Sport | 20:36 / 11.07.2021
10965
9 daqiqa o‘qiladi

Panenkaning kashfiyoti, Ronalduning alam va quvonch ko‘z yoshlari, van Bastenning super goli. Tarixda qolgan 5ta yevrofinal

Muxlislarga kutilgan shiddatni taqdim eta olgan Yevro-2020da faqat g‘olib nomini aniqlash qoldi. Ya'ni, bizni desert kutmoqda. Italiya o‘z tarixida ikkichi marta, Angliya esa birinchi marta Yevropa chempionatini yutishi mumkin. Quyida Yevrolar tarixidagi qiziqarli finallarni yodga olamiz. Albatta, bu bizning talqin, kim uchundir boshqa final qiziqarliroq va hayajonliroq o‘tgan bo‘lishi mumkin.

Yevro-1992. Daniya – Germaniya 2:0

Shvetsiyada o‘tgan 1992 yilgi Yevropa chempionati futbol qoidalar va taxminlarga bo‘ysunmasligini yana bir bor isbotlagan. Aslida, guruhdagi natijalarga ko‘ra, Yugoslaviyadan ortda qolgan daniyaliklar musobaqaga bormasligi kerak edi. UYeFA Yugoslaviyani mamlakatdagi siyosiy beqarorlik sabab turnirdan chetlatgach, Daniya final bosqichiga chiqadi va hatto g‘alaba qozonadi.

Yarimfinalda ularga Niderlandiya raqiblik qiladi. Daniyaliklarning temir asablari ularga katta g‘alabani taqdim etadi. 90 daqiqa deyarli teng kurash bo‘lganiga qaramay, «uchar gollandlar» qo‘shimcha bo‘limlarda kuchli shturm uyushtirib, raqibni o‘z yarimmaydoniga «qamab qo‘yadi». Omad va darvozabon mahorati o‘yinni penaltilargacha olib boradi. Lotereyada esa Shmeyxelning mahorati hamda van Bastenning mashhur xatosi daniyaliklarni finalga olib chiqadi.

Germaniya musobaqa mezboni Shvetsiyani yengib, ikkinchi finalchi bo‘lgandi. Finalda Daniya bilan o‘ynaydigan Germaniya muxlislari o‘yin boshlanmay bayramni boshlab yuborishgandi. Biroq Daniya ham final rejasini tuzgan edi. Ha, bu davrdagi Daniya – Laudrup, Shmeyxel va Larsen kabi nomlar bilan ancha yulduzli ko‘rinish olgandi, biroq nemislar har qanaqasiga favorit edi.

Finalda Yensen va Vilfort tomonidan urilgan gollar Daniyani tarixiy chempionga aylantirdi. Dunyo siyosiy mojarolar o‘chog‘iga aylanib turgan paytda, Yevropa birinchiligining bu qadar quvnoq o‘tishi barchani xursand qilgani aniq. Albatta, ko‘hna qit'a grandlaridan tashqari.

Yevro-1976. Chexoslovakiya – G‘arbiy Germaniya 2:2 (penaltilar seriyasida 5:3)

Nyuton qonuni, Nobel mukofoti kabi iboralar inson nomi bilan bog‘liqligi unutilib ketgan darajada mashhur. Futbolda ham shunday ibora bor – Panenka zarbasi. Bugun bunday zarba berganlar dahoga chiqariladi, biroq birinchi bo‘lib kim bunday zarba yo‘llaganini doim ham eslayverishmaydi. Bu zarba aynan biz eslayotgan finalda kashf etilgandi.

Belgraddagi finalni Chexoslovakiya tezkor ikkita gol bilan boshlaydi va nemislar ularga birinchi taymdayoq bir marotaba javob qaytarishni uddalashadi. Yaxshiyamki, Xyolsenbayn 89-daqiqada hisobni tenglashtiruvchi golga mualliflik qilgan ekan, aks holda o‘sha mashhur penalti tepilmay qolardi. Ekstra taymlar 90 daqiqa ichida bir-biridan ancha hayiqib qolgan va kurashaverib tinkasi qurigan jamoalarning nisbatan nursiz hujumlari ostida kechadi.

Penaltilar seriyasida ham barchasi risoladagidek ketayotgandi. Uli Xyonessning xatosigacha, albatta. Yakuniy penalti oldiga yaqinlashgan 28 yoshli yarimhimoyachi Antonin Panenka u paytda hali mashhur emas, tepajak penaltisi o‘ziga qanchalik ulkan shuhrat olib kelishi mumkinligini tasavvur ham qilmagan bo‘lsa kerak. Nemislarning afsonaviy posboni Zepp Mayyer turgan darvozaga Chexoslovakiyaning oddiy futbolchisi bu qadar ishonch bilan zarba berishini kim o‘ylabdi deysiz. To‘pga yaqinlashgan Panenka Mayyerni darvozaning o‘ng tarafiga «ag‘anatadi». To‘p esa ohistagina to‘rga tashlab qo‘yiladi. Ha, musobaqadagi eng oxirgi zarba amalda eng zo‘ri bo‘lib chiqadi. Chexoslovakiya – chempion, Panenka – qahramon!

Yevro-2004. Portugaliya – Gretsiya 0:1

Futbol tarixidagi eng zo‘r finallardan biri. Axir Gretsiya har kuni chempion bo‘lib yuribdimi! Aslida bir o‘yinlik finallarda barcha narsa bo‘lishi mumkinligi tushunarli holat, ammo unda Figu, Ronaldu, Nunu Gomesh, Rui Koshta o‘ynayotgan jamoa Gretsiyaga yutqazishi chindan e'tiborli holat.

Ushbu mag‘lubiyatda portugallar Gretsiyaning omadini ro‘kach qilishdan avval o‘zlarini yaxshilab koyib qo‘ysalar arziydi. «A» guruhida birga kurash olib borgan jamoalarning 3-turdagi bahsi kutilmaganda Gretsiyaning 2:1 hisobidagi g‘alabasi bilan yakunlandi. Shu o‘yinda Ronaldu jamoadoshlari yunonlarni guruhda qoldirib ketishlari va finaldagi tragediyadan qutilib qolishlari mumkin edi. Biroq aynan ushbu mag‘lubiyat sabab Ispaniya ham guruhda qolib ketishga majbur bo‘ladi.

Musobaqa mezbonlari Portugaliya milliy jamoasi finalgacha bo‘lgan yo‘lni g‘oyat mardonavor tarzda bosib o‘tadi. Angliya bilan penaltilar seriyasidagi g‘alaba va Elder Poshtiganing Panenka uslubidagi zarbasi, yarimfinaldagi Niderlandiya ustidan qozonilgan g‘alaba (2:1). O‘z navbatida, Gretsiya ham chorakfinalda Fransiyani va o‘sha davrda hozirgidan ancha yulduzli tarkibga ega bo‘lgan Chexiyani yengib, finalga yetib keladi. Angelos Xristeasning 57-daqiqadagi goli Lissabon bir necha soniyaga jim qilib qo‘ygandi. Yosh Ronalduning ko‘z yoshlari bilan yodda qolgan Gretsiya g‘alabasi tarixdagi eng sensatsion finallardan biri, desak ham bo‘ladi. E'tiborlisi, ularning chempionlikni qo‘lga kiritishi uchun 7tagina gol yetarli bo‘ldi. Bu Yevropa chempionatlari tarixida rekord natija hisoblanadi.

Yevro-1988. Niderlandiya – SSSR 2:0

1988 yilgi Yevropa chempionati «uchar gollandlar»ning o‘z tarixidagi eng baland parvozi sifatida yodda qolgan. Uzoq yillar mobaynida kuchli futbol namoyish etib kelishiga qaramay, niderlandlar katta musobaqalar chempionligini qo‘lga kiritishga qiynalib keladi. Bu borada ularning Angliya bilan o‘zaro «raqobati» bor, desak ham bo‘ladi. Bu turnir Marko van Bastenga atalgandi. 31 yoshida faoliyatini yakunlagan Marko bungacha 3 ta «Oltin to‘p»ni o‘ziniki qilib olishga ulgurgandi. Guruh bosqichida Angliya darvozasiga yo‘llagan het-trigi va yarimfinalda mezbon Germaniyaga urgan gollari bilan barchani mahliyo qilgan forvard eng so‘nggi shedevrini Rinat Dasayev uchun saqlab qo‘yganini hech kim bilmasdi. Narigi qanotdan oshirilgan to‘p van Bastenning ijrosida shu qadar chiroyli tarzda darvozaga yo‘llanadiki, Yevropa chempionatlari tarixida bundanda mukammalroq va jozibaliroq golni topib berishingiz ancha mushkul kechadi.

Jamoalar guruh bosqichida ham o‘zaro to‘qnashishgan va o‘shanda SSSRning qo‘li baland kelgandi. Finalda ham «lolalar yurti» vakillari mag‘lub bo‘lganda, futbolda adolat yo‘q ekan, degan fikrga borib qolardik.

Yevro-2016. Portugaliya - Fransiya 1:0

Ha, o‘sha biz hali unutishga ulgurmaganimiz final Yevropa chempionatlari tarixidagi eng esda qolarlilaridan biri. Bu o‘ringa Ispaniyaning Italiya yoki Germaniya ustidan g‘alaba qozonib, chempionga aylangan birorta finalini qo‘yishimiz ham mumkin edi.    Biroq, del Boske va Aragones jamoasining chempionlikka erishgani mantiqan juda to‘g‘ri edi. Portugaliya o‘ziga xos kuchga ega bo‘lsa ham, finalda Fransiyaning imkoniyatlari juda yuqori baholanayotgandi. Turnir davomida ham faranglar ancha nomdor raqiblarni yengib, yakuniy bellashuvga yetib kelishgandi. Ustiga ustak, birinchi taymning o‘zida Ronaldu jarohat olib, maydonni tark etishga majbur bo‘ladi. Shunda barchaning ko‘nglidan hammasi tugadi degan fikr o‘tgan bo‘lsa ajab emas.

Krishtianu maydonda bo‘lmasa ham, murabbiyning yonida turib sheriklariga dalda bo‘lib turdi. U oqsoq oyog‘i bilan Fernandu Santushdan ham ko‘proq yurgandi. 109-daqiqada Ederning uzoq masofadan Loris darvozasiga urgan goli esa barchani shokka tushirib qo‘yadi. Krishtianu shu tunda ham alamdan, ham quvonchdan ko‘z yosh to‘kdi. U jamoasini finalgacha yetaklab olib kelgandi. Hal qiluvchi o‘yinda uni chetga chiqishga majbur etishdi. Biroq portugallar Ronaldu uchun ham jon berib o‘ynay boshlashdi, maydondagi barcha 11 futbolchi Ronalduga aylandi. O‘yin avvalida parijliklar chempion jamoaning bayrog‘i Eyfelda porlashini va'da qilib, katta ehtimol bilan Fransiya bayrog‘ini aks ettirishni reja qilishgandi. Ammo yakunda mashhur binoda Portugaliya bayrog‘i nur sochdi.

Abdulvosid Valixonov tayyorladi.

Mavzuga oid