Jahon | 20:33 / 28.07.2021
8670
2 daqiqa o‘qiladi

1 sentyabrdan Rossiyaga borayotgan o‘zbekistonliklar maxsus ilovadan foydalanishi majburiy bo‘ladi

Ozarboyjon, Moldova, Tojikiston va Turkmaniston fuqarolari ham mazkur ilovadan foydalanishiga to‘g‘ri keladi.

Foto: d-russia.ru

O‘zbekiston laboratoriyalari «Puteshestvuyu bez COVID-19» («COVID-19siz sayohat qilaman») ilovasiga qo‘shildi, deb xabar bermoqda  Yevrosiyo taraqqiyot banki (YeOTB) matbuot markazi.

Xabarda aytilishicha, 2021 yil 1 sentyabrdan boshlab ushbu ilovadan foydalanish Rossiyaga borayotgan o‘zbekistonliklar uchun majburiy bo‘ladi. Ozarboyjon, Moldova, Tojikiston va Turkmaniston fuqarolari ham mazkur ilovadan foydalanishiga to‘g‘ri keladi.

“YeOTB Raqamli tashabbuslar jamg‘armasi tomonidan ishlab chiqilgan ushbu ilovaning vazifasi koronavirus pandemiyasi sharoitida fuqarolarning mamlakatlar o‘rtasida erkin va xavfsiz harakatlanishini ta'minlashdan iborat. Raqamli yechim kasallik tarqalish xavfini kamaytiradi va davlatlararo darajada ishonchli boshqaruv tizimini ta'minlaydi”, deyiladi xabarda.

Ta'kidlanishicha, transchegaraviy ma'lumotlar almashinuvi chog‘ida fuqarolarning shaxsiy ma'lumotlari uzatilmaydi.

Ilovada tahlil natijalarini ko‘rish uchun belgilangan laboratoriyalarda PZR-testini topshirish kerak bo‘ladi. Ma'lumot berilishicha, PZR testini 87ta punktda topshirish mumkin. Eng yaqin punktlarning to‘liq ro‘yxati bilan esa ilova orqali tanishish mumkinligi aytilmoqda.

Qayd etilishicha, bugungi kunda ushbu ilovadan Rossiyaga kirishda Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqiga a'zo mamlakatlar – Armaniston, Belarus, Qozog‘iston va Qirg‘iziston fuqarolari faol foydalanmoqda.

Ilovani App Store, Google Play va AppGallery (Huawei ilovalar do‘koni)da yuklab olish mumkin.

Дилшод Аскаров
Tayyorlagan Дилшод Аскаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid