Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Samarqandda yirik «mega-loyihalar»ning ishga tushirilishi viloyatni «Innovatsion sanoat xabi»ga aylantiradi - Shavkat Mirziyoyev
Kelgusi 5 yilda Samarqandda bir qator yirik “mega-loyihalar”ning ishga tushirilishi viloyatni mamlakatning “Innovatsion sanoat xabi”ga aylantiradi. Bu haqda Shavkat Mirziyoyev ma'lum qildi.
“Kelgusi besh yilda viloyatda 8 milliard dollarlik 5,5 mingdan ziyod katta-kichik investitsiya loyihalari amalga oshirilib, 250 ming doimiy ish o‘rinlari yaratiladi. Ushbu loyihalar viloyat uchun “drayver” hisoblangan tarmoqlarda amalga oshiriladi.
Jumladan, to‘qimachilik sanoatida besh yilda umumiy qiymati 750 million dollarlik 182 ta loyihalar ishga tushirilib, 19 mingta yangi ish o‘rinlari yaratiladi va ip-kalavani qayta ishlash darajasi 100 foizga yetkaziladi.
Qurilish materiallari sanoatida Nurobod, Qo‘shrabot, Narpay, Past Darg‘om, Paxtachi tumanlari va Kattaqo‘rg‘on shahrida 1,4 milliard dollarlik 21 ta loyiha amalga oshirilib, 10 mingta ish o‘rni tashkil etiladi.
“Urgut” erkin iqtisodiy zona tajribasidan kelib chiqib, Past Darg‘om, Jomboy, Samarqand tumanlari va Samarqand shahrida elektrotexnika sohasida 200 million dollar investitsiyalar hisobiga 4,5 ming ish o‘rinlik alohida sanoat klasteri ishga tushiriladi. Natijada, viloyatda maishiy texnika ishlab chiqarish hajmi 10 barobarga, eksporti 6 barobarga oshiriladi.
Shuningdek, charm-poyabzal va ipakchilik sanoatlarida 260 million dollarlik 52 ta loyihalar amalga oshirilib, 10 mingta yangi ish o‘rinlari tashkil etiladi. Viloyatning ahamiyatli sohalaridan biri – meva-sabzavotni qayta ishlash sanoatida 75 ta loyiha amalga oshirilib, 180 million dollar investitsiyalar o‘zlashtiriladi va 5 mingta doimiy ish o‘rinlari yaratiladi. Eng muhimi – viloyatda yetishtiriladigan meva-sabzavotlarning qayta ishlash darajasi 50 foizga yetkaziladi.
Kelgusi 5 yilda Samarqandda bir qator yirik “mega-loyihalar”ning ishga tushirilishi viloyatni mamlakatimizning “Innovatsion sanoat xabi”ga aylantiradi. Jumladan, Samarqand metallurgiya zavodida 300 million dollar investitsiya hisobiga, metallurgiya klasteri tashkil etiladi. Klasterda har yili 870 ming tonna metall mahsulotlari ishlab chiqariladi.
Xuddi shunday, “Samavto” korxonasida kelgusi yilda 50 million dollar investitsiyalar o‘zlashtirilishi hisobiga avtobus, yuk va maxsus avtomobillarni ishlab chiqarish 2,5 barobarga oshiriladi (4 mingdan 10 mingtaga). Shuningdek, “UrGaz karpet” va “SAG” korxonasi negizida sun'iy toladan to tayyor gilam va to‘qimachilik mahsulotlarigacha ishlab chiqarish jarayonini qamrab olgan 500 million dollarlik klaster barpo etiladi. Natijada, 5 mingta yangi ish o‘rinlari yaratiladi va 250 million dollarlik qo‘shimcha eksport hajmlari qo‘shiladi.
Ushbu yirik loyihalarni amalga oshirish maqsadida, O‘zbekiston To‘g‘ridan to‘g‘ri investitsiyalar jamg‘armasi tomonidan tuziladigan “Milliy sanoat xoldingi” mablag‘lari jalb etiladi”, dedi Shavkat Mirziyoyev.
Mavzuga oid
23:04 / 13.06.2026
Samarqandda Rossiyada ishlashni rejalashtirayotgan fuqarolar uchun test markazi ochiladi
10:50 / 12.06.2026
Samarqandning olis tumanlariga investitsiyalar jalb etiladi
17:46 / 10.06.2026
Samarqand tumanlari qishloq xo‘jaligi, to‘qimachilik va qayta ishlash sanoatiga ixtisoslashgan hudud sifatida rivojlantiriladi
17:45 / 05.06.2026