Jahon | 07:51 / 10.08.2021
5813
3 daqiqa o‘qiladi

Xitoylik jurnalistlar AQShni koronavirus haqidagi ma'lumotlarni yashirishda aybladi

Global Times China nashrining yozishicha, AQShda koronavirus yuqtirish bilan bog‘liq ilk holatlar virusning Uhanda avj olishidan ancha oldin yuz bergan.

Foto: Global Look Press

Xitoylik jurnalistlarning ta'kidlashicha, hozirda AQShda koronavirus tarqalishi markaziga aylangan Floridada 2020 yil may oyida 171 bemor haqidagi ma'lumotlar yo‘qolib qolgan. Keyinroq ushbu ma'lumotlar tiklangan, biroq ulardagi kasallik alomatlari haqidagi ma'lumotlar maxfiylashtirilgan. Maqola mualliflarining aytishicha, ushbu bemorlarda koronavirus alomatlari 2020 yil yanvar-fevralida kuzatilgan. Ya'ni bu Floridada mahalliy hukumat ilk kasallanish holatlari haqida ma'lum qilishidan bir oy oldinroq yuz bergan.    

“Kamida 26 kishida kasallik alomatlari 2019 yil dekabr oxiri va 2020 yil yanvarda paydo bo‘lgan, ulardan kamida 8 nafari sayohat qilmagan va boshqa kasallanganlar bilan aloqada bo‘lmagan. Floridadagi ilk kasallanish holatlari Uhandagidan oldinroq yuz bergan bo‘lishi mumkin, biroq o‘shanda AQSh ularni koronavirus deb baholamagan yoki ataylab buni rad etgan”, deb aytgan olim Erik Toner.

Jurnalistlarning ta'kidlashicha, AQSh hukumati haqiqatni bilishga uringanlarning “ovozini o‘chirishga” harakat qilgan. Ular bunga misol sifatida Floridadagi bemorlar haqidagi ma'lumotlar bilan manipulyatsiya qilishdan bosh tortgan amerikalik tahlilchi Rebekka Jons uyiga politsiya kelganini hamda uning uyidagi butun texnikani olib chiqib ketganini keltirib o‘tishgan.

Uhan universiteti virusologi Yan Chjansyuning ta'kidlashicha, Vashington “pandemiyani siyosiylashtirish va bunda Xitoyni yomonotliq qilish” maqsadida koronavirus haqidagi axborotni yashirgan bo‘lishi mumkin. Uning aytishicha, amerikalik siyosatchilar AQShdagi og‘ir epidemiologik vaziyatga ko‘z yumib, bo‘hton tarqatish bilan shug‘ullanmoqda.

5 avgust kuni AQSh Uhan virusologiya instituti laboratoriyasida o‘rganilgan 22 ming virus haqidagi ma'lumotlarni qo‘lga kiritgani ma'lum bo‘ldi. AQSh razvedkasi ushbu ma'lumotlarni qachon va qay yo‘sinda qo‘lga kiritgani noma'lum.

Ta'kidlanishicha, ushbu axborot xitoylik amaldorlar tomonidan 2019 yil sentyabrda o‘chirib tashlangan. O‘shandan beri Xitoy ushbu ma'lumotlarni JSSTga berishdan bosh tortib kelgan.

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid