16:16 / 09.08.2021
10131

Toshkentda qalbaki «Remdesivir» dorisini tayyorlab sotayotgan shaxslar ushlandi

Toshkent shahrida qalbaki “Pandovir 100 (Remdesivir)” dori vositasini tayyorlab sotayotgan shaxslarning kirdikorlari fosh bo‘ldi, deb xabar qilmoqda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti.

Qayd etilishicha, departament hamda Davlat soliq qo‘mitasining Yunusobod tumani bo‘limlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda, fuqaro D.A. va boshqalar oldindan til biriktirib “Bactopraz-S” dori vositasi yorlig‘ini o‘zgartirish orqali tayyorlangan qalbaki “Pandovir 100 (Remdesivir)”dori vositasining har birini 500 ming so‘mdan hisoblab, to‘lovni AQSh dollarida amalga oshirishga kelishib, 100 dona qalbaki “Pandovir 100 (Remdesivir)” dori vositasini 4 700 AQSh dollariga sotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Shuningdek, tadbir davomida yuqoridagi dori vositalari Chilonzor tumani, Muqimiy ko‘chasidagi xonadonlardan birida tayyorlangani aniqlanib, ushbu xonadondan 23 turdagi qalbaki dori vositalari hamda 500 dona yorliqlar ashyoviy dalil sifatida olingan. 

Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 186-3-moddasi (sifatsiz yoki qalbakilashtirilgan dori vositalarini yoxud tibbiy buyumlarni o‘tkazish maqsadida ishlab chiqarish, tayyorlash, olish, saqlash, tashish yoki o‘tkazish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

Top