O‘zbekiston | 12:10 / 15.12.2021
4559
4 daqiqa o‘qiladi

«Bular haqiqiy bemorlar hayotini xavf ostiga qo‘yadi» - SSV yil boshidan buyon bo‘lgan yolg‘on chaqiriqlar haqida ma’lumot berdi

Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi

Sog‘liqni saqlash vazirligi O‘zbekistonda yilning 11 oyida «Tez yordam»ga 6,3 mingdan ziyod yolg‘on chaqiriq kelib tushgani haqida ma’lumot berdi.

«Tez tibbiy yordam xizmatida eng muhim mezon nima? Albatta, tezlik. Avvalo, chaqiruv manziliga juda qisqa vaqt ichida yetib borish kerak. So‘ng bemorga zudlik bilan birinchi tibbiy yordam ko‘rsatilishi shart! 

Shundan keyin, zarurat bo‘lsa, bemorni shoshilinch ravishda shifoxonaga olib borish talab etiladi. Bu jarayonda har daqiqa, hatto har soniya hisobli. Biroq yurtimizda «Tez yordam»ning tezligiga salbiy ta’sir etuvchi omillar, afsuski, hali-hanuz mavjud. 
 
Masalan, yaqinlarimizdan biri to‘satdan dard chekib qolsa, darhol «103» raqamini teramiz. Ammo tibbiyot xodimlari yetib kelishini ham kutmay bemorni boshqa mashinada kasalxonaga olib ketish holatlari ba’zan uchrab turadi.

Bundan tashqari, chaqiruv manzilini noto‘g‘ri berish, ustiga-ustak, «Tez yordam» yetib borganida, eshikni ochmaslik, telefon qo‘ng‘iroqlariga javob bermaslik kabi noxush vaziyatlarga ham shifokor-u hamshiralarimiz ko‘p guvoh bo‘lishadi. 

Yoki «103»ga murojaat qilib, tibbiyot brigadasi aytilgan manzilga endi yetib kelganida, chaqiriqni rad etish holatlari ham takrorlanib turadi. 

Raqamlarga murojaat qilsak, joriy yilning 1 yanvaridan 1 dekabriga qadar «Tez yordam» xizmatiga mamlakatimiz bo‘yicha jami 6301 ta yolg‘on chaqiriq kelib tushgan. 

To‘g‘ri, bu o‘tgan yilning shu davriga qiyoslaganda qariyb 1800taga kam ko‘rsatkich. Ammo yolg‘on chaqiriqlar haqiqiy bemorlar hayotini xavf ostiga qo‘yishini inobatga olsak, uning bittasi ham davlat va xalq uchun katta ziyon keltirishiga shubha yo‘q. 

Tahlillar natijasi shuni ko‘rsatadiki, eng ko‘p  yolg‘on chaqiriqlar kelib tushgan hududlar ro‘yxati boshida 1317ta ko‘rsatkich bilan Toshkent viloyati turibdi. Keyingi o‘rinni Farg‘ona viloyati egallagan – 942ta yolg‘on chaqiriq. 

Shuningdek, «Tez yordam»ga poytaxtimizdan 894ta, Qashqadaryodan 874ta hamda Navoiy viloyatidan 842ta yolg‘on chaqiriq kelib tushgan. 

Yana bir og‘riqli masala: oramizda «isitmam ko‘tarilmadimikan?», «qon bosimimni o‘lchatay-chi», «ukolimni qildirib olsammikan?» degan vajlar bilan ham «Tez yordam»ga murojaat qiluvchilar ko‘p.

Vaholanki, tez tibbiy yordam xodimlari bemorni davolamaydi, balki yuzaga kelgan holat bo‘yicha shoshilinch va tez tibbiy yordam ko‘rsatadi, ya’ni faqat simptomatik davo choralarini ko‘radi. 

Qolaversa, yolg‘on chaqiriqlar tez tibbiy yordam xodimlariga ikki barobar ko‘p tashvish keltiradi. Ya’ni qilingan murojaatning haqiqatan ham yolg‘on ekanligini isbotlash zarur. Buning uchun chaqiriqda ko‘rsatilgan manzilni aniqlash, kunning qaysi vaqti bo‘lishidan qat’i nazar surishtiruv o‘tkazish va shundan so‘ng uni hujjatlashtirish kerak. 

Bu esa, tabiiyki, «Tez yordam» xizmatiga muhtoj bemorlarning kutib qolishi, hatto hayoti xavf ostida qolishiga sabab bo‘lishi mumkin», deyiladi xabarda.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid