Jamiyat | 19:33 / 10.08.2021
3125
3 daqiqa o‘qiladi

Samarqand viloyatidagi bir qator muassasalarda budjet mablag‘lari talon-toroj qilingani holati bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atildi

Aksilkorrupsiya agentligi tomonidan Samarqand viloyatidagi bir qator muassasalarda budjet mablag‘lari talon-toroj qilingani aniqlangan. Mazkur holatlar bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atilgan. Yana bir qator holatlar bo‘yicha tergovga qadar tekshiruv ishlari olib borilmoqda.

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi matbuot xizmatining ma'lum qilishicha, agentlik tomonidan Samarqand viloyatidagi davlat muassasalarida budjet to‘g‘risidagi qonun hujjatlarining buzilishi holatlarini aniqlash, bartaraf etish va budjet sohasida korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarning oldini olish borasida amalga oshirilgan ishlar, shuningdek, tizimda korrupsion holatlarni keltirib chiqarayotgan omillar o‘rganilgan.

O‘rganish davomida hududdagi budjet tashkilotlari tomonidan xodimlarga ish haqi va unga tenglashtirilgan boshqa to‘lovlarni to‘lash hamda qurilish uchun ajratilgan mablag‘larni soxta hujjatlar asosida talon-toroj qilish holatlari mavjudligi fosh etilgan.

Jumladan, Respublika ixtisoslashtirilgan Onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Samarqand filiali mansabdor shaxslari 54 nafar ishchi-xodimga 175 million so‘mlik tug‘uruqqacha va tug‘uruqdan keyingi ta'til, kasallik varaqasi va mehnat ta'tili hamda ustama pullarini asossiz hisoblash orqali davlat budjetining juda ko‘p miqdordagi mablag‘larini rastrata qilish yo‘li bilan talon-toroj qilgan.

Shuningdek, Samarqand shahar 3-son tug‘uruq majmuasi tomonidan xodimlarga ish haqi sifatida 50 million so‘m va Narpay tuman obodonlashtirish boshqarmasida jami 29 million so‘m budjet mablag‘lari qonun talablariga rioya qilinmagan holda tasarruf etilgani aniqlangan.

Qayd etilishicha, agentlik tomonidan o‘tkazilgan o‘rganishlar davomida viloyatdagi budjet muassasalarida jami 563 million so‘mlik budjet mablag‘lari talon-toroj qilingan.

Ta'kidlanishicha, viloyat prokuratura idoralari tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruv natijalariga ko‘ra mazkur holatlar bo‘yicha Jinoyat kodeksining 167-moddasi 3-qismi va boshqa moddalar bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Hozirda viloyatdagi boshqa muassasalarda aniqlangan holatlar yuzasidan tergovga qadar tekshiruv ishlari davom etmoqda.

Mavzuga oid