Sport | 19:40 / 23.08.2021
31851
5 daqiqa o‘qiladi

Boksdagi natijalar qoniqarlimi? Tokio olimpiadasi tahlil qilindi

Tokioda bo‘lib o‘tgan olimpiada o‘yinlari yakunlari bo‘yicha Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Milliy olimpiya qo‘mitasi rahbariyati va olimpiada ishtirokchilari qatnashgan tadbirda jurnalistlarni qiziqtirgan bir qator savollarga javob berildi.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Olimpiadadagi salbiy natijalardan so‘ng sport federatsiyalari rahbariyatida o‘zgarishlar bo‘ladimi?

Bu savolga MOQ bosh kotibi Oybek Qosimov shunday javob berdi: «Olimpiada yakunlari bo‘yicha yakuniy natijalar tanqidiy va tahliliy ko‘rib chiqiladi. Lisenziya qo‘lga kiritmagan sport turlari birinchi navbatda muhokama qilinadi. Suzish va yengil atletika singari olimpiya o‘yinlarida pastroq natija qayd etgan sport turlariga ham alohida e'tibor qaratiladi. Bular rejamizda bor. Rahbarlar, sport menejyerlari ko‘p narsani hal qilishi bor gap. Biz bu borada ham taklif tayyorlayapmiz, ko‘plab federatsiyalarda yangilanishlar kutilyapti».

Oksana Chusovitinadan bayroqdorlik nega olib qo‘yildi?

Oybek Qosimovning aytishicha, gimnastika afsonasi bo‘lgan Chusovitina jismoniy holatiga salbiy ta'sir o‘tkazmasligi uchun ochilish marosimida qatnashmagan: «Oksana Chusovitinaga bayroqdor bo‘lish taklifini shaxsan o‘zim bergan edim. Rio Olimpiadasidan so‘ng u bilan suhbatlashganimda, agar kelgusi olimpiya o‘yinlariga yetib bora olsam, paradga chiqish niyatim bor, degan edi. Tokio o‘yinlaridan oldin ham shu niyatda ekanini aytdi. Shu tariqa Oksanaga bayroqdor bo‘lishni taklif etdik va Oksana buni mamnuniyat bilan qabul qildi.

Biroq musobaqalarga qur'a tashlanganidan so‘ng Chusovitina va unga sherik bo‘lishi kutilgan Bobousmon Baturovning ishtiroki dastlabki kunlarga to‘g‘ri kelib qoldi. Oksana bilan Tokioda gaplashganimizda so‘nggi olimpiadam bo‘lishiga qaramay, medal uchun kurashaman, jiddiy tayyorgarlik ko‘ryapman, dedi. Shundan kelib chiqib, dastlabki kunlarda ishtirokini o‘tkazadigan vakillarimizni ochilish marosimiga jalb etmaslikka qaror qildik».

Boksdagi hakamlik adolatsiz bo‘ldimi?

MOQ bosh kotibi bokschi Miraziz Mirzaxalilovning jangi bilan bog‘liq vaziyatda O‘zbekiston delegatsiyasi qay tariqa hakamlikka norozilik bildirganini aytib berdi: «O‘zbek sporti ixlosmandlari bokschilarimizdan katta natija kutishini bilar edik. Ko‘pchilik bokschilarimizning dastlabki raundlarda musobaqani tark etishi biz uchun ham kutilmagan holat bo‘ldi. Ta'kidlab o‘tish lozimki, bu galgi olimpiya o‘yinlaridagi boks musobaqalari AIBA tomonidan emas, balki Xalqaro olimpiya qo‘mitasi tomonidan tayinlangan maxsus guruh: Xalqaro gimnastika federatsiyasi rahbari Morinari Vatanabe va Xalqaro dzyudo federatsiyasi rahbari Marius Vizer kabi mutasaddilar tomonidan tashkillashtirildi.

Bokschilarimizning ishtirokidagi hakamlik borasidagi tashvishli holatdan so‘ng, musobaqalarni bevosita tashkillashtirish bilan shug‘ullanayotgan Morinari Vatanabe bilan ko‘rishdik. Mavjud vaziyat yuzasidan fikr almashdik va bizga mutaxassis biriktirib berildi. Ushbu mutaxassis men va boks murabbiylarimiz bilan Miraziz Mirzaxalilovning ishtirokini qaytadan ko‘rib chiqib, ochko hisoblash tizimini tushuntirib berdi. Hisoblashda xatoliklar bo‘lgani tan olinishi bilan birga 100 foizlik nohaq hakamlik bo‘lmagani tushuntirib berildi. Amerikalik hakam sportchimiz yaqqol yutib turgan joyda tushunarsiz qaror qabul qilgani shubhali deb topilgan va bu hakam musobaqadan chetlatilgan. Bizga xabar berilishicha, murojaat bilan chiqqanimizdan so‘ng yana ikki hakam chetlatilgan», dedi Oybek Qosimov.

Dzyudodagi natijalar yomonlashyaptimi? Iliadis boshchiligidagi murabbiylar shtabi yaxshi ish olib bordimi?

Bu savolga Tokio olimpiadasi sovrindori, dzyudochi Davlat Bobonov javob berdi: «Faqat olimpiada misolida gapirsak, sarflangan pul natijalarda aks etmagan, deyish mumkin, lekin biz so‘nggi uch oy ichida jahon chempionati, Osiyo chempionati va olimpiada o‘yinlarida ishtirok etdik. Osiyo chempionatida O‘zbekiston dzyudosi tarixidagi eng yaxshi natijani qayd etdik. Jahon chempionatida ilk bor jamoaviy miks bahslarida bronza medalini qo‘lga kiritdik.

Iliadis bosh murabbiy bo‘lgan 2019 yilning oxirida men butunjahon dzyudo reytingida 55-o‘rinda edim. Olimpiada saralashining yakuniy reytingiga nazar tashlasangiz, yakuniy sakkizlikdan mening vaznimda yana 2 nafar o‘zbekistonlik sportchi o‘rin olganini ko‘rishingiz mumkin. Eng yuqori reytingga ega bo‘lganim uchun men Tokioga bordim. Lekin bir qator kuchli polvonlarning olimpiya o‘yinlariga nomzod bo‘lgani o‘zbek dzyudosi yaxshi rivojlanayotganidan darak beradi», dedi Bobonov.

Mavzuga oid