Jahon | 07:16 / 17.08.2021
43324
5 daqiqa o‘qiladi

«Afg‘onlarning o‘zi urushishni xohlamayapti-ku, nega biz urushaylik?» – Bayden bayonot berdi

Foto: AP

AQSh prezidenti Jo Bayden Afg‘onistondagi vaziyat, «Tolibon» mamlakatni qo‘lga olgani va bunga omil bo‘lgan holat – AQSh armiyasi Afg‘onistondan chiqib ketishi bo‘yicha ilk marta bayonot berdi. Bayden qisqa muddatli ta'tilini muddatidan avval yakunlashga majbur bo‘ldi va Oq uyda OAV qarshisida nutq so‘zladi.

«Biz 20 yil avval Afg‘onistonga 11 sentyabr voqealarida aybdor bo‘lgan «Al Qoida»ni yo‘q qilishga, ular ortiq Afg‘onistondan o‘z harbiy bazasi sifatida foydalana olmasligi va AQSh hududida teraktlar qila olmasligiga erishish uchun kirgandik. Biz missiyani uddaladik. Hech qachon Afg‘onistonga davlat qurib berish haqida va'da bermaganmiz.

Armiyani olib chiqish qaroridan zarracha ham afsuslanmayman. Muddao shuki, amerikalik askarlar begonalar uchun urushda qatnashmasligi va o‘lmasligi kerak. Axir afg‘onlarning o‘zlari o‘z mamlakatlari uchun urushmayapti-ku, nega biz urushaylik? Biz shundog‘am ularga keragidan ko‘p narsa berdik.

Biz Afg‘onistonga ko‘mak uchun trillion dollar sarfladik, tasavvur qilyapsizmi? Ularning armiyasini moddiy texnik baza bilan ta'minladik, havo kuchlarini kuchaytirib berdik, lekin «Tolibon» havo kuchlariga ega bo‘lmay turib mamlakatni oldi. Vaholanki, harbiy kuch borasida 2001 yildagi «Tolibon» kuchliroq edi. Kechirasiz, biz kelajak uchun kurashish tuyg‘usini afg‘onlarga taqdim eta olmaymiz.

Afg‘onlarning o‘zida «Tolibon»ga qarshi turish uchun xohish va imkon yo‘q ekan Amerika ularning zaminida besh, o‘n va yana yigirma yil qolishidan ham mantiq yo‘q. Begona mamlakatni amerikalik askarlar yordamida qayta qurish mantiqsizlikdir. Bu mojaroda qatnashish bizning qiziqish doiramizda emas. Bu bizning xavfsizlik masalamiz ham emas. Rossiya va Xitoy kabi raqobatchilarimizga qolsa, biz Afg‘onistonda butun umr qolib, milliardlab dollar pullarni sarflayversak.

Afg‘onistondan chiqib ketish uchun qulay fursatni kutishdan foyda yo‘q. 20 yil davomida ko‘rdimki, bunday fursat hech qachon kelmaydi. Men Afg‘oniston masalasida juda ko‘p ishladim, Qandahorda, Kobulda bo‘ldim. Odamlar, askarlar bilan uchrashdim. Vaziyatdan xabarim bor.

Afg‘on hukumati «Tolibon» bilan muzokaralar olib borishi kerak edi. Ammo janob G‘ani bunday qilmadi va afg‘on askarlari kurashishini aytdi. Ko‘rib turganingizdek, bunday bo‘lib chiqmadi. Ha, biz amerikalik askarlar chiqib ketganidan keyin afg‘on hukumati vaziyatni boy berishini kutgandik, lekin bunchalik tez emas. Shunday bo‘lsa-da, ketish qarori to‘g‘ri bo‘ldi deb hisoblayman.

Ha, Afg‘onistonda bo‘layotgan voqealar menga yoqmayapti, lekin qabul qilgan qarorimda sobitman. Bizning qiladigan oxirgi ishimiz – u yerda qolgan amerikaliklarni qaytarib olib kelish. Evakutsiyani amalga oshirib bo‘lishimiz bilan urush tugaydi. Afg‘oniston muammosini hal qilish uchun odamlarga yana ozroq vaqt kerak, deb aytmoqchi emasman.

Biz Afg‘onistonga gumanitar yordam berishda davom etamiz. Munosabatlarni diplomatik ko‘rinishda olib boramiz. U yerdagi ayollar, qizlar huquqi ta'minlanishi kerakligi haqida gapirishdan to‘xtamaymiz. Afg‘oniston borasida tashqi siyosatimiz inson huquqlariga urg‘u bergan holatda qurilishi kerak, harbiy aralashuvga emas.

Kelajakdagi afg‘on hukumati bilan munosabatlarimiz ularning harakatlariga bog‘liq bo‘ladi. Hozirgi holatda bu «Tolibon» o‘zini qanday tutishiga bog‘liq. Agar ular birlamchi inson huquqlarini, ayollar va qizlarning huquqlarini ta'minlashsa, bunday hukumat bilan ishlay olamiz.

Men – AQShning 46-prezidenti Afg‘oniston muammosini o‘zimdan keyin keladigan prezidentga meros qoldirmoqchi emasman», dedi AQSh prezidenti.

Bayden brifingga belgilanganidan kechroq keldi. U nutqi davomida tayyorlab kelgan qog‘oziga kam qaradi va asosan hissiyot bilan o‘zi gapirdi. Nutqi yakunida esa qo‘lidagi papka bilan minbarga urib qo‘ydi. Bayden jurnalistlarning savollariga javob bermay zalni tark etdi.

Mavzuga oid