Jahon | 19:22 / 13.07.2021
6391
3 daqiqa o‘qiladi

JARdagi tartibsizliklar davomida 30dan ko‘proq odam halok bo‘ldi

Janubiy Afrika Respublikasida bir haftadan ko‘proq vaqtdan buyon tartibsizliklar davom etmoqda. Ular mamlakatning sobiq prezidenti Jyeykob Zumaga sud hukmi chiqarilgandan keyin boshlangan. JARda hozirga kelib zo‘ravonlik harakatlari oqibatida 32 kishi halok bo‘lgan, talon-torojliklar soni keskin oshib ketgan. Namoyishchilar mashina va do‘konlarga o‘t qo‘ymoqda.

JARni 2009 yildan 2018 yilgacha boshqargan 79 yoshli Zuma sudga hurmatsizlik ishi bo‘yicha 15 oyga ozodlikdan mahrum etildi. Dastlab u sud qarorini bajarishdan bosh tortgan, keyin esa politsiyaga taslim bo‘lib, turmaga jo‘natilgan. Sobiq prezident sud qarori bekor qilinishini so‘rab konstitutsiyaviy sudga murojaat qilgan, biroq hozircha uning iltimosi qondirilmagan.

Tartibsizliklar JARning ikki yirik provinsiyasi – mamlakatning aholisi eng ko‘p sonli Yoxannesburg va de-fakto poytaxti hisoblanuvchi Pretoriya shaharlarini qamrab olgan Gauteng hamda Durban shahrini o‘z ichiga olgan Kvazulu-Natalda to‘xtamayapti. Kvazulu-Natal bosh vaziri Sixle Zikalalaning ma'lum qilishicha, provinsiyada 26 kishi halok bo‘lgan. Ular asosan odamlar ko‘chalarga chiqqanda va oziq-ovqat do‘konlari hamda savdo markazlarini talaganda yuz bergan tiqilinchlarda halok bo‘lgan.             

Norozilik namoyishlari ortida marodyorlik holatlari ko‘paygan. Ijtimoiy tarmoqlarda joylanayotgan videolarda odamlar do‘konlarni talayotgani aks etgan.

Namoyishlar JARning qolgan 9ta provinsiyasiga hozircha tarqalmagan.

Politsiya tartibsizliklarni eplay olmayotgani sababli ularni bostirishga 2,5 ming harbiy jalb qilingan. Ko‘chalarga zirhli transportyorlar chiqarilgan, do‘konlar, AYoQShlar va hukumat binolari yopilmoqda. Namoyishchilar politsiyachilarga toshlar uloqtirmoqda, ular bunga javoban rezina o‘q qo‘llamoqda. Mamlakatda oxirgi voqealar yuzasidan 757 kishi hibsga olingan.

JAR politsiyasi vaziri Bxeki Sele “hech kimga demokratik davlatni tahqirlashga ijozat berilmasligini” aytgan.

Mavzuga oid