Jahon | 23:30 / 13.08.2021
10058
2 daqiqa o‘qiladi

AQShning oq tanli aholisi 1790 yildan beri birinchi marta qisqardi

Foto: AP

AQShda aholini navbatdagi ro‘yxatga olish natijalari e'lon qilindi. Ularga ko‘ra, AQShning ispan tilida so‘zlashmaydigan oq tanli aholisi mamlakatda eng katta etnik guruh bo‘lib qolmoqda. Biroq ushbu guruh vakillari 10 yil ichida, ya'ni 2010 yildan 2020 yilgacha 8,6 foizga qisqarib, ayni vaqtda AQSh aholisining 57,8 foizini yoki 204,3 mln kishini tashkil qilmoqda.

Ta'kidlanishicha, AQShning oq tanli aholisi 1790 yildan beri birinchi marta qisqargan va ilk bor 60 foizdan kamroqni tashkil qilgan.

2010 yilda oq tanli aholi jami aholining 63,7 foizini tashkil qilgan. Ekspertlar ushbu guruh vakillarining kamayib ketishini oq tanli ayollar o‘rtasida tug‘ish darajasi pasayib ketgani bilan bog‘lashmoqda.

Shu bilan birga, osiyoliklar va lotin amerikaliklar ulushi ko‘paygan. Lotin amerikaliklar 10 yil ichida 23 foizga ko‘payib, jami aholining 18,7 foizini tashkil qilmoqda. Ular son bo‘yicha oq tanli aholidan keyingi o‘rinni egallamoqda.

AQShning qora tanli aholisi barqaror darajada qolib, jami aholining 12,4 foizini, osiyoliklar esa 6 foizini tashkil qilmoqda.

Bundan tashqari, o‘zini bir necha irqqa mansub deb hisoblaydigan aholi soni 10 yil ichida 9 milliondan 33,8 milliongacha ko‘paygan. 

Brukings instituti demograf tadqiqotchisi Uilyam Freyning fikricha, AQShning oq tanli aholisi 2045 yilga qadar 50 foizdan kamayib ketishi mumkin.

AQSh hukumati olingan natijalarga mutanosib ravishda AQSh vakillar palatasini shakllantiradi. Bu jarayon har 10 yilda o‘tkaziladi.

Mavzuga oid