O‘zbekiston | 20:41 / 14.09.2021
10521
4 daqiqa o‘qiladi

Sherzodxon Qudratxo‘ja - saylovlarning OAVda yoritilishi va prezidentlikka nomzodlar o‘rtasidagi debatlar haqida

14 sentabr kuni Toshkentdagi Simpoziumlar saroyida Markaziy saylov komissiyasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda Shavkat Mirziyoyev, Maqsuda Vorisova va Bahrom Abduhalimovni O‘zbekiston prezidentligiga nomzod etib ro‘yxatga olish masalasi ko‘rib chiqildi.

Kun.uz muxbirining xabar berishicha, majlis yakunida Markaziy saylov komissiyasi a'zosi Sherzodxon  Qudratxo‘ja prezidentlik saylovlarining mahalliy va xorijiy OAVda yortilishi hamda prezidentlikka nomzodlar o‘rtasidagi debatlar borasida jurnalistlar savollariga javob berdi.

«O‘zbekiston prezidentlik saylovlarini 1.5-2 ming atrofida jurnalistlar yoritib borishi mumkin»

Sherzodxon Qudratxo‘jaga ko‘ra, bugungi kunga qadar 50 ta mahalliy OAVning 905 nafar vakillari akkreditatsiyadan o‘tkazilgan.

«Bundan tashqari, Ozarboyjonning «AzerTadj» agentligi, Buyuk Britaniyaning «BBC», «Sky News» teleradiiokompaniyasi, «Reuters» agentligi, «The Economist» jurnali, Eronning «IRIB» teleradiokompaniyasi, «Fars news» agentligi, Qozog‘istonning «Kazinform», «Xabar» agentligi, «Kursiv» gazetasi, Xitoyning «Sinxua» agentligi, Rossiyaning VGTRK, «Novyy Vek» teleradiokompaniyasi, «Interfaks», «Rossiya segodnya», «Sputnik», «TASS» axborot agentliklari, AQShning «Amerika ovozi» teleradiokompaniyasi, Turkiyaning «Anadolu» axborot agentligi, Fransiyaning «France-Presse» agentligi kabi 29 ta nufuzli xorijiy OAVlari tashkilotlarining 48 nafar jurnalisti akkreditatsiyadan o‘tkazilgan.

Hali saylovga 40 kuncha vaqt bor va men o‘ylashimcha, akkreditatsiyadan o‘tgan va saylovlarni yoritadigan jurnalistlar soni 1.5-2 ming atrofida bo‘lishini kutyapman», – dedi Markaziy Saylov komissiyasi a'zosi.

«Saylovni kuzatishda mahalliy va xorijiy OAVga teng imkoniyatlar yaratiladi»

Jurnalistlar tomonidan shu mazmunda berilgan savolga Sherzodxon Qudratxo‘ja «barchaga bir xil imkoniyat», – deya javob qaytardi.

Unga ko‘ra, O‘zbekistondagi mahalliy «Pay ariq hayoti» yoki «Urgut sadosi» qanday huquqqa ega bo‘lsa, «BBC» va SNN ham shunday huquqqa ega bo‘ladi.

«Bizning saylovda yashiradigan narsamiz yo‘q, faqat ovoz berish yashirindir», – dedi u.

Prezidentlikka nomzodlar o‘rtasidagi debatlar: Kim? Qachon? Qanday?

Markaziy saylov komissiyasiga berilgan navbatdagi savol demokratik davlatlarda saylovlarning bir qismi bo‘lgan debatlar mavzusida bo‘ldi.

Sherzodxon Qudratxo‘jaga ko‘ra, qoida bo‘yicha debatlar saylovga taxminan 35 kun qolganda boshlanadi.

«Bu taxminan 19-20 sentyabrlarga to‘g‘ri keladi. Markaziy saylov komissiyasi esa bu jarayonda efir vaqtining barchaga bir xil va adolatli taqsimlanishini ta'minlaydi.

Debatlarni baholab boruvchi xalqimiz bo‘ladi. Biz saylovlarni faol, qiziq va debatlar bilan bo‘lishi tarafdorimiz. Saylovlarda eng qizg‘in payt endi boshlanyapti. Buni xalq, ekspertlar, xalqaro kuzatuvchilar va OAV vakillari baholab boradi. Bunda eng muhim bahoni baribir saylovchilar beradi», – dedi Sherzod Qudratxo‘ja.

Mavzuga oid