O‘zbekiston | 17:43 / 06.08.2021
8120
3 daqiqa o‘qiladi

Go‘sht va sut qimmatlashgan, kartoshka va tuxum arzonlagan. Asosiy oziq-ovqat mahsulotlarining 7 oylik narxlar sharhi e'lon qilindi

Joriy yilning yanvar-iyul oylarida o‘rtacha narxlarning oshishi mol go‘shti, sut, o‘simlik yog‘i, guruch, bug‘doy uni va shakar kabi mahsulotlarda qayd qilingan. O‘tgan davrda kartoshka va tuxum narxlari pasaygan.

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi (CERR) 2021 yilning 6 yanvaridan 7 iyuligacha bo‘lgan davrda O‘zbekistonda asosiy oziq-ovqat mahsulotlariga bo‘lgan narxlarning viloyatlar, tumanlar va shaharlar bo‘yicha o‘zgarishi tahlilini amalga oshirdi.

Joriy yilning yanvar-iyul oylarida respublikada o‘rtacha narxlarning oshishi mol go‘shti, sut, o‘simlik yog‘i, guruch, bug‘doy uni va shakar kabi asosiy oziq-ovqat mahsulotlarining barchasida qayd qilingan.

Hududlar kesimida narxlarning eng katta o‘sishi quyidagilar uchun qayd etildi:

mol go‘shti Xorazm (12,2 foiz), Surxondaryo (7,9 foiz), Farg‘ona (7,7 foiz), Qashqadaryo (6,9 foiz), Samarqand (6,5 foiz), Toshkent (6,5 foiz) va Jizzax (6 foiz) viloyatlarida;

sut Navoiy (72,8 foiz), Qashqadaryo (28,3 foiz), Toshkent (28,3 foiz), Andijon (11 foiz), Farg‘ona (10,6 foiz) viloyatlarida, shuningdek, Toshkent shahrida (11,5 foiz);

shakar Qashqadaryo (19,9 foiz), Toshkent (19,9 foiz), Farg‘ona (19,5 foiz), Surxondaryo (19,6 foiz), Namangan (19,2 foiz) va Sirdaryo (18,6 foiz) viloyatlarida;

o‘simlik yog‘i Samarqand (47,4 foiz), Qashqadaryo (42,6 foiz), Sirdaryo (40 foiz), Jizzax (38,5 foiz), Toshkent (38 foiz) va Buxoro (35,2 foiz) viloyatlarida;

un Jizzax, Surxondaryo (12,7 foiz), Farg‘ona (12,1 foiz), Namangan (9,4 foiz), Xorazm (8,1 foiz) viloyatlarida va Qoraqalpog‘iston Respublikasida (11 foiz);

guruch Toshkent (4,8 foiz) va Farg‘ona (4,9 foiz), Navoiy (2,8 foiz) viloyatlarida.

Shuningdek, ko‘rib chiqilayotgan davrda kartoshka va tuxum narxlarining pasayishi kuzatilgan.

Respublika miqyosida bir kilogramm kartoshka uchun o‘rtacha narx iyul oyi boshida 17,4 foizga kamayib, 3 ming 280 so‘mni tashkil etgan. O‘rtacha narxlar Surxondaryo viloyatida kilogrammiga 1 ming 900 so‘mdan Toshkent viloyatida 4 ming 894 so‘mgacha bo‘lgan.

Tuxumning o‘rtacha narxi 13,8 so‘mga pasayib, 7 iyul holatiga ko‘ra, o‘ntasi 9 ming 740 so‘mni tashkil etgan. O‘rtacha narxlar darajasi Surxondaryo viloyatida 8 ming 772 so‘mdan Toshkent shahrida 11 ming 446 so‘mgacha sotilgan.

Mavzuga oid