O‘zbekiston | 20:03 / 24.09.2021
6754
3 daqiqa o‘qiladi

Yangi qonun bilan Davlat bojxona qo‘mitasi tadbirkorlarga pulli xizmatlar ko‘rsatishi nazarda tutilmoqda

«Davlat bojxona xizmati to‘g‘risida»gi qonunga kiritilayotgan o‘zgartirishlarga muvofiq, bojxona organlari tomonidan tadbirkorlar uchun ayrim pulli xizmatlar ko‘rsatilishiga ruxsat berilmoqda. Bu haqda bugun, 24 sentabr kuni Oliy Majlis Senatining Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi yig‘ilishida ma'lum qilindi, deb xabar berdi Kun.uz muxbiri.

Davlat bojxona qo‘mitasi boshqarma boshlig‘i, bojxona xizmati polkovnigi Farhod Olimjonovning aytishicha, «Davlat bojxona xizmati to‘g‘risida»gi qonunning jami 9 ta moddasiga o‘zgartirish kiritish nazarda tutilmoqda. Qonunni amalga kiritish davlat budjetidan qo‘shimcha xarajatlar talab qilmaydi.

«Davlat bojxona qo‘mitasiga qo‘shimcha bojxona auditi o‘tkazish yuzasidan qo‘shimcha huquqlar berilmoqda. Qo‘mitada yangi tashkil qilingan «Bojxona auditi» tarkibiy tuzilmasiga tadbirkorlik sub'yektlari faoliyatini monitoring qilish, sayyor tekshiruv o‘tkazish huquqi berilmoqda.

Shuningdek, qonun loyihasida DBQ xodimlari tomonidan pulli xizmatlar ko‘rsatish vakolatlari berilmoqda. Qonun qabul qilingach, tadbirkorlarga ular tomonidan so‘ralgan nokonfidensial va statistik ma'lumotlarni tahlil qilgan holda berish, qo‘shimcha xizmat itlarini tayyorlash, veterinariya xizmatlarini ko‘rsatish, bojxona postlarida bo‘sh turgan obektlarimizni ijaraga berish kabi pulli xizmatlar ko‘rsatilishi mumkin», - dedi u.

Olimjonovning so‘zlariga ko‘ra, pulli xizmatlarni ko‘rsatishdan tushadigan daromadlar DBQ jamg‘armasiga tushadi. Lekin ushbu jamg‘armadagi pul taqsimoti Vazirlar Mahkamasining 62-sonli qaroriga asosan, tegishli miqdorda davlat budjet va qo‘mitaga ajratiladi.

Shuningdek, ochiq ma'lumotlar portalida davlat bojxona qo‘mitasi tomonidan undirilgan bojxona to‘lovlari va yig‘imlari ochiqlab boriladi. 

«2021 yildan boshlab tovarlarni O‘zbekistonga kirishidan avval klassifikatsiya kodini aniqlab, dastlabki kodini aniqlash bo‘yicha to‘lov yig‘imi 50 yevrodan bazaviy hisoblash miqdorining 75 foizigacha arzonlashdi. Avvallari bir yilda 10 tagacha dastlabki qarorlar berilgan bo‘lsa, ayni vaqtda yiliga 3-4 ming atrofida bunday hujjat berilmoqda. Bu tovarlarni rasmiylashtirish vaqtida tadbirkorlarning ortiqcha vaqtini olmaslikka olib keladi", - dedi Davlat bojxona qo‘mitasi mas'uli.

Mavzuga oid