O‘zbekiston | 14:11 / 15.08.2021
23567
5 daqiqa o‘qiladi

Turizm va sport vazirligining sobiq xodimi 5 million dollarga yer sotmoqchi bo‘lganda qo‘lga tushdi

Davlat xavfsizlik xizmati tomonidan respublika bo‘ylab noqonuniy yer sotish bilan bog‘liq ko‘plab jinoyatlar fosh etildi. Bu haqda DXX axborot xizmati Kun.uz'ga ma'lum qildi.

Toshkent viloyati. 16 gektar yer uchun 5 million dollar

Toshkent shahrida yashovchi, 1978 yilda tug‘ilgan shaxs muqaddam Turizm va sport vazirligida boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari lavozimida ishlagan davrida o‘zganing nomiga mas'uliyati cheklangan jamiyat tashkil etib, mazkur MChJga 2016 yil Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumani hududidan 16 gektar yer maydoni ajratilishiga muvaffaq bo‘ladi.

Ushbu yer maydoni MChJga bog‘ barpo etish va obodonlashtirish sharti bilan 30 yil muddatga ijaraga berilgan bo‘lsa-da, MChJ tomonidan amalda hech qanday ish bajarilmaydi. Shu sabab tuman hokimligining sud idoralariga qilgan murojaatidan so‘ng, joriy yil iyun oyida 16 gektar yer hokimlik zaxirasiga qaytariladi.

Shunga qaramay, MChJning yuqorida qayd etilgan norasmiy rahbari (sobiq vazirlik xodimi) 1965 yilda tug‘ilgan muqaddam sudlangan jinoiy sherigi bilan birgalikda ushbu yer maydonini tadbirkorlik bilan shug‘ullanmoqchi bo‘lgan xaridor nomiga rasmiylashtirib berish evaziga undan 5 million dollar so‘raydi.

DXX Toshkent viloyati boshqarmasi, viloyat prokuraturasi, ichki ishlar bosh boshqarmasi hamda iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining hududiy boshqarmasi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda firibgar kimsalar oldindan 200 ming AQSh dollar olgan vaqtda ashyoviy dalil bilan ushlanadi.

Samarqand. 1 gektar yer uchun 200 ming dollar

Samarqand shahrida yashovchi, muqaddam sudlangan xususiy tadbirkor advokatlik faoliyati bilan shug‘ullanuvchi qarindoshi bilan kelishgan holda Past Darg‘om tumanining Do‘stlik massivi hududida issiqxona qurish uchun o‘zining nomiga ajratilgan 1 gektar yer maydonini hokimiyat idoralaridagi tanishlari orqali xaridor nomiga rasmiylashtirib berish evaziga undan 200 ming AQSh dollari so‘raydi. DXX Samarqand viloyati boshqarmasi hamda viloyat IIB xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda ular so‘ralgan puldan 190 ming dollarini olgan vaqtda ushlangan.

Farg‘ona. 60 sotix yer uchun 100 ming dollar

DXXning Farg‘ona viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari va Bosh prokuratura huzuridagi departamentning hududiy boshqarmasi bilan hamkorlikda o‘tkazgan tezkor tadbirida Rishton tumanida yashovchi, 1972 yilda tug‘ilgan fuqaro 60 sotix yer maydonini noqonuniy ravishda 100 ming AQSh dollariga sotayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olindi.

Aniqlanishicha, mazkur yer maydoni 2016 yil Rishton tumani hokimining qaroriga asosan fermer xo‘jaliklaridan biriga bog‘dorchilik tashkil etish uchun ajratib berilgan.

Surxondaryo. 4 ming gektar yer ijarasi uchun 40 ming dollar

Surxondaryo viloyatidagi Bobotog‘ davlat o‘rmon xo‘jaligining mansabdor shaxslaridan biri ikki nafar xorijiy tadbirkorga mazkur xo‘jalikning kovrak va pista yetishtiriladigan 4 ming gektar yer maydonini ijara asosida foydalanish uchun ajratib berish evaziga ulardan 40 ming AQSh dollari talab qilib, oldindan 20 ming dollarini olgan vaqtida DXX xodimlari tomonidan ushlangan.

Aniqlanishicha, mazkur mansabdor shaxs ushbu yer maydonini ijaraga berish uchun zarur bo‘ladigan hujjatlarni respublika O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasidagi tanishlari orqali rasmiylashtirishni reja qilgan.

Andijon. 2,3 gektar uchun 20 ming dollar

«Hududgazta'minot» aksiyadorlik jamiyatining Andijon shahar filiali sobiq mutaxassisi tadbirkorlik bilan shug‘ullanmoqchi bo‘lgan fuqaroga baliqchilik xo‘jaligi tashkil etish uchun Andijon tumani hududidan 2,3 gektar yer maydoni ajratilishiga yordam berish evaziga 20 ming AQSh dollari so‘raydi.

U so‘ralgan puldan 18 600 AQSh dollarini olgan vaqtida DXXning Andijon viloyati boshqarmasi hamda Departamentning hududiy boshqarmasi xodimlari tomonidan ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

Tergovga qadar tekshiruv harakatlari davomida u mazkur pul mablag‘ini Davlat kadastrlari palatasi Andijon viloyati boshqarmasining sobiq mutaxassisiga berishi kerakligi ma'lum bo‘ladi va tezkor tadbir davom ettirilib, u ham 18 600 AQSh dollarini olgan vaqtida ushlandi.

Buxoro. 20 sotix yer uchun 8 ming dollar

Buxoro tumanida yashovchi, 1976 yilda tug‘ilgan fuqaro aldov yo‘li bilan o‘zganing ishonchiga kirib, unga tuman hokimligidagi tanishlari orqali 20 sotix yer maydoni olib berishini aytadi va xizmati evaziga 8 ming AQSh dollari talab qiladi. DXXning Buxoro viloyati boshqarmasi va Departamentning hududiy boshqarmasi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda ushbu fuqaro so‘ralgan pulni olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

DXX matbuot xizmati

Mavzuga oid