O‘zbekiston | 19:11 / 18.07.2021
33058
3 daqiqa o‘qiladi

Emlanganlarda qancha vaqtda koronavirusga qarshi turg‘un immun tizimi shakllanishi bo‘yicha izoh berildi

Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati rahbari o‘rinbosari Nurmat Otabekovning aytishicha, ishlab chiqaruvchilarning tavsiyasiga ko‘ra, o‘zbekistonliklar «Sputnik V» va AstraZeneca vaksinalari bilan ikki marotaba, ZF-UZ-VAC 2001 vaksinasi bilan uch marotaba emlanmoqda.

«Shu o‘rinda aytib o‘tishim kerakki, ko‘pchilik bir marta emlanganidan so‘ng kichik nojo‘ya ta'sir alomatlari namoyon bo‘lsa, deylik, ozgina harorati ko‘tarilsa, holsizlansa yoki emlangan joyida og‘riq paydo bo‘lsa, keyingi emlashni olmayman, degan fikrlarga ham boryapti. O‘zi emlash nima uchun ikki-uch marta amalga oshiriladi? Bundan maqsad – organizmdagi immunitet darajasini yuqoriroq darajaga chiqarish, qolaversa, immunitet tarangligini turg‘un holatga keltirish.

Demak, har bitta vaksinani ishlab chiqaruvchi tashkilotning taklifiga binoan, emlash amaliyoti ikki yoki uch bosqichda o‘tkazilmoqda. O‘zbekistonda qo‘llanayotgan «Sputnik V» vaksinasi bilan 21 kun oralatib ikki marta, AstraZeneca vaksinasi bilan 28 kun oralatib ikki marta, O‘zbekiston-Xitoy hamkorlikda ishlab chiqarayotgan ZF-UZ-VAC 2001 vaksinasi bilan 30 kun oralatib, uch marta emlash tatbiq etilgan.

Ko‘pchilikda savol tug‘ilmoqda: Nima uchun o‘zbek-xitoy vaksinasi bilan uch marta emlanyapmiz? Bu vaksinaning klinik sinov jarayonlarida O‘zbekiston Respublikasi olimlari ham, ko‘ngilli ravishda fuqarolarimiz ham ishtirok etishgan. O‘sha paytda izlanishlar shuni ko‘rsatdiki, ikkinchi marta emlangandan keyin hosil bo‘lgan immunitet darajasi uch marta emlangan paytda yana olti foizga yaxshilandi. Demak, aholining immuniteti yana olti foizga yaxshilanganini e'tiborga olib, ushbu kasallikka qarshi uch marta emlash joriy qilindi», degan Nurmat Otabekov «O‘zbekiston 24» telekanaliga bergan intervyusida.

Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati rahbari o‘rinbosari emlangan fuqarolarda qancha vaqtdan so‘ng koronavirusga qarshi turg‘un immun tizimi shakllanishiga ham to‘xtalib o‘tdi.

«Hozir ushbu vaksina bilan Xitoy davlatida ham emlash tadbirlari amalga oshirilyapti. Xitoy xalq respublikasida mazkur vaksina bilan favqulodda holatlarda emlashga ruxsat berilgan. Hozirning o‘zida Xitoyning 100 milliondan ko‘proq aholisi ZF-UZ-VAC 2001 vaksinasi bilan emlangan.

Biz ikki yo uch doza olib bo‘lganimizdan so‘nggina to‘liq emlangan hisoblanamiz. To‘liq emlanganimizdan keyin bir yarim ikki, ba'zan to‘rt oydan so‘ng haqiqiy turg‘un immunitet shakllanadi. Endi u immunitetni o‘rganib borish barobarida uning nechog‘lik turg‘un ekaniga baho berishimiz mumkin bo‘ladi», deydi Nurmat Otabekov.

17 iyul kuni O‘zbekistonda koronavirusga qarshi to‘liq emlangan fuqarolar soni 1 milliondan oshdi. Sog‘liqni saqlash vazirligining ma'lum qilishicha, ayni kungacha mamlakatda jami 5,6 mln doza vaksinadan foydalanildi.

Mavzuga oid