19:15 / 19.08.2021
31738

Olmaliq shahar sobiq hokimining o‘g‘liga doxil jinoyat ishi tugatilgani ma'lum bo‘ldi

Olmaliq shahar sobiq hokimining o‘g‘li ishtirokidagi jinoyat ishi ayblilik masalasi hal etilmay turib tugatilgan. 10 nafar shaxs o‘zaro yarashib olganini aytib kiritgan iltimosnoma sud tomonidan qanoatlantirilgan.

2020 yil oktyabrda ijtimoiy tarmoqlarda bir guruh yigitlarning mushtlashuv videosi tarqalgan, mushtlashuv ishtirokchilaridan biri o‘sha vaqtdagi Olmaliq shahar hokimining o‘g‘li ekani ma'lum bo‘lgandi.

Holat yuzasidan Toshkent shahar IIBB bir necha shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksining 277-moddasi (Bezorilik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atgan edi.

Oliy sud matbuot xizmatidan ma'lum qilishlaricha, JIB Yakkasaroy tuman sudi tomonidan jinoyat ishini ko‘rib chiqish jarayonida taraflar o‘zaro yarashib olgani hamda bir-biriga nisbatan da'vosi bo‘lmagani sababli barcha sudlanuvchilar o‘zlariga oid jinoyat ishini tugatishni so‘rab, sudga iltimosnoma bilan murojaat qilgan.

Shunga asosan, sudning 2021 yil 12 avgustdagi ajrimi bilan Jinoyat kodeksi 277-moddasining turli qism va bandlari bilan ayblangan jami 10 nafar shaxs Jinoyat kodeksining 65-moddasiga muvofiq jinoiy javobgarlikdan ozod etilib, ularga oid jinoyat ishi Jinoyat-protsessual kodeksining 84-moddasi 5-qismi 1-bandiga asosan aybliligi haqidagi masala hal qilinmay turib, harakatdan tugatilgan.

Eslatib o‘tamiz, yuqoridagi voqea videosi paydo bo‘lishidan oldinroq hokimning o‘g‘li Toshkent ko‘chalarida 150 km/soat tezlikda avtomobil haydagani ham ma'lum bo‘lgandi. U jarimaga tortilgani haqidagi rasmiy axborotdan haydovchi 2019 va 2020 yillarda kamida 8tadan huquqbuzarlik sodir etgani oydinlashgandi.

Mushtlashuv videosi tarqalganidan bir necha kun o‘tib, Usmon Rahimov Olmaliq shahri hokimi lavozimidan ozod etilgandi.

Mavzuga oid
Top