O‘zbekiston | 17:50 / 29.07.2021
6258
3 daqiqa o‘qiladi

20 mingdan ziyod fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar qachon fuqarolikka qabul qilinishi bo‘yicha izoh berildi

Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasining 28 iyul kuni bo‘lib o‘tgan majlisida senator Rustam Kalonov O‘zbekiston hududida 15 yildan beri yashayotgan, lekin fuqarolik berilmayotgan shaxslar 20 mingdan oshishi, biroq hozirgacha faqatgina 2400 kishiga fuqarolik berilganini tanqid qildi. IIV mas'ul xodimining aytishicha, tegishli tartibda murojaat qilgan shaxslargagina fuqarolik beriladi.

«Prezidentning parlamentga murojaatidan keyin IIV tomonidan O‘zbekiston Fuqarolik to‘g‘risidagi qonunining 6-moddasiga o‘zgartirish kiritildi. Unda 1995 yilgacha respublikaga kelib doimiy ro‘yxatdan o‘tgan fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar fuqarolik olishi ko‘zda tutilgan edi. O‘zgartirishdan so‘ng 2005 yilgacha va undan keyin O‘zbekiston hududida doimiy ro‘yxatda turgan fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarga fuqarolikni tan olish masalasi kiritildi.

Ro‘yxatlar shakllantirilgan, unga 20 ming 570 nafar fuqaroligi bo‘lmagan shaxs murojaat qilgan taqdirda ularga fuqarolik beriladi. Bugungi kunda 12 ming 984 kishi murojaat qilgan, ularning 4019 nafariga ID-kartalar rasmiylashtirildi, qolgani o‘rganish jarayonida turibdi.

Qonunga ko‘ra, fuqarolikni tan olish bo‘yicha belgilangan muddat – 3 oy. Lekin 3 oyni kutmasdan 1 oy ichida ID-kartalar rasmiylashtirib berildi», deya IIV Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bosh boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari podpolkovnik Shuhrat Xo‘jayevning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

16 iyun kuni prezident Shavkat Mirziyoyev «O‘zbekiston Respublikasining fuqaroligi to‘g‘risida»gi qonunga qo‘shimcha va o‘zgartishlar kiritish haqidagi qonunni imzolagan edi. Unga ko‘ra, 2005 yil 1 yanvarga qadar O‘zbekistonda doimiy yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatga olingan hamda muqaddam chet davlat fuqaroligida bo‘lmagan shaxs xohish bildirgan taqdirda, O‘zbekiston fuqarosi deb tan olinadi. Shuningdek, qonun bilan O‘zbekistonda tug‘ilgan fuqaroligi bo‘lmaganlarga fuqarolik olish uchun uzluksiz 5 yil yashash talabi bekor qilingan.

Bundan tashqari, ota-onasidan biri (yolg‘iz otasi yoki onasi) O‘zbekiston fuqarosi deb tan olingan, chet davlat fuqaroligini qabul qilmagan va O‘zbekistonda yashab kelayotgan bola xohish bildirgan taqdirda, O‘zbekiston fuqarosi deb tan olinadi.

Ma'lumot uchun, davlat dasturida 2021 yil 1 maydan O‘zbekistonda 15 yil doimiy yashab kelgan shaxslarga fuqarolik berilishi aytilgandi. Biroq mazkur topshiriq ijrosi yuqoridagi qonunni qabul qilish kechikkani tufayli ortga surildi.

Eslatib o‘tamiz, 2020 yil 13 mart kuni imzolangan «O‘zbekiston Respublikasining fuqaroligi to‘g‘risida»gi qonun bilan, 1995 yilga qadar O‘zbekistonga kelgan va shundan buyon mamlakatda muqim yashayotgan shaxslarga avtomatik tarzda fuqarolik berilishi belgilanib, bu yangilik ortidan 2020 yilda 8310 nafar fuqaroligi bo‘lmagan shaxs O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligiga qabul qilingan.

Mavzuga oid