O‘zbekiston | 14:03 / 27.07.2021
3277
2 daqiqa o‘qiladi

Qarshidagi supermarketga kelib, xodimlarga pichoq bilan tahdid qilgan shaxsga jinoiy ish qo‘zg‘atildi

Ijtimoiy tarmoqlarda «Qarshida pichoqbozlik» sarlavhasi ostida video tarqalgan. Mazkur videoda tasvirlangan holat bo‘yicha viloyat IIB axborot xizmati munosabat bildirdi.

Munosabatda ma'lum qilinishicha, 2021 yil 24 iyul kuni soat 16:30larda Qarshi shahar «Charmgar» MFYda yashovchi, voyaga yetmagan P.S. Qarshi shahrida joylashgan supermarketlardan birida sotuvchi bo‘lib ishlovchi D.S.ning oldiga kelib, jamiyatda yurish-turish qoidalarini qasddan mensimasdan, jamoat joyida qo‘pol so‘zlar bilan uni haqorat qilgan.

Shu vaqtda P.S.ning noo‘rin xatti-harakatlari oldini olmoqchi bo‘lgan supermarket qo‘riqchisi X.J.ga o‘zi bilan olib kelgan oshxona pichog‘i bilan tan jarohati yetkazmoqchi bo‘lgan. Natijada P.S. supermarket xodimlari tomonidan to‘xtatib qolingan.

Qayd etilishicha, joriy yil 24 iyul kuni mazkur holat yuzasidan Qarshi shahar IIO FMB 3-sonli IIB huzuridagi Tergov bo‘linmasi tomonidan P.S.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 277-moddasi 3-qismi «g» bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

Mavzuga oid