20:00 / 19.08.2021
6686

2021 yilda «Tez yordam»ga murojaatlar soni o‘tgan yildagidan ko‘proq bo‘lmoqda

Sog‘liqni saqlash vazirligi joriy yilning 6 oyida «Tez yordam» xizmatiga 5,5 millionga yaqin chaqiriq kelib tushgani haqida ma'lumot berdi.

«Hozirgi murakkab pandemiya sharoitida tibbiyot xodimlari chinakam salomatlik posbonlari sifatida koronavirus infeksiyasiga chalingan minglab yurtdoshlarimizning shifo topib, oilasi bag‘riga qaytishida katta jonbozlik ko‘rsatmoqda.

Ayniqsa, aholi salomatligini asrash, odamlarni ushbu xavfli kasallikdan himoya qilishda tez tibbiy yordam xizmat brigadalarining o‘rni beqiyos. Buni esa ushbu xizmatga kelib tushayotgan chaqiruvlar sonidan ham bilish mumkin.

Raqamlarga murojaat qilsak, 2021 yilning olti oyi davomida  yurtimiz aholisi tomonidan «103» xizmatiga bo‘lgan jami murojaatlar soni 5 million 412 ming 806tani tashkil etdi.

Eng ko‘p murojaat Farg‘ona (701 838ta) va Andijon viloyati (638 640ta) hamda Toshkent shahrida (514 409) qayd etildi.

Ma'lumot o‘rnida aytish lozimki, o‘tgan yilning ayni shu davrida yurtdoshlarimizdan tez tibbiy yordam xizmatiga 5 million 362 ming 524ta chaqiriq kelib tushgandi», deyiladi SSV xabarida.

Shuningdek, joriy yil iyul oyida respublika bo‘yicha «103» xizmatiga bo‘lgan jami murojaatlar soni 1 million 343 ming 666tani tashkil etib, eng ko‘p chaqiriq Farg‘ona, Andijon, Namangan, Toshkent va Surxondaryo viloyatlari hamda poytaxtda qayd etilgan.

«Iyul oyida 28 ming 48ta murojaat «Tez yordam» xodimlari tomonidan natijasiz chaqiriqlar, deb baholandi. Bu «103» xizmatiga yolg‘on chaqiriq, ular kelishini kutmay yo‘lovchi transportda olib ketilgani, manzil topilmagani, tez tibbiy yordam rad etilgan kabi qator vaziyatlar bilan bog‘liq.
 
E'tiborlisi, olib borilgan targ‘ibot ishlari natijasida joriy yil «103» xizmatiga yolg‘on qo‘ng‘iroqlar kelishi biroz kamayishiga ham erishildi. Jumladan, 2021 yilning ikkinchi choragida «tez yordam»ga 2907ta yolg‘on chaqiriq kelib tushib, bu raqam o‘tgan yilning ayni shu davrida 4658tani tashkil qilgan edi», deyiladi xabarda.

Top