Jahon | 14:32 / 01.09.2021
24460
2 daqiqa o‘qiladi

Afg‘onistonning uch viloyatida qarshilik kuchlari toliblar bilan jang qilmoqda – OAV

Avvalroq «Tolibon» Panjsherdagi uchta muhim tuman va dovonni qo‘lga kiritganini ma'lum qilgandi. Ammo qarshilik kuchlari bu ma'lumotni rad etdi.

Foto: Reuters

Afg‘onistonning Panjsher, Parvon va Bag‘lon viloyatlarida toliblarga qarshi janglar davom etmoqda, deb xabar berdi Asvaka agentligi.

Agentlikning ma'lumot berishicha, to‘qnashuvlar kecha soat 23da toliblar hujumidan so‘ng boshlangan va hali ham davom etmoqda.

Avvalroq «Tolibon» Panjsherdagi uchta muhim tuman va dovonni qo‘lga kiritganini ma'lum qilgandi. Ammo qarshilik kuchlari bu ma'lumotni rad etdi.

Interfaks agentligi o‘z manbalariga tayanib xabar qilishicha, o‘tgan tunda toliblar Havak dovoni orqali Panjsher viloyatiga kirishga uringan.

«O‘tgan tundagi to‘qnashuvlarda toliblar 350 nafar askaridan ajraldi, 40dan ortiq kishi asirga olindi. Jangchilarimiz ko‘plab Amerika transport vositalari, qurol va o‘q-dorilarni qo‘lga kiritdi», — deb xabar bergan agentlik manbasi Havakdagi bo‘linma komandiri Munib Amiriyga tayanib.

Shuningdek, ertalab toliblar Parvon viloyatining Gulbahor aholi maskani orqali Panjsherga kirishga uringani xabar qilindi.

«Qarshilik kuchlari hujumni qaytardi, toliblar orasida qurbonlar bor. Jangarilar Panjsherga olib boradigan asosiy yo‘lni to‘sib qo‘yishdi, to‘qnashuv davom etmoqda», — deyiladi manba bergan xabarda.

Hozirda Panjsher toliblar nazoratiga o‘tmagan yagona viloyat bo‘lib turibdi.

Mavzuga oid