Jahon | 23:41 / 22.07.2021
24206
2 daqiqa o‘qiladi

Shifokorlar koronavirusga chalinganlarda antitana bir yildan ko‘proq saqlanishini aytishdi

Finlandiya sog‘liqni saqlash va ijtimoiy taraqqiyot milliy instituti olimlari koronavirusga qarshi antitana bir yildan ko‘proq vaqt davomida saqlanishini ma'lum qilishdi.

Foto: Pexels

“Finlandiya sog‘liqni saqlash va ijtimoiy taraqqiyot milliy instituti tomonidan o‘tkazilgan tadqiqotga ko‘ra, COVID-19 bilan kasallanganlarning aksariyatida antitana bir yildan keyin paydo bo‘lgan”, deyiladi institut xabarida.

Olimlarning ta'kidlashicha, kasallanishdan bir yil o‘tgach tadqiqotning 97 foiz ishtirokchisida koronavirusning eng yuqori oqsillarini tanuvchi IgG antitanalari aniqlangan.

Ma'lumot berilishicha, ko‘pchilikda antitanalar topilgan bo‘lsa-da, bemorlar sog‘ayganidan bir yil o‘tgach ularning darajasi olti oy avvalgidan taxminan uchdan bir qismga kamayib ketgani aniqlangan.

Shuningdek, tadqiqot davomida antitanalarning yangi shtammlarni zararsizlantirish qobiliyati ham o‘rganilgan. Ma'lum bo‘lishicha, COVID-19ga chalinib tuzalgandan so‘ng shakllanadigan antitananing “alfa” shtammidan himoyalash darajasi “biroz pastroq”, “beta” va “delta” shtammlaridan himoyalash imkoniyati esa “sezilarli darajada past” bo‘lgan.

“Tadqiqot natijalari shuni ko‘rsatadiki, koronavirus bilan kasallanishdan keyin antitanalar soni yuqori bo‘lgan taqdirda yangi infeksiyalarga nisbatan himoya qobiliyati va inson organizmidagi antitanalar uzoq vaqt davomida saqlanib qoladi”, – deydi institut vakili Merit Melin.

Avvalroq O‘zbekiston Koronavirusga qarshi kurashish shtabi a'zosi Barno Abdusamatova virus yengil tarzda o‘tkazilsa, antitanalar miqdori ko‘p bo‘lmasligini ma'lum qilgandi.

Amerikalik olimlar esa koronavirusni boshdan kechirganlarda umrbod immunitet shakllanishi mumkinligini aytishgan.

Mavzuga oid