O‘zbekiston | 07:13 / 13.08.2021
15097
2 daqiqa o‘qiladi

Bo‘stonliqda 5 million dollarga yer sotmoqchi bo‘lgan shaxslar ushlandi

Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanida hokim qarori bilan bog‘ yaratish uchun ijaraga berilgan 16 gektar yer maydonini 5 mln dollarga sotmoqchi bo‘lgan shaxslar bo‘nak sifatida 200 ming dollar olayotganda qo‘lga tushdi. Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Toshkent viloyatida 6 avgust 16 gektar yerni 5 million dollarga noqonuniy sotmoqchi bo‘lgan shaxslar ushlandi. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi ma'lum qildi.

Ma'lum bo‘lishicha, fuqaro X.S. 6 avgust kuni Toshkent viloyati Ichki ishlar bosh boshqarmasiga ariza bilan murojaat qilib, o‘zini MChJ ta'sischilari deb tanishtirgan ikki shaxs Bo‘stonliq tumani hokimi qarori bilan bog‘ barpo etish va obodonlashtirish uchun 30 yilga ijaraga berilgan 16 gektar yer maydonini 5 million dollarga sotishini aytib, oldindan 200 ming dollar talab qilganini bildirgan va ularga nisbatan qonuniy chora ko‘rishni so‘ragan.

Shu kunning o‘zida DXX va Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti tomonidan tezkor tadbir o‘tkazilib, fuqarolar R.G. va D.J. Toshkent shahridagi restoranlarning birida ariza muallifidan 200 ming dollarni olayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olingan. Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Avvalroq, Qibray tumanida qalbaki hujjatlar orqali o‘zganing uyini sotmoqchi bo‘lgan firibgarlar aniqlangani xabar berilgan edi.

Mavzuga oid