Sport | 15:14 / 17.08.2021
22691
21 daqiqa o‘qiladi

Katanets – milliy jamoadagi to‘qqizinchi xorijlik murabbiy. Yana kimlar ishlagandi?

O‘zbekiston milliy jamoasida shu paytgacha 8 nafar xorijlik murabbiy ishlagandi - «Boshiga baxt qushi qo‘ngan braziliyalik», «Islohotlar qiroli», «Bir kunlik shoh», «Ustasi olmon», «Omadsiz Bob tog‘a», «Kamerun sheri», «Abadiy ikkinchi»... Barchasini esga olamiz.

O‘tgan haftada O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi milliy jamoaga sloveniyalik Srechko Katanets bosh murabbiy etib tayinlanishini e'lon qildi. Ushbu mutaxassis hali shartnomaga imzo chekmagan bo‘lsa-da, O‘FA bayonoti barcha muzokaralar muvaffaqiyatli yakunlanganidan dalolat beradi.

Milliy jamoaning qariyb 30 yillik tarixida 22 nafar mutaxassis bosh murabbiy sifatida ishlagan bo‘lsa, shundan 8 nafari xorijlikdir.

Xo‘sh, xorijliklar O‘zbekiston milliy jamoasini qanday boshqargan, qanday natijalarga erishgan, ularning yutuq va kamchiliklari nimada edi, raqamlarga, faktlarga e'tibor qaratamiz.

«Badbaxtdan taxtga» – Ubirajara Veyga da Silva (Braziliya)

Foto: Globo Esporte

Tug‘ilgan yili va joyi: 1955 yil, Portu-Alegri (Braziliya)
Vafot etgan yili: 2021 (66 yosh)
O‘zbekiston milliy jamoasiga tayinlandi: 1997 yil (42 yosh)
Iste'foga chiqarildi: 1998 yil
Milliy jamoadagi rasmiy statistikasi: 11 o‘yin, 5 g‘alaba, 4 durang, 2 mag‘lubiyat
Erishgan yutug‘i: Osiyo o‘yinlari – 1998 (chorakfinal).

1997 yilning 18 oktabr kuni O‘zbekiston milliy jamoasi JCh-1998 saralashida Janubiy Koreyani qabul qilib, 1:5 hisobida yutqazdi. Bu mag‘lubiyat milliy jamoani jahon chempionati yo‘llanmasidan nazariy jihatdan mahrum qildi. Oqibatda Rustam Mirsodiqov boshchiligidagi murabbiylar shtabi zudlik bilan iste'foga chiqarildi.

Milliy jamoa esa «Paxtakor» klubida yordamchi murabbiy (!) sifatida ishlab kelgan 42 yoshli braziliyalik mutaxassis Ubirajara Veyga da Silvaga topshirildi. Natijada, «Bira Veyga» milliy jamoaning ilk xorijlik murabbiyiga aylandi. Asosan Braziliyaning quyi ligalarida ishlagan mutaxassis uchun bu haqiqiy baxt qushi edi.

Uning qo‘l ostida O‘zbekiston JCh-1998 saralashining qolgan bahslarida muvaffaqiyatli o‘ynadi. Natijalarning ahamiyati bo‘lmasa-da, dastlab, Qozog‘iston (4:0) yirik hisobda mag‘lub etildi. So‘ngra safarda BAA (0:0) bilan durang natijaga erishildi.

1998 yili Tailand poytaxti Bangkok shahrida navbatdagi Osiyo o‘yinlari o‘tkazilishi lozim edi. Braziliyalik mutaxassis qo‘l ostidagi O‘zbekiston milliy jamoasiga 1994 yilgi Xirosimadagi g‘alaba tasodif emasligini ko‘rsatish, uni takrorlash vazifasi qo‘yildi. Tarkibda Pavel Bugalo, Andrey Ryazansev, Rustam Shoymardonov, Mirjalol Qosimov, Igor Shkvirin, Nikolay Shirshov, Eduard Mamotov, Sergey Lushchan, Andrey Fyodorov, Aleksandr Xvastunov, Sergey Lebedev, Andrey Akopyans kabi tajribali futbolchilar bilan unvonni himoya qilishiga ishonch bildirildi.

Ammo vazifa uddalanmadi. O‘zbekistonliklar chorakfinalda Eronning tarixdagi eng kuchli tarkiblaridan biriga 0:4 hisobida yutqazdi. Forslarning mashhur hujumchisi Ali Daiy so‘nggi 6 daqiqa ichida het-trik qayd etdi. Bunday «zarba»dan keyin Bira Veyganing O‘zbekiston milliy jamoasidagi faoliyati yakunlandi.

Qayd etish joizki, musobaqaning guruh bosqichida futbolchilarimiz Mo‘g‘uliston milliy jamoasini 15:0 hisobida mag‘lub etishgandi. Bu natija hozirgacha O‘zbekiston erishgan eng katta hisobdagi g‘alaba bo‘lib turibdi.

Murabbiyning keyingi taqdiri: 1998 yilda «Paxtakor» bilan O‘zbekiston chempioni bo‘ldi (faoliyatidagi yagona yutuq). Keyinchalik Braziliya quyi ligalaridagi o‘rtamiyona klublarda ishladi va ko‘zga ko‘rinarli natijaga erisholmadi. 2021 yil mart oyida koronavirus asoratlaridan 66 yoshida vafot etdi.

Keldi-yu ketdi – Pavel Sadirin (Rossiya)

Foto: championat.com

Tug‘ilgan yili va joyi: 1942 yil, Perm (Rossiya)
Vafot etgan yili: 2001 (59 yosh)
O‘zbekiston milliy jamoasiga tayinlandi: 2000 yil (58 yosh)
Tark etdi: 2000 yil
Milliy jamoadagi rasmiy statistikasi: 1 o‘yin, 1 mag‘lubiyat
Erishgan yutug‘i: yo‘q.

2000 yilda O‘zbekiston milliy jamoasiga rossiyalik mutaxassis Pavel Sadirin bosh murabbiy etib tayinlandi. U faoliyatida jiddiy yutuqlarga erishgan, jumladan, «Zenit» bilan SSSR chempioni, Rossiya milliy jamoasi bilan JCh-1994 ishtirokchisi bo‘lgandi.

Sadirin qo‘l ostida O‘zbekiston atigi 1ta o‘yin o‘tkazdi – o‘rtoqlik bahsida Tailandga 0:2 hisobida yutqazdi. Shundan so‘ng, murabbiy Moskvaning TsSKA klubi taklifini ma'qul ko‘rib, milliy jamoani tark etdi.

Murabbiyning keyingi taqdiri: TsSKA klubida 1,5 yil ishladi. 2001 yil dekabr oyida saraton kasalligi oqibatida 59 yoshida vafot etdi.

«Islohotlar qiroli» - Vladimir Salkov (Rossiya)

Foto: TASS

Tug‘ilgan yili va joyi: 1937 yil, Donetsk (Ukraina)
O‘zbekiston milliy jamoasiga tayinlandi: 2000 yil (63 yosh)
Iste'foga chiqarildi: 2001 yil
Milliy jamoadagi rasmiy statistikasi: 19 o‘yin, 10 g‘alaba, 3 durang, 6 mag‘lubiyat
Erishgan yutug‘i: «Merdeka Kubogi»da g‘alaba.

2001 yilda milliy jamoaga rossiyalik mutaxassis Vladimir Salkov bosh murabbiy etib tayinlandi. U shu vaqtgacha faoliyatida asosan yordamchi murabbiy sifatida nom qozongan, jumladan, Seul-1988 olimpiadasida oltin medallarni qo‘lga kiritgan SSSR olimpiya terma jamoasida bosh murabbiy Anatoliy Bishovets shtabida ishlagandi. Keyinchalik SSSR olimpiya terma jamoasiga bosh murabbiy bo‘lgan.

Rahbariyat Salkovning oldiga qanday qilib bo‘lsa ham JCh-2002 yo‘llanmasini qo‘lga kiritish vazifasini qo‘ygan bo‘lishi ehtimoli yuqori. Chunki murabbiy inqilobiy usullarga qo‘l urdi.

Jumladan, o‘zbek futboli tarixida ilk marta uzoq xorijlik futbolchilar milliylashtirildi: rossiyalik Vladimir Maminov, Oleg Pashinin, Aleksey Polyakov, Ruslan Agalarov, bolgariyalik Georgiy Georgiyev va Aleksey Dionisiyevga O‘zbekiston pasporti berilib, milliy jamoaga jalb etildi. Juda ko‘plab yig‘inlar tashkil etildi, nazorat o‘yinlari o‘tkazildi, xalqaro musobaqalarda ishtirok etildi. Hatto, shunday turnirlarning biri futbolchilarimiz yutug‘i bilan yakunlandi.

2001 yil yozida O‘zbekiston milliy jamoasi Malayziyada, an'anaviy «Merdeka Kubogi»da qatnashib, finalda Bosniya va Gersegovinani 2:1 hisobida mag‘lub etdi. Bu o‘zbek futboli uchun Xirosimadagi Osiyo o‘yinlaridan keyingi yutuq bo‘lib tarixga kirdi.

Ammo Salkov baribir JCh yo‘llanmasini qo‘lga kiritishga erisha olmadi.

O‘zbekiston milliy jamoasi birinchi saralash bosqichida Iordaniya, Turkmaniston va Xitoy Taypeyi to‘sig‘idan qiyinchilik bilan o‘tdi. Ikkinchi saralash bosqichining dastlabki 3ta turida (BAA 1:4, Qatar 2:1, Ummon 5:0) 6 ochko jamg‘arib, yaxshi imkoniyatga ega bo‘lib turgan edi. Ammo, shundan so‘ng, qatorasiga 4ta o‘yin g‘alabasiz yakunlandi (Xitoy 0:2, BAA 0:1, Qatar 2:2, Ummon 2:4).

Ayniqsa, Ummonga qarshi safarda o‘tkazilgan bahsda futbolchilarimiz 1-bo‘limdan keyin 2:0 hisobida oldinda borgan bo‘lsa-da, 2-bo‘limda tashabbusni qo‘ldan chiqarib, ketma-ket 4ta gol o‘tkazib yuborishi hammasidan oshib tushdi. Bunday natijadan keyin bosh murabbiy iste'foga chiqarildi.

Vladimir Salkov hozircha O‘zbekiston milliy jamoasida eng ko‘p o‘yin o‘tkazgan xorijlik murabbiy bo‘lib turibdi – 19ta. Uning islohotlari ijobiy natija bermagach, O‘FF ancha paytgacha xorijlik futbolchilarni naturallashtirish g‘oyasidan voz kechdi.

Murabbiyning keyingi taqdiri: «Rotor» klubida 1 yil ishlagach, murabbiylik faoliyatini yakunladi. 2003-2007 yillarda TsSKA klubida sport direktori bo‘lib ishladi. 2020 yilda 83 yoshida vafot etdi.

«Bir kunlik shoh» - Leonid Ostroushko (Qozog‘iston)

Foto: Prospors.kz

Tug‘ilgan yili va joyi: 1936 yil, Tokmak (Ukraina)
O‘zbekiston milliy jamoasiga tayinlandi: 2001 yil (65 yosh)
Tark etdi: 2001 yil
Milliy jamoadagi rasmiy statistikasi: 1 o‘yin, 1 g‘alaba
Erishgan yutug‘i: yo‘q.

Vladimir Salkov iste'foga chiqarilgach, uning o‘rnini murabbiylar shtabidagi yordamchisi Leonid Ostroushko vaqtinchalik egalladi. Chunki Xitoy milliy jamoasiga qarshi navbatdagi o‘yinga 5 kun qolganida yangi bosh murabbiy topish amri mahol edi.

Ukrainada tug‘ilgan, Qozog‘istonda futbol o‘ynab, nom qozongan mutaxassis 2000 yil Toshkent viloyatining «Do‘stlik» klubi bilan O‘zbekiston chempionati va Kubogida ham g‘alaba qozongan edi.

Ostroushko qo‘l ostida o‘zbekistonliklar Xitoy milliy jamoasini 1:0 hisobida mag‘lub etishdi. Ammo bu natija pley-off bosqichiga chiqish uchun yetarli bo‘lmadi.

Murabbiyning keyingi taqdiri: 2004 yilda «Dinamo Minsk» klubida yordamchi murabbiy sifatida Belarus chempioni bo‘ldi. 2019 yilda 83 yoshida vafot etdi.

«Ustasi olmon!» - Hans-Yurgen Gede (Germaniya)

Foto: The Thao 247.

Tug‘ilgan yili va joyi: 1956 yil, Gilzenkirhen (GFR)
O‘zbekiston milliy jamoasiga tayinlandi: 2005 yil (49 yosh)
Iste'foga chiqarildi: 2005 yil
Milliy jamoadagi rasmiy statistikasi: 3 o‘yin, 1 durang, 2 mag‘lubiyat
Erishgan yutug‘i: yo‘q.

2005 yili O‘zbekiston milliy jamoasiga germaniyalik Hans-Yurgen Gede bosh murabbiy etib tayinlandi.

Ammo uning yurtimizdagi faoliyati biroz oldinroq, 2003 yilda O‘zbekiston yoshlar jamoasida yordamchi murabbiy sifatida boshlangan. Tarkibda Ignatiy Nesterov, Aleksandr Geynrix, Marat Bikmayev, Ilyos Zeytullayev, Islom Inomov, Shavkat Salomov va boshqa ko‘plab iqtidorlarni to‘plagan jamoa o‘shanda tarixda birinchi marta jahon chempionatida ishtirok etgandi.

Shundan so‘ng, Gede milliy jamoa bosh murabbiyi Ravshan Haydarovga yordamchi qilib tayinlandi. 2004 yili yozda jamoa Xitoyda o‘tkazilgan Osiyo Kubogida o‘z tarixida birinchi marta guruhdan chiqdi va chorakfinalda Bahraynga penaltilar seriyasida yutqazdi.

Gedening yoshlar va milliy jamoa o‘yinida ijobiy o‘zgarishlarni yuzaga keltira olishi munosib taqdirlandi. 2005 yil yanvar oyida u bosh murabbiylikka tayinlandi.

Biroq, nemis mutaxassisi bu lavozimda atigi 3 oy ishladi, xolos. JCh-2006 saralashining ikkinchi bosqichida Saudiya Arabistoni (1:1), Kuvayt (1:2) va Janubiy Koreyaga (1:2) qarshi g‘alabasiz o‘yinlardan so‘ng, Gede iste'foga chiqarildi.

Murabbiyning keyingi taqdiri: Eron, Bahrayn, Malayziya va Ozarboyjon klublarini boshqardi. 2016 yildan beri Vetnamda faoliyat yuritmoqda. Bir necha yil davomida Vetnam milliy jamoasiga texnik direktor bo‘ldi. Hozirda «Viyettel» klubida shu lavozimda ishlayapti.

«Omadsiz Bob tog‘a» - Robert Hafton (Angliya)

Foto: Indian football blog

Tug‘ilgan yili va joyi: 1947 yil, Angliya
O‘zbekiston milliy jamoasiga tayinlandi: 2005 yil (58 yosh)
Tark etdi: 2005 yil
Milliy jamoadagi rasmiy statistikasi: 3 o‘yin, 1 g‘alaba, 2 durang
Erishgan yutug‘i: JCh-2006 saralashi, pley-off

JCh-2006 saralashining 2-bosqichi so‘nggi turidan oldin O‘zbekiston milliy jamoasi guruhda 2 ochko bilan so‘nggi o‘rinni egallab turardi. Uchinchi o‘ringa chiqish va pley-off bosqichiga yo‘l olish uchun Kuvaytga qarshi o‘yinda faqat g‘alaba kerak edi.

O‘FF bunday murakkab vaziyatda bosh murabbiy Ravshan Haydarov o‘rniga ingliz mutaxassisi Robert Haftonni taklif etdi.

U murabbiylik faoliyatida Shvetsiyaning «Malmyo» klubi bilan 3 marta chempionlikka erishgan. Yevropa chempionlari Kubogi finaligacha yetib borgan. Xitoy milliy jamoasi bilan Osiyo o‘yinlarida uchinchi bo‘lgan, xullas, boy tajribaga ega edi.

Futbolchilar tomonidan mehr bilan «Bob tog‘a» (ingl. Uncle Bob) deb laqab qo‘yilgan murabbiyning O‘zbekistondagi sarguzashti olamshumul voqealarga boy, shu bilan birga omadsiz bo‘ldi.

Haftonga Kuvayt milliy jamoasini mag‘lub etish, pley-offda muvaffaqiyatli ishtirok qilib, JCh-2006 yo‘llanmasini qo‘lga kiritish vazifasi qo‘yildi.

«Bob tog‘a» dastlabki vazifani uddaladi. O‘zbekiston milliy jamoasi Kuvaytga qarshi bahsda 0:2 hisobida yutqazayotgan bo‘lsa-da, iroda namoyish etib, yakunda 3:2 hisobida g‘alaba qozondi.

Pley-offda Bahrayn milliy jamoasi raqib bo‘ldi. Bu qarama-qarshilik nafaqat o‘zbek futboli, balki dunyo futbolida «iz qoldirdi».

Bahraynga qarshi Toshkentda o‘tkazilgan dastlabki bahs 1:0 hisobida yakunlandi. Ammo o‘yin yirikroq hisobdagi g‘alaba bilan tugashi ham mumkin edi. Gap shundaki, yaponiyalik hakam Tosimitsu Yosida Server Jeparov tomonidan penaltidan urilgan golni bekor qildi. Referi o‘zbekistonlik futbolchilar zarbadan oldin jarima maydonchasiga kirib kelishganini qayd etib, golni bekor qildi va erkin zarba tepish kerakligini ko‘rsatdi. Vaholanki, qoida bo‘yicha u penaltini qayta tepishga imkon berishi shart edi.

O‘yindan keyin O‘FF hakamning bu xatti-harakati yuzasidan protest keltirdi. FIFA esa hakamning xato qilganini tan oldi va bahs qayta o‘tkazilishini belgiladi. Bunday qaror jahon chempionatlari tarixida birinchi marta qabul qilingandi.

Afsuski, takroriy o‘yinlarda O‘zbekiston milliy jamoasi (o‘z uyida 1:1 va safarda 0:0) Bahrayn to‘sig‘idan o‘ta olmadi. Robert Hafton esa lavozimini tark etdi. Aytishlaricha, unga shartnoma taklif qilingan bo‘lsa-da, ishlashni xohlamagan.

Murabbiyning keyingi taqdiri: Xitoy chempionatida 1 yil ishladi. 5 yil davomida Hindiston milliy jamoasini muvaffaqiyatli boshqardi. OFK Chaqiruv Kubogi, Janubiy Osiyo Kubogi, Neru Kubogida g‘alaba qozondi. 73 yoshli Hafton hozirgi vaqtda murabbiylik faoliyatini yakunlagan.

«Kamerun sheri» - Valeriy Nepomnyashchiy (Rossiya)

Foto: Sportbox.ru

Tug‘ilgan yili va joyi: 1943 yil, Slavgorod (Rossiya)
O‘zbekiston milliy jamoasiga tayinlandi: 2006 yil (63 yosh)
Iste'foga chiqdi: 2006 yil
Milliy jamoadagi rasmiy statistikasi: 6 o‘yin, 3 g‘alaba, 2 durang, 1 mag‘lubiyat
Erishgan yutug‘i: Osiyo Kubogi – 2007 yo‘llanmasi.

2006 yil yanvarda O‘FF rossiyalik mutaxassis Valeriy Nepomnyashchiy bilan 2 yillik shartnoma imzoladi va milliy jamoaga bosh murabbiy etib tayinladi. Bir vaqtning o‘zida u «Paxtakor» klubida ham bosh murabbiy sifatida ish boshlaydi.

Valeriy Nepomnyashchiy milliy jamoaga tayinlangan eng nomdor murabbiylardan biri bo‘ldi. 1988-1990 yillarda u Kamerun milliy jamoasini boshqargan va JCh-1990da ishtirok etib, chorakfinalgacha yetib borgandi.

«Kamerun sheri» oldiga Osiyo kubogi–2007 yo‘llanmasini qo‘lga kiritish vazifasi qo‘yiladi.

O‘zbekiston milliy jamoasi uchun musobaqaning saralash bosqichi oson kechmadi. Dastlab jamoa safarda Qatarga 1:2 hisobida yutqazildi. Hongkong milliy jamoasiga qarshi o‘yinlarda esa raqibni mag‘lub etolmadi (2:2 va 0:0). Bu natijalar muxlislar va mutaxassislar e'tiroziga sabab bo‘ldi. Ayniqsa, ancha kuchsiz hisoblanadigan Hongkongga qarshi o‘yinlardagi ochko yo‘qotishlar og‘riqli qabul qilindi.

Faqatgina so‘nggi turda Qatar ustidan qozonilgan 2:0 hisobidagi g‘alaba milliy jamoaga guruhda 2-o‘rin va Osiyo Kubogi yo‘llanmasini keltirdi.

Vazifa uddalangan bo‘lsa-da, Valeriy Nepomnyashchiy va O‘FF o‘rtasida tuzilgan shartnoma «sog‘lig‘i bilan bog‘liq sabab tufayli» bekor qilindi.

Murabbiyning keyingi taqdiri: Rossiyaning «Tom», «Baltika» klublarida bosh murabbiy bo‘lib ishladi. TsSKA klubi prezidentiga maslahatchi bo‘ldi. 78 yoshli mutaxassis hozirda futboldan yiroqda.

«Abadiy ikkinchi» - Ektor Kuper (Argentina)

Tug‘ilgan yili va joyi: 1955 yil, Chabas (Argentina)
O‘zbekiston milliy jamoasiga tayinlandi: 2018 yil (63 yosh)
Iste'foga chiqarildi: 2019 yil
Milliy jamoadagi rasmiy statistikasi: 17 o‘yin, 7 g‘alaba, 4 durang, 6 mag‘lubiyat
Erishgan yutug‘i: Osiyo Kubogi – 2019, chorakfinal.

2018 yil avgust oyida Ektor Kuper O‘zbekiston milliy jamoasiga bosh murabbiy etib tayinlandi.

Argentinalik mutaxassis hozircha, bosh jamoani boshqargan eng nomdor murabbiy bo‘ldi. Uning hisobida turli jamoalar bilan qo‘lga kiritilgan KONMeBOL Kubogi, Ispaniya Superkubogi, Argentina va Ispaniya chempionatining kumush medallari bor. Shuningdek, murabbiy turli klublar bilan Chempionlar Ligasi, Kubok egalari Kubogi, Ispaniya Kubogi, Afrika millatlari Kubogi finaligacha ham yetib borgan. Boy berilgan finallarning ko‘pligi bois, «Abadiy ikkinchi» laqabini ham olgan.  

Kuper oldiga O‘zbekiston milliy jamoasi bilan Osiyo Kubogida muvaffaqiyatli ishtirok etish va JCh-2022 yo‘llanmasini qo‘lga kiritish vazifasi qo‘yildi.

2019 yilda BAAda o‘tgan Osiyo Kubogida O‘zbekiston milliy jamoasi guruhdan chiqdi va chorakfinalda Avstraliyaga penaltilar hisobida yutqazib qo‘ydi. Ishtiroki esa «qoniqarli» deb baholandi.

Ammo Kuper qo‘l ostida milliy jamoaning himoyaviy usulda o‘ynashi, hujumkor o‘yindan uzoqlashishi muxlislar va ba'zi mutaxassislar e'tiroziga va tanqidlarga sabab bo‘ldi. Qat'iy taktika sxemalariga sodiq bo‘lgan mutaxassisning himoyaviy o‘yin uslubini milliy jamoada joriy qilishi futbolchilarga ham yoqmadi.

JCh-2022 saralashining 1-turi O‘zbekiston milliy jamoasi uchun sharmandali tarzda boshlandi. Jamoa safarda Falastinga 0:2 hisobida yutqazdi. Tanqid o‘qlari faqat qoniqarsiz natijaga emas, balki o‘yin sifati juda past ekaniga, futbolchilarning irodasiz va bo‘sh o‘ynaganiga ham qaratildi. Kuper vaziyatni o‘zgartira olmaslikda ayblandi, vaholanki, u milliy jamoani 1 yildan beri boshqarayotgan edi. Safardan qaytgach, murabbiy iste'foga chiqarildi.

Keyingi taqdiri: 2021 yilda Kongo DR milliy jamoasiga bosh murabbiy etib tayinlandi.

«Bolqonlik xaloskor?» - Srechko Katanets (Sloveniya)

Caption

Tug‘ilgan yili va joyi: 1963 yil, Lyublyana (sobiq Yugoslaviya, hozirgi Sloveniya)
O‘zbekiston milliy jamoasiga tayinlanishi kutilmoqda: 2021 yil avgust (58 yosh).

18 avgust kuni Srechko Katanets O‘FA bilan shartnoma imzolash uchun Toshkentga keladi. Bitimning mazmuni qanday bo‘lishi hozircha mavhum.

Mutaxassis murabbiylik faoliyatida Sloveniya, Makedoniya, BAA va Iroq milliy jamoalarini boshqargan. Uning qo‘li ostida sloveniyaliklar o‘z tarixida birinchi marta Yevropa va jahon chempionatiga chiqqan (2000-yillar boshida).

Katanetsning so‘nggi ish joyi Iroq milliy jamoasi bo‘ldi. Uning qo‘l ostida iroqliklar JCh-2022 saralashida muvaffaqiyatli ishtirok etib, 3-bosqichga yo‘l olishdi. Biroq, murabbiy 6 oy davomida ish haqi olmagach, Iroq futbol federatsiyasi bilan shartnomani bekor qildi.

Katta ehtimol bilan Katanets oldiga O‘zbekiston milliy jamoasi bilan Osiyo Kubogi–2023 yo‘llanmasini qo‘lga kiritish vazifasi qo‘yiladi (saralash o‘yinlari 2022 yil fevralda boshlanadi, qur'a hali tashlanmadi). Shartnoma ham 2023 yilgacha tuzilsa kerak.

Osiyo Kubogi saralashida bizga JCh-2022 saralashini tark etgan Filippin, Bahrayn, Hindiston, Malayziya, Tailand kabi ikkinchi eshelon jamoalari raqib bo‘ladi. Ha, afsuski, biz ham endi shu eshelonga tushib qoldik.

Xorijlik murabbiylarga O‘zbekiston milliy jamoasida ishlash oson bo‘lmagan. Ularga qo‘yiladigan talab ham mahalliy murabbiylarga qaraganda ancha yuqori, hisob ham ikki karra ko‘p so‘raladi. Xatolarga yo‘l qo‘ysa, ayab o‘tirilmaydi.

Endi Katanets nafaqat Osiyo Kubogi yo‘llanmasini qo‘lga kiritishi (O‘zbekiston o‘z tarixida biror marta bu musobaqani o‘tkazib yubormagan), balki milliy jamoani yuqori eshelonga ham qaytarishi lozim. Buning uchun qanday usullarni ishga soladi, vazifani eplay oladimi yoki yo‘qmi, vaqt ko‘rsatadi.

Nurmuhammad Said

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid