. Motosikli bor. Unda yoz faslida mehmonlarni tog‘ga olib chiqib pul ishlaydi.

Asalariga qiziqib parvarish qilyapti. Asal yig‘ishtirganda hamma akalariga bir bankadan berdi. Ortib qolganini sotdi. Umri uzoq bo‘lsin. Topganiga baraka bersin. O‘g‘lim erta-yu kech meni parvarishlab duo oladi.
Boshimizdan ancha tashvishli kunlar o‘tgan. Qiyinchilik bilan o‘sganmiz. Urush vaqtida qorin to‘qlash azobini ko‘rdik. Kerak bo‘lsa, bir burda nonga zor bo‘ldik.


Harorat anchagina pasaydi. Uylar sovuq. O‘g‘lim o‘tin tayyorlab qo‘ygan. Boltada yorib-yorib pechkaga solib beryapti. Issiqqina o‘tiribman. Arzon ko‘mir tarqalishini kutib o‘tiribmiz. Yetmaganiga qo‘ldan sotib olib to bahorgacha pechka yoqamiz.
Mushuklarni yaxshi ko‘raman. 10 yildan ko‘p bo‘ldi. Kichkina mitticha edi. Bitta nevaram olib keldi birovnikidan. Acha shunday boqaylik, chiroyli ekan deb. Endi shuning ham bitta foydasi bordir. Payg‘ambarimizning qo‘llari tekkan bu jonivorga”, deydi Ravzaxon aya.
Onaxonning kenja o‘g‘lini asalari parvarish qilayotganda uchratdik:
“Qishlog‘imiz zo‘r. Havosi toza, sharqirab oqqan soyga ko‘pchilik havas qiladi. Maktabda qorovullik qilaman. Bo‘sh vaqtimda mototsikl haydab pul topaman. O‘tin to‘playman. Yetmaganiga sotib olamiz. Shunday qilib tirikchilik o‘tib turibdi.

Asalari boqaman. Tog‘ giyohlari va yantoqdan yaxshigina asal oldim bu yil. Hozir tabiatda shira qolmagan. Shuning uchun har bir asalari oilasiga banan beryapman. Banan tarkibida asalari uchun yaxshi ozuqalar bor. Banan asosan erta bahor va kuzda beriladi. Undan asalari asal ham oladi. Har uch kunda banan beramiz. Qarabsizki, asaldan banan ta’mi kelib turadi”, deydi Ravzaxon ayaning kenja o‘g‘li Yoqubjon Sultonov.
Gulistonliklar shaharda yashashni orzu qilmaydi. Ular qishloq hayotiga ko‘nikkan. Ular pechka qurilgani uyi, baland tog‘i va sharqiragan soyini hech narsaga alishmaydi...
Sarvar Ziyoyev,
Kun.uz
Operator va montajchi – Sardor Mamirov.
Mavzuga oid
08:22
Farg‘ona va Namanganda yer uchun pora olgan hokim yordamchilari ushlandi
14:29 / 02.12.2025
Yaponiya Namanganda robot-assistent xirurgiyasini joriy etadi
20:22 / 30.11.2025
Namanganda chiqindidan elektr energiyasi ishlab chiqaradigan zavod qurilishi boshlandi
17:40 / 20.11.2025