Sport | 22:45 / 14.07.2021
13704
7 daqiqa o‘qiladi

Tokioda Riodagi muvaffaqiyat takrorlanadimi? MOQ bosh kotibi Oybek Qosimov bilan suhbat

23 iyuldan XXXII yozgi olimpiada o‘yinlari start oladi. O‘zbekiston delegatsiyasi Tokioda o‘tadigan 4 yillikning eng yirik turniriga sportning 17 turidan 71 ta yo‘llanmani qo‘lga kiritgan. Xo‘sh, O‘zbekiston musobaqaga tayyormi? Riodagi kabi yuqori natijalar qayd etiladimi? Shu kabi savollarga javob olish uchun Milliy olimpiya qo‘mitasi bosh kotibi Oybek Qosimov bilan suhbatlashdik.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

– Oybek aka, O‘zbekiston 2016 yilgi Rioda o‘tgan yozgi Olimpiadada tarixdagi eng yaxshi natijasini qayd etdi. Birdan bunday o‘sishga qanday erishildi? Bu safar ham yuqori natijalar kutsak bo‘ladimi?

– 2012 yilgi London olimpiadasidagi muvaffaqiyatsiz ishtirok tahlil qilindi. Braziliyadagi olimpiada uchun dastur ishlab chiqildi. Har bir sport turiga moliyaviy mablag‘ ajratildi, homiylar biriktirildi. Munosib tayyorgarlik ko‘rildi. Natijada O‘zbekiston eng yaxshi natijasini qayd etib, 13 ta medal bilan umumjamoa hisobida 21-o‘rinni qo‘lga kiritdi.

Rioda faqat yakkakurashlarda medallar qo‘lga kiritgandik. Shu sababli Tokio olimpiadasigacha sport geografiyasini kengaytirishni maqsad qildik. Bu safar 71 ta yo‘llanma qo‘lga kiritildi, ayol lisenziatlar (30 nafar) soni borasida o‘sishga erishildi. Riodagi turnir bilan taqqoslasak, bu olimpiadada birinchi marotaba zamonaviy beshkurashdan vakillarimiz qatnashadi. Taekvondochilar ilk bor to‘liq tarkibda ishtirok etishadi, dzyudodan 11 ta yo‘llanmaga ega chiqdik. Lekin yengil atletika va jamoaviy sport turlarida ko‘zlangan maqsadga erisha olmadik. Shu o‘rinda paralimpiyaga 55 ta yo‘llanma qo‘lga kiritganimizni ham ta'kidlashni istardim. Bu – eng yaxshi natijamiz.

– Qo‘mita binosiga kirishda olimpiada uchun ishlab chiqilgan liboslarni ko‘rdik. Ular haqida ham ma'lumot bersangiz.

– Libos dizayni borasida maxsus tanlov e'lon qildik. Avval liboslarimiz oq-ko‘k ranglarda bo‘lardi, bu safar oq-yashil ranglardan va milliy naqshlardan foydalandik. Ularni mahalliy ishlab chiqaruvchilar taqdim etgan.

 

– Bokschi, dzyudochi va taekvondochilar kunchiqar yurtga yetib borishdi. Qolgan sport turlaridagi atletlar Yaponiyaga qachon uchishadi?

– Iqlimga moslashishdan kelib chiqdik. Bilasiz, Tokio iqlim va vaqt jihatidan (4 soatga) bizdan farq qiladi. Mutaxassislar bilan gaplashganimizda, moslashish uchun 4-5 kun kerak bo‘lishini aytishdi. Shuning uchun har bir sport turi uchun musobaqalar sanasiga qarab individual tarzda jadval ishlab chiqdik. Masalan, kurash musobaqalari keyinroq bo‘ladi. Shuning uchun ularni oldindan olib borishga ehtiyoj yo‘q. Asosiy delegatsiyamiz esa 19 iyul kuni maxsus reys bilan uchib boradi.

– Pandemiyani inobatga olsak, delegatsiyaning Tokioda yashashi qanday bo‘ladi?

– Turnirning tashkiliy masalalari ko‘p bor muhokama qilindi. So‘nggi qarorga ko‘ra, musobaqalarga hatto mahalliy muxlislar ham kiritilmaydigan bo‘ldi. Sportchilarga cheklovlar o‘rnatilgan: Olimpiya shaharchasidan chiqish mumkin emas. Begonalarning kirishiga yo‘l qo‘yilmaydi. Barcha belgilangan tartibga amal qiladi.

– Avvalgi olimpiadalardan keyin sovrindor sportchilarimizning ayrimlarida doping aniqlandi. Artur Taymazov, Soslan Tigiyev, Ruslan Nuriddinovni misol qilib keltirish mumkin. Bunday xatolar qaytarilmasligi uchun jiddiy tekshiruvlar, doping testlari o‘tkazildimi?

– 2017 yilda siz aytgan salbiy tajribadan kelib chiqqan holda, prezidentimizdan Antidoping agentligini tashkil etishni iltimos qildik. Bundan maqsad – sportchilarni doimiy kuzatib borish va ularga to‘g‘ri maslahatlar berish. Qariyb 4 yil davomida agentlik to‘g‘ri ishlar olib bordi.

Chempion tayyorlash uchun 8-10 yil vaqt ketadi. Shuncha tayyorgarlik ko‘rilsa-yu, yakunda qo‘lga kiritilgan medallar olib qo‘yilsa, bu achinarli holat. Shu nuqtayi nazardan agentlik tashkil etildi. Sportchilar monitoring qilib borilmoqda. Xudo xohlasa, bunday holatlar qaytarilmaydi.

– Odatda olimpiadalarda boks, dzyudo va kurashdan medallar qo‘lga kiritiladi. Rio olimpiadasidan keyingi 4-5 yil ichida yana qaysi sport turlari sovrinlar qo‘lga kiritish darajasiga chiqa oldi?

– O‘sish bor. Masalan, taekvondochilar hozirda yuqori sport formasida. Eshkak eshish, velosportda ham to‘g‘ri seleksiya ishlarini olib bordik, deb hisoblayman. Aslini olganda olimpiya o‘yinlarigacha yetib bordimi, demak, u allaqachon yuqori darajali sportchiligini isbotlay olgan. Barcha atletlarimizdan yaxshi natijalar kutib qolamiz.

– O‘zbekiston boks milliy jamoasidagi ayrim vazn vakillari borasida munozaralar ko‘paydi. Bu borada boks milliy jamoasi murabbiylari bilan yig‘ilish o‘tkazildimi yoki olimpiadadan so‘ng sarhisob qilinadimi?

– So‘nggi 4-5 yilda boks bo‘yicha deyarli barcha musobaqalarda umumjamoa hisobida 1-o‘rinni egallab kelyapmiz. Albatta, Shahram G‘iyosov, Hasanboy Do‘smatov va Bahodir Jalolov kabi sportchilarimizdan ilhomlanib, ko‘plab yoshlar boksga intilishmoqda. Ota-onalar ham farzandlarini asosan boks to‘garaklariga berishmoqda. Buni monitoring qilib ko‘rdik. Natijada hozirda milliy jamoaga da'vogarlar soni oshgan. Ayrim vaznlardagi bokschilarning kuchi teng. Lekin aynan kimlar borishini murabbiylar shtabi o‘zaro musobaqalar orqali aniqlab olishgan. Bunga aralasha olmaymiz. Natijani olimpiadada ko‘ramiz.

– Olimpiadaga yo‘llanma qo‘lga kiritilmagan bo‘lsa-da, futbol bo‘yicha ham bir savol bor edi. O‘zbekiston milliy jamoasi bosh murabbiyligiga nomzodlar orasida Temur Kapadze ham tilga olinmoqda. Kapadze milliy jamoaga murabbiy bo‘lsa, chiroyli o‘yinlar ko‘rsatayotgan va o‘z yo‘lida yaxshi ketayotgan «Olimpik»ning taqdiri nima bo‘ladi?

– «Olimpik» jamoasining tashkil etilishi juda ko‘p bahslarga sabab bo‘ldi. Xalqaro tajribani o‘rganib, bu qarorga keldik. Hozir Xitoy ham shu yo‘ldan ketmoqda. O‘yin amaliyotisiz qolib ketayotgan yoki Superliga jamoalari zaxirasida o‘tirgan futbolchilarni jamlab, ularni bir jamoa sifatida shakllantirishni maqsad qildik. Jamoa yomon o‘yin ko‘rsatmayapti, Pro-Ligada peshqadam. Klubning 80-90 foiz futbolchilari O‘zbekiston olimpiya jamoasining o‘zagini tashkil etadi. Shu yo‘sinda davom etsa, bu jamoa kelajakda Yaponiya, Janubiy Koreya bilan tengma-teng kurasha oladigan darajaga chiqadi.

Kapadze nomzodiga kelsak, milliy jamoaga nomzodlar yetarli. Fikrimcha, u hozirgi ishini davom ettirishi va jamoani Olimpiadaga olib chiqishga harakat qilgani ma'qul.

A'zamjon Izzatillayev suhbatlashdi.

Tasvirchi va montaj ustasi – Abdusalim Abduvohidov

Mavzuga oid