Jahon | 23:57 / 13.07.2021
9081
2 daqiqa o‘qiladi

Imomali Rahmon BMT bosh kotibi bilan Afg‘onistondagi vaziyatni muhokama qildi

Tojikiston prezidenti Imomali Rahmon BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish bilan telefon suhbati o‘tkazib, Afg‘onistondagi vaziyatni muhokama qildi. Bu haqda Tojikiston prezidenti matbuot xizmati ma'lum qildi.

Foto: Tojikiston prezidenti matbuot xizmati

Suhbat davomida Afg‘onistondagi tomonlar o‘rtasida muzokaralar jarayoni boshlanishiga har tomonlama ko‘mak ko‘rsatish muhimligi ta'kidlab o‘tilgan.

Rahmon BMT 2030 yilgacha kun tartibiga qo‘yilgan vazifalarni bajarish, barqaror rivojlanish sohasidagi maqsadlarga erishish uchun samarali sa'y-harakatlarni amalga oshirishiga ishonch bildirgan.

Tojikiston prezidenti BMT bosh kotibiga Shanhay hamkorlik tashkilotiga a'zo davlatlar rahbarlarining sentyabrda Dushanbeda o‘tadigan yubiley yig‘ilishida ishtirok etishni taklif qilgan. 

Hozirda Afg‘onistonda amerikalik harbiylar olib chiqilishi ortida “Tolibon” harakatining faollashuvi kuzatilmoqda. Toliblar hukumat qo‘shinlariga hujumlar sodir etib, ko‘plab holatlarda ularni chekinishga majbur qilmoqda. 

5 iyulda Tojikiston chegara qo‘shinlari matbuot xizmati mingdan ko‘proq afg‘on harbiysi toliblar hujumidan chekinib, chegaraoldi hududlar orqali Tojikistonga o‘tganini ma'lum qilgan. Oxirgi 2 hafta ichida bunday holatlar bir necha marta yuz bergan. Tojik tomonining ta'kidlashicha, yaxshi qo‘shnichilik va Afg‘onistonning ichki ishlariga aralashmaslik tamoyilidan kelib chiqib, afg‘on harbiylariga Tojikistonga o‘tishga ruxsat berilgan.

Mavzuga oid