O‘zbekiston | 09:14 / 01.09.2021
7479
2 daqiqa o‘qiladi

Qashqadaryoda tez harakatlangan Cobalt mashinasi Lacetti bilan to‘qnashib ag‘darilib ketdi

Ijtimoiy tarmoqlarda Qashqadaryo viloyati Nishon tumanida tez harakatlangan Cobalt mashinasi Lacetti bilan to‘qnashib ag‘darilib ketgani tasvirlangan video tarqaldi. IIV YHXBB hodisa haqida ma'lumot berdi.

Ma'lum qilinishicha, joriy yilning 30 avgust kuni soat 14:00 larda davlat ahamiyatiga ega bo‘lgan 4R89 Qarshi-Talimarjon GRES avtomobil yo‘lining Nishon tumani, «Paxtakor» MFY hududidan o‘tgan 18-kilometrida Cobalt va Lacetti mashinalari ishtirokida yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘lgan.

Videoda tasvirlanishicha, 1993 yilda tug‘ilgan R.Sh. boshqaruvidagi Cobalt tez harakatlanib kelayotganda 1959 yilda tug‘ilgan B.A. boshqaruvidagi Lacetti mashinasi uning yo‘liga chiqqan. Cobalt haydovchisi Lacetti bilan to‘qnashmaslik uchun mashinani o‘ng tarafga burib yuborgan. Oqibatda Cobalt mashinasi avval Lacetti bilan yengil to‘qnashgan. So‘ng yo‘l chetiga chiqib ketgan va to‘xtab turgan mashinalardan birining tirkamasiga urilib ag‘darilgan.

Oqibatda Cobalt mashinasida yo‘lovchi sifatida ketayotgan shaxs tan jarohatlari olib shifoxonaga olib ketilgan.

Qayd etilishicha, hozirda mazkur hodisa yuzasidan Nishon tumani IIB YHXB xodimlari tomonidan surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.

Ғайрат Йўлдошев
Tayyorlagan Ғайрат Йўлдошев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid