O‘zbekiston | 13:18 / 02.09.2021
8070
2 daqiqa o‘qiladi

«Kelgusi ikki yilda davlat ishtirokidagi korxonalar miqdori kamida 3 barobar qisqartiriladi» - Sardor Umurzakov

Toshkentdagi Xalqaro Kongress markazida Islom taraqqiyot banki Boshqaruvchilar kengashining xususiy sektorni rivojlantirishga bag‘ishlab o‘tkazilayotgan yig‘ilishida O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari Sardor Umurzakov erkin bozor iqtisodiyotini yaratish uchun oxirgi yillarda O‘zbekistonda amalga oshirilgan 6ta eng muhim o‘zgarishni sanab o‘tdi.

«Birinchidan, mamlakatda valuta konvertatsiyasi amalga oshirildi va chiqib ketgan investorlarning muammolari tizimli o‘rganilib, ularni orqaga qaytarish ishlari amalga oshirildi. Sarmoyadorlar uchun barcha cheklovlar olib tashlandi.

Ikkinchidan, joriy yilning 20 avgustida birinchi marta O‘zbekiston Prezidenti va tadbirkorlar o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri muloqot o‘tkazildi. Biznes muhitidagi dolzarb muammolarni aniqlab, yechimlarni o‘rganish, shuningdek takomillashtirish bo‘yicha amaliy taklif va tashabbuslar ishlab chiqildi.

Uchinchidan, 2021 yil 1 avgustdan ochiq, bozorga asoslangan yer ajratish tartibini joriy etish to‘g‘risida prezident farmoni kuchga kirdi. Bu tashabbus yer uchastkalarini xususiy sektorga ham mulkchilik, ham ijara huquqi asosida ajratish, tadbirkorlarga esa ularni sotib olish va sotish obektiga aylantirish imkonini beradi.

To‘rtinchidan, biz xususiylashtirish dasturini boshladik, uning doirasida O‘zbekistonning yirik kompaniyalari va banklaridagi davlat ulushlari sotuvga qo‘yildi. Kelgusi ikki yilda davlat ishtirokidagi korxonalar miqdori kamida 3 barobar qisqartiriladi.

Beshinchidan, bugun O‘zbekistonda ijro etuvchi hokimiyat vakolatlari bosqichma-bosqich Parlamentga o‘tkazilmoqda. Qarorlar hukumat amaldorlari tomonidan emas, balki fuqarolar va jamiyat manfaatlariga mos keladigan, yaxshi ishlaydigan, xolis tizim tomonidan qabul qilinishi kerak.

Oltinchidan, jamiyatni bosqichma-bosqich demokratlashtirish uzoq muddatli, pragmatik, odamlarning hayotini yaxshilashga yo‘naltirilgan siyosatimizning ustuvor yo‘nalishlaridan biridir.

O‘zbekiston demokratik davlat va adolatli jamiyat qurishga qaratilgan radikal islohotlarni boshladi, bu yerda «Inson manfaatlari hamma narsadan ustun» tamoyilini amalga oshirish ustuvor vazifadir. Biz erkin bozor iqtisodiyoti, qonun ustuvorligi va inson huquqlariga asoslangan jamiyat tamoyillaridan chetga chiqmasligimizga kafolat beramiz», dedi Sardor Umurzakov.

Достон Аҳроров
Tayyorlagan Достон Аҳроров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid