O‘zbekiston | 20:32 / 17.09.2021
3670
2 daqiqa o‘qiladi

«Saylovdan bir kun avval targ‘ibot materiallarini yig‘ib olish majburiy emas, lekin yangisini tarqatish taqiqlanadi» - MSK

Saylovoldi targ‘ibot materiallarini partiyalar tomonidan saylovdan bir kun avval yig‘ib olish majburiyati bekor qilingan, ammo saylovdan bir kun avval yangi targ‘ibot materiallarini tarqatish taqiqlanadi.

Bu haqda MSKning bugun, 17 sentabr kuni o‘tkazilgan matbuot anjumanida eslatildi.

«2019 yilgacha nomzodlarning tashviqot materiallarini saylovga bir kun qolganda yig‘ib olish majburiyati bor edi. Bu siyosiy partiyalar uchun ham, mahalliy davlat hokimiyati organlari uchun ham katta qiyinchilik tug‘dirardi. Chunki tashviqot tadbirlari kechki payt tugaydi va ertasiga ovoz berish boshlanishi kerak.

Dunyo amaliyotida bu kabi materiallar saylov kuni ham, u o‘tgach ham turadi. Shuning uchun 2019 yildan boshlab bu amaliyotdan biz ham voz kechganmiz. Demak, siyosiy partiyalarda saylov oldidan plakatlarni yig‘ib olish majburiyati yo‘q. Lekin saylovga bir kun qolganda qo‘shimcha targ‘ibot materiallarini tarqatish, ilib qo‘yish taqiqlanadi.

Hozir saylovchilar saylov bo‘yicha eng katta ma'lumotni qayerdan oladi? Ijtimoiy tarmoqlardan.

Mantiqan olsak, biz ijtimoiy tarmoqlardan ham barcha materiallarni yig‘ib olishimiz kerak bo‘lardi, lekin buning iloji yo‘q. Shu nuqtayi nazardan olganda, saylovoldi targ‘ibotlarning turishi qonunga zid emas», – deya Markaziy saylov komissiyasi kotibi Xudoyor Mamatov so‘zlarini keltirdi Kun.uz muxbiri.

Ma'lumot uchun, MSKning bugun o‘tkazilgan majlisi qarori bilan prezidentlikka nomzodlarning saylovoldi tashviqoti 2021 yil 20 sentyabrdan boshlanishi belgilandi.

Илёс Сафаров
Tayyorlagan Илёс Сафаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid