Jahon | 08:14 / 10.09.2021
14187
4 daqiqa o‘qiladi

Fransiyada Jan-Pol Belmondo bilan vidolashish marosimi bo‘lib o‘tdi

Foto: AP

Fransiyada 6 sentabr kuni 89 yoshida hayotdan ko‘z yumgan mashhur aktyor Jan-Pol Belmondo bilan vidolashish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Fransiya prezidenti Emmanyuel Makron boshchilik qilgan marosim Nogironlar uyi faxriy saroyida bo‘lib o‘tdi. U yerda aktyorning katta portreti ilib qo‘yildi. Marosimga bosh vazir Jan Kasteks boshchiligida hukumat vakillari, aktyorning hamkasblari – Kann kinofestivali bosh delegati Terri Fremo, “Oskar” sovrindori Jan Dyujardan, taniqli aktyor Sami Naseri, Fransiyaning sobiq prezidenti Fransua Olland va uning rafiqasi aktrisa Jyuli Gayye tashrif buyurdi.

Aktyor bilan vidolashish marosimida uning 6 nabirasi ham ishtirok etdi. Ulardan biri, 27 yoshli Viktor Belmondo oila nomidan so‘z oldi. “Bizga shuncha quvonch ulashganing uchun rahmat. Ishonamanki, sen har doimgidek hozir ham tabassum qilmoqdasan. Quyosh so‘nmaydi. Barcha o‘ylarimiz sen haqingda, biz seni yaxshi ko‘ramiz”, deb aytgan aktyorning nabirasi.

Foto: EPA

Fransiya prezidenti Emmanyuel Makron marhum aktyorni “ekranda minglab hayotlarni boshdan kechirgan qahramon” deb atagan. “U Fransiyani yaxshi ko‘rardi, davrlar osha o‘tdi va barcha to‘siqlarni buzdi. U o‘z san'ati bilan doim yangi tomoshabinlar mehrini qozonib kelgan. U abadiy hayotdir, chunki o‘z san'atini yangi avlod aktyorlariga topshirdi”, deb aytgan prezident. Shundan keyin faxriy legion zobiti bo‘lgan aktyor sharafiga Fransiya madhiyasi yangragan.

“Biz birga 60 yil avval boshlagan kinodagi hayotimning bir qismi ketdi”, deb aytgan boshqa bir fransuz aktyori Alen Delon hamkasbini xotiralab. U sog‘lig‘i sababli marosimda ishtirok eta olmagan. “Jan-Pol haqida o‘ylaganimda go‘yoki akamni yo‘qotgandekman”, deb aytgan taniqli kinoryojisser Klod Lelush.

Fransuz matbuotining yozishicha, “Belmondoning nomi uzoq yillar davomida kinofilmlarga muvaffaqiyatni kafolatlagan”.

Mahalliy vaqt bilan soat 19:30 da marosim yakunlangach, Nogironlar uyi aktyor bilan vidolashishni istagan barcha uchun ochiq bo‘ladi. Ta'kidlanishicha, ba'zilar bu onlarni ertalabki soat 7 dan beri poylamoqdalar.

Foto: EPA

10 sentyabrda Sen-Jyermen-de Pre cherkovida aktyorning oila a'zolari ishtirokida tor doirada uning dafn marosimi bo‘lib o‘tadi.

Belmondo 15 yil avval insultni boshdan kechirgach, salomatligi yomonlashib, kinodagi faoliyatini vaqtincha to‘xtatgan va omma oldida kamdan kam ko‘rinish bergan. Fransuzlar uni “milliy boylik” deb atashgan. Aktyor bilan uchrashishga muvaffaq bo‘lganlar uning kamtarinligidan hayratlanishgan va uni “do‘st yoki oila a'zosi” deb atashgan. 

Belmondo kinodagi faoliyatini 1957 yilda boshlagan. U 80dan ko‘proq filmda rollar ijro etgan va ularning aksariyatida murakkab tryuklarni o‘zi bajargan.

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid