19:15 / 31.08.2021
1729

#Kunmobilmuxbiri_effekti: To‘rtko‘lda salkam yarim yildan beri internet tortilmayotgan maktabga 16 km.lik optik tolali kabel tortildi

Bir necha kun oldin #Kunmobilmuxbiri To‘rtko‘l tumani «Elamonov» fermer xo‘jaligi hududidagi maktabga 5-6 oydan beri internet simlari tortilmayotgani haqida xabar bergandi. Mobil muxbirga ko‘ra, hududdagi 20-maktabga internet olib kirish uchun kerakli kabellar bundan salkam yarim yil oldin olib kelingandi.

Ushbu holat yuzasidan «O‘znektelekom» AK Qoraqalpog‘iston filiali rasmiy ma'lumot berdi. Maqolada ko‘rsatilgan tumandagi «Elamonov» fermer xo‘jaligi hududidagi 20-maktabga 16 km uzunlikdagi optik tolali kabellar tortilgan. 26 avgust kuni kabelni yo‘ldan o‘tkazish uchun avtomobil yo‘lida qazish ishlari olib borilgan. 30 avgust kuni ishlar to‘liq yakuniga yetkazilib, maktab internet tarmog‘iga ulangan. Bu xabarni #Kunmobilmuxbiri ham tasdiqladi. Mobil ishlar yakuniga yetgan joydan tahririyatga buni ma'lum qildi.

Qo‘shimcha qilinishicha, To‘rtko‘l tumani telekommunikatsiya tarmog‘i tomonidan 2020-2021 yillar davomida Tuman xalq ta'limi bo‘limiga qarashli 69 ta maktabga zamonaviy shisha tolali aloqa kabellarini tortish rejalashtirilgan. Bugungi kunda ushbu maktablarning 61 tasiga 97,3 km optik tolali kabellar tortilgan. Qolgan maktablarga yil yakuniga qadar internet simlari olib borish rejalashtirilgan.

Eslatib o‘tamiz, bundan oldin #Kunmobilmuxbiri yordamida Amudaryodagi yarmi o‘yilib, yarmi qolgan ko‘prikda ta'mirlash ishlari boshlanishi haqida xabar bergandik.

Mavzuga oid
Top