Mehnat safari bilan respublika viloyatlariga juda ko‘p borganman. Yo‘llarning umumiy ahvoli, yo‘l belgilarining talabga javob bermasligi, tungi vaqtlarda yorug‘lik qaytarmasligi, yo‘llarni ta'mirlash chog‘ida belgilangan masofalarda ogohlantirilmasligi, dabdurustdan juda yaqin masofa qolganda, yo‘lning bir qismi yopiq ekaniga duch kelish hollari ko‘p bo‘lgan. Alloh asrab, abjirlik qilib, transport vositasini qarshingizdagi to‘sindan olib qochsangiz, xo‘p-xo‘p, afsuski, shu to‘sinlar necha-necha insonlarning umriga zomin bo‘layotgani ham achchiq haqiqat.

Yo‘l chiziqlarining ahvoli haqida gapirmay qo‘ya qolgan ma'qul. Chiziqlar ko‘rinmasligini qo‘ya turaylik, ularning standart talablariga javob bermasligini qanday izohlash mumkin?

Biz Toshkent shahridagi ayrim shoxko‘chalar va mavzelar orasidagi yo‘llar hamda M39 xalqaro avtomobil yo‘lining Jizzax viloyati va Samarqand viloyati Jomboy tumanidan o‘tuvchi ayrim qismlari ahvoli misolida yo‘llar mavzusiga yana bir bor e'tibor qaratishni istadik.

Dastavval poytaxtning serqatnov ko‘chalaridan biri bo‘lgan Bunyodkor shoxko‘chasiga diqqat qaratmoqchimiz.

Ko‘pchilikka ma'lum, Bunyodkor shoxko‘chasining “Chilonzor”, “Mirzo Ulug‘bek” va “Novza” metro bekatlari joylashgan chorrahalarida ko‘priklar barpo etildi. Bu yaxshi, baraka topishsin. Lekin, bu ko‘priklarning ustiga chizilgan sidirg‘a chiziqlar 3 xil standartda desam, ishonasizmi?

Unda quyidagi tasvirlarga e'tibor qiling-a. Ketma-ket keladigan uch ko‘prik ustiga chizilgan sidirg‘a chiziqlarning uzunligi uch xil. Chilonzor chorrahasidagi ko‘prik ustiga chizilgan sidirg‘a chiziq salkam 200 metr, “Mirzo Ulug‘bek” chorrahasidagi ko‘prikka chizilgan chiziq naq 670 metr, “Novza” chorrahasidagi ko‘prik ustidagi chiziq 370 metr. Bunda “Mirzo Ulug‘bek” ko‘prigidagi 1.1 sidirg‘a chiziq haddan ortiq uzun chizilganki, Cho‘ponota ko‘chasiga burilmoqchi bo‘lgan haydovchi ko‘prikka yetmasdan ancha oldinroq o‘ng chekka qatorni egallashi lozim. Aks holda, u sidirg‘a chiziqni bosishi aniq.

Xo‘sh, yo‘l belgilari sifati va yotiq yo‘l chiziqlari xususida mutaxassis nima deydi? Oliy Majlis Senati Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasining Ekspertlar kengashi a'zosi Nosirjon Zokirov yo‘l belgilari va yo‘l chiziqlari haqidagi fikrlarini bildirdi.

“Men mutaxassis va haydovchi sifatida aytishim mumkinki, yo‘llarning ahvoli, to‘satdan uchrab qoladigan chuqurliklar, yo‘l belgilari, yo‘l chiziqlari talabga javob bermaydi. Avtomaktablarda yo‘l belgilari va yo‘l chiziqlari yo‘l harakati ishtirokchilarining “muloqot tili” deb o‘qitiladi. Yo‘l belgisi yetishmasa, yo‘l chizig‘i noto‘g‘ri chizilgan bo‘lsa, haydovchi o‘sha joyda yo‘l-transport hodisasini keltirib chiqarish ehtimoli bo‘ladi.