Jahon | 07:20 / 31.08.2021
8281
2 daqiqa o‘qiladi

Braziliyada jinoyatchilar garovga olingan odamlardan tirik qalqon sifatida foydalandi

Braziliyada banklarni tunovchi o‘g‘rilar politsiyadan qochish vaqtida garovga olingan odamlardan tirik qalqon sifatida foydalandi. Ular San Paulu shtatidagi Arasatuba shahrida joylashgan bir nechta bankga hujum qilishgan.

Videodan kadr

Milliy telekanallardan birining jurnalisti Yuriy Makrining ta'kidlashicha, o‘g‘riliklar vaqtida uch kishi, jumladan bir jinoyatchi halok bo‘lgan. 20 kishidan iborat jinoiy to‘da banklarga hujum qilish vaqtida politsiya e'tiborini chalg‘itish maqsadida shaharning turli qismlarida avtomobillarni portlatgan.

Jinoyatchilar politsiya tomonidan o‘qqa tutilishdan qochish maqsadida garovga olgan odamlarni avtomobillar tomi va kapotlariga bog‘lab qo‘yishgan.

“Politsiya jinoyatchilarga hujum qilolmaydi, chunki o‘rtada juda ko‘p odamlar hayoti turibdi”, deb aytgan Arasatuba meri Dilador Borges.

Ta'kidlanishicha, shaharda portlashlar xavfi saqlanib qolyapti, fuqarolardan o‘z uylaridan chiqmaslik so‘ralgan va maktablarda darslar bekor qilingan.

Politsiya jinoyatchilarni ta'qib qilish vaqtida ulardan uch nafarini tutishga muvaffaq bo‘lgan. Qolgan jinoyatchilar esa yashiringan.

Avtomobillarga bog‘lab qo‘yilgan odamlarning taqdiri haqida hozircha hech narsa ma'lum emas.

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid