Jahon | 20:45 / 26.09.2021
33476
18 daqiqa o‘qiladi

Temir frau bilan xayrlashuv. Angela Merkel Germaniya va Yevropa uchun kim edi?

Angela Merkel ketmoqda. U 26 sentyabrdan keyin ham yangi hukumat shakllantirilgunga qadar kansler vazifasini bajarishda davom etadi, ammo u ketishi hal bo‘lgan. Uning o‘rnini kim egallashi va bu qanday bo‘lishi hali mutlaqo mavhum.

Merkel qariyb 16 yil davomida o‘z mamlakati hukumatiga rahbarlik qilib, Germaniya va Yevroittifoqni ittifoq konstitutsiyasi qabul qilinishi, Gretsiyadagi inqiroz, migratsiya inqirozi, breksit, Trampning prezidentligi va nihoyat pandemiyadan olib o‘tdi.

U darhol ketmaydi: yangi hukumat shakllantirilishiga oylar ketishi mumkin. Ammo an'anaga ko‘ra yangilarga meros bo‘lib qolmasligi uchun iste'foga ketadigan kabinet hech qanday strategik qaror qabul qilmaydi.

Dunyodagi yetakchi nashrlar Merkelni dunyodagi eng ta'sirli ayol deb atashdi, AQShda Donald Tramp prezidentligida esa - u «erkin dunyoning yangi yetakchisi» sifatida ko‘rildi.

Ko‘zga tashlanmagan yulduz
Merkel - Germaniyada hukumat rahbari bo‘lgan ilk ayol. Kanslerlik lavozimida bo‘lish davomiyligi bo‘yicha u allaqachon Konrad Adenauerni ortda qoldirgan va yana bir necha oy lavozimda qolsa, Gelmut Kolga yetib olishi mumkin – bular urushdan keyingi va Merkelgacha bo‘lgan davrdagi Germaniyani ifodalovchi kanslerlardir. Barchadan ko‘p vaqt kanslerlik qilgan shaxs esa Otto fon Bismark bo‘lgandi.

Shu bilan birgalikda, Merkel Adenauer va Koldan farqli ravishda o‘z ixtiyori bilan ketmoqda.

Merkel ketishi haqida uch yil muqaddam e'lon qilganiga qaramay, u umuman «cho‘loq o‘rdak» (bu atama saylangan lavozimdagi shaxsning vazifasidan ketishi va ortiq saylovchilari oldida mas'ul emasligini ifodalaydi) bo‘lgani yo‘q. Nemis matbuoti tomonidan «Mutti» (Ona) deb alqangan siyosatchi mamlakatdagi eng katta ta'sirga ega shaxs bo‘lib qolaverdi.

Yosh Angela Merkelni nemis siyosatidagi zubr bo‘lmish, kansler Gelmut Kol qo‘llagan. U Angelani "mening qizim" deb atagan. 1990 yilda Merkel birlashgan Germaniya bundestagi deputati bo‘ladi, 1991 yilda esa vazirlikka tayinlanadi.

Ko‘plab nemislar Merkelsiz Germaniya qanday bo‘lishini shunchaki tasavvur qila olishmaydi, kansler lavozimiga nomzodlar: sotsial-demokratlar yetakchisi, vitse-kansler Olaf Sholtz, Merkel partiyasi – XDI yetakchisi Armin Lashet va yashillar vakili Annalena Berbok - ularning barchasi saylovoldi kampaniyasi davomida Merkel olib borgan siyosatni davom ettiruvchi voris sifatida ko‘rsatishga urinishdi. So‘rovlarga ko‘ra, hozircha Shols nemislarni ko‘proq ishontira olgan.

Merkel hech qachon vatandoshlarini jozibali shiorlar bilan maftun etishga urinmagan, omma kayfiyatini bir lahzada ko‘tarishga harakat qilmagan, radikal islohotlarga qo‘l urmagan. U deyarli har doim zerikarli siyosat olib borar, murosa yo‘llarini izlar, ishontirar, bosim qilar va o‘rni kelganda chekinardi. Bu esa qat'iy qadamlar tashlash tarafdorlarini juda g‘azablantirardi (masalan, mamlakatdagi radikal yashillar yoki Rossiyadan xavfsirovchi sharqiy yevropaliklarni), ammo u o‘z uslubi bilan mamlakatdagi deyarli barcha yetakchi siyosatchilar hamda nemis saylovchilarining aksar qismini o‘z tomoniga og‘dirib olgan.

Umuman olganda, Merkel faqat ikki marta ko‘pchilikning istagiga qarshi borib qaror qabul qilgan. Bu Gretsiya iqtisodiyoti halokatga uchragan va yevrohududdagi inqiroz vaqtida hamda migratsiya inqirozi vaqtida.

Tarixdagi bu ikki inqirozdan Merkelning ikki iborasi qolgan.

Wo ein Wille ist, da ist auch ein Weg
«Xohish bo‘lsa, chiqish yo‘li topiladi». Merkel bu iborani Gretsiya qarzga botgan va bu butun yevro hududiga xavf solgan vaqtda ko‘p marta takrorlagandi.

Greklar ularga belgilangan qat'iy iqtisodiy choralardan g‘azablanishadi, 2015 yilda so‘lchi bosh vazir Aleksis Tsiprasni saylashadi, keyin referendumda mamlakat iqtisodiyotini qutqarishga qarshi ovoz berishadi va Afina defolt e'lon qiladi. Juda ko‘plab nemis moliyachilari va tadbirkorlar Gretsiyani yevro hududidan chiqarib yuborishni istashadi, ular o‘n milliardlab yevrolarini saqlab qolish mumkinligini tushunishardi.

Barchasidan muhimi umumevropa valutasini saqlab qolish deb hisoblagan Merkel ularning barchasini bunga ko‘ndiradi.

«Agar Berlinda nisbatan kuchsizroq siyosatchi rahbar bo‘lganida, u geosiyosiy oqibatlarni inkor etgan va talablarga ko‘nib, Gretsiyani yevrohududdan chiqarib yuborgan bo‘lardi», – deydi Gretsiyadagi «Yekatimerini» nashri muharriri Aleksis Papachelas.

Yakun: Gretsiya endilikda o‘zidan yigirma yil keyin Yevropa Ittifoqiga kirgan sotsialistik lagerning sobiq mamlakatlaridan qashshoqroq bo‘lib chiqdi, ammo yevrohudud qutqarildi, Merkelning o‘sha vaqtdagi harakatlari esa nemislarning ko‘pchiligi tomonidan ma'qullanadi.

Wir schaffen das
«Biz buni qilamiz» yoki «biz qila olamiz». Merkel bu shiorni Barak Obamadan o‘zlashtirgan, 2015 yilda mamlakat fuqarolarini Germaniya Suriya va qo‘shni mamlakatlardan yuz minglab qochqinlarni qabul qila olishi va buni qilish kerakligiga ishontirgan.

Lekin o‘shanda fuqarolarning katta qismi, yumshoq qilib aytganda, bu to‘g‘ri ekaniga ishonqiramay qaragan. Qochqinlar oqimi ksenofob harakat PEGIDA (ot Patriotische Europäer gegen die Islamisierung des Abendlandes, «G‘arb islomlashishiga qarshi vatanparvar yevropaliklar») yuzaga keladi va bu harakat yevroskeptiklarning «Germaniya uchun muqobil» partiyasiga qo‘shimcha kuch bag‘ishlaydi.

«Agar biz hozir favqulodda vaziyatda mehribonlik ko‘rsatganimiz uchun uzr so‘rashimiz kerak bo‘lsa, bu mening mamlakatim emas», – deydi Angela Merkel 2015 yilda o‘zining qaroriga bildirilgan e'tirozlarga javoban.

Yodda tutish kerakki, o‘sha vaqtda Yevropa loyihasining bosh muhofizi bo‘lgan Merkel nafaqat millionlab germaniyaliklar irodasiga, balki Yevropa Ittifoqi qoidalariga ham qarshi chiqqandi, chunki qoidaga ko‘ra, qochqinlar va noqonuniy immigratsiya masalasi bilan qochqinlar birinchi bo‘lib kirgan mamlakat shug‘ullanishi kerak edi.

Albatta, YeIda noqonuniy immigratsiya muammosi hal qilindi deb aytish qiyin, ammo eng qiyin pallalarda Merkel va Germaniya bu muammoni nisbatan muvaffaqiyatli o‘tkazdi. Merkel yetakchi siyosatchilarni o‘z qarori to‘g‘riligiga ishontirdi, parallel ravishda (Bryussel bilan kelishgan holda) Turkiya bilan ushbu mamlakat hududidagi qochqinlar lagerlarini moliyalashtirish bo‘yicha kelishdi va noqonuniy qochqinlar oqimi to‘lqini bosildi.

Qochqinlar 2015-2016 yillarda Germaniya mehnat bozorini to‘ldirishda davom etishdi, PEGIDA koronavirus tanaffusidan keyin Drezdenda mitinglarni davom ettirdi, lekin endi bunday aksiyalar tobora kamroq odam yig‘moqda; «Germaniya uchun muqobil» XDI elektoratining bir qismini o‘ziga og‘dirdi, bundestagga va barcha hududiy parlamentlarga kirdi, ammo allaqachon bu kuchlar o‘z maksimumiga erishib bo‘lgan: ularning tarafdorlari butun Germaniya bo‘yicha 10-12 foiz, sobiq GDRning ayrim yerlarida bu ko‘rsatkich 25 foizgacha chiqishi mumkin.

Breksitchilar illyuziyasi
Ayrim britaniyalik breksitchi siyosatchilar Britaniyaning YeIdan chiqishi masalasidagi 2016 yilgi referendumdan oldin va keyin ommani Yevropa ittifoqi hech narsaga qodir emasligi va barcha muhim kelishuvlar Berlin va Parij bilan alohida-alohida muhokama qilinishi kerakligini aytishgandi.

Ammo na Merkel, na Fransiya prezidentlari Fransua Olland va Emmanyuel Makron o‘z qarashlarini o‘zgartirishiga yoki boshqa siyosatchilarni ko‘ndirishiga zarurat tug‘ilmadi. Barcha Yevroittifoq London bilan muzokaralarda yagona kuch bo‘lishi kerak deb hisobladi – ittifoq kichik Irlandiyaning manfaatlarini ham, YeIning barcha a'zolarining umumiy manfaatlarini ham himoya qilishi kerak.

Germaniya boshida Yevropa g‘oyasiga moyil bo‘lmagan odam rahbar bo‘lganida, u ham breksitchilar istagani kabi alohida muzokaralarga kirishmagan bo‘lardi, ammo YeI delegatsiyasi pozitsiyasi birinchi navbatda qit'aning eng yirik iqtisodiyoti manfaatlarini aks ettirishiga intilgan bo‘lardi.

Natija: YeI ittifoqni tark etgan Britaniyadan avvalboshdan istagan barcha narsasini oldi. Buning uchun Merkeldan minnatdor bo‘lsa arziydi.

Merkel Putin bilan eng ko‘p gaplashgan g‘arblik siyosatchi

Merkel, Putin va Rossiya
Sharqiy Yevropadagi Merkelning ehtiyotkorlik (ko‘plar uchun chidab bo‘lmas ehtiyotkorlik) bilan ish yuritish uslubi, birinchi navbatda, uning Putin Rossiyasi bilan munosabatlaridan ma'lum.

2005 yilda, Merkel endi kansler bo‘lganida, matbuot uning Moskva bilan qanday munosabat o‘rnatishi bo‘yicha asosan ikki xil prognoz bergandi.

Birinchisi: bolaligi va o‘smirligining katta qismini GDRda o‘tkazgan Angela sotsialistik tartibdan nafratlanadi va Rossiyaga ishonmaydi. Shuning uchun, sotsialist kansler, Rossiyani «to‘laqonli demokratiya» deb atagan, keyin «Gazprom»da maosh olib ishlagan Gerxard Shryoder davridagi kabi Putin bilan do‘stlik bo‘lmaydi.

Ikkinchisi: Merkel ham, Putin ham nemis va rus tillarini bilishadi, shu tufayli ular oson til topishadi.

Ikki prognoz ham ozmi, ko‘pmi amalga oshdi.

Apokriflardan birida aytilishicha, 2002 yilda, bundestagda chiqish qilgan Putin sovuq urush davridan keyingi yangi dunyo haqida so‘zlayotganida o‘sha vaqtda muxolifat yetakchisi bo‘lgan Angela Merkel yonidagi odamga shunday pichirlagan: «Tipik KGBchining odatiy nutqi. Bu yigitga ishonish kerak emas».

Yana bir mashhur bo‘lgan yarim afsona lahza: 2014 yil boshida, Rossiya Qrimni bosib olganida, Merkel Putin bilan gaplashganidan keyin Barak Obama bilan telefon muloqotida go‘yoki shunday degan: «Janob Putin reallik bilan aloqalarni saqlab qolganiga ishonchim komil emas».

Bu haqda 2014 yil 2 martida New York Times nashri Amerika prezidenti ma'muriyatidagi o‘z manbasiga asoslanib hikoya qilgan, bu yangilik tezda butun dunyoga tarqalgan va shu vaqtga qadar ko‘pchilik buni fakt sifatida qabul qiladi, ammo nemis siyosatchilari Merkel o‘shanda bunday so‘zlarni aytmaganiga ishontirishgan.

Nima bo‘lmasin, qanday gaplar tarqalganidan qat'i nazar, Merkel Putin bilan gaplashishda davom etdi va 2021 yil avgustida so‘nggi xorijiy safarini Moskvaga amalga oshirdi.

Angela Merkel rossiyaliklar prezidenti va Rossiya haqida aslida qanday fikrda ekani noma'lum, ammo har qanday holatda ham, uni Rossiyaga ortiqcha yumshoq munosabatda bo‘lishda ayblaydiganlar yodda tutishi kerakki, barcha muhim qarorlarni (masalan, Rossiya yo‘nalishidagi so‘nggisi - «Shimoliy oqim - 2» gaz quvuri bo‘yicha qaror) kansler o‘z partiyasidagi yetakchi siyosatchilar, koalitsiya bo‘yicha hamkorlar, Yerlar bosh vazirlari, biznesmenlar, Yevropa Ittifoqi bo‘yicha sheriklar va Bryussel bilan kelishib qabul qilishi kerak.

Boshqa tomondan, Merkel hamisha murosaga va barqarorlikka, «qonun ustuvorligi doirasidagi mo‘'tadil taraqqiyot»ga intilishi hisobga olinsa, agar Moskva tashqi siyosatidagi evolyutsiya bo‘lmaganida, tasavvur qilish mumkinki, u Putin bilan hech qanday muammosiz «business as usual» («odatiy biznes») rejimida ishlagan bo‘lardi.

Merkelning kanslerligi davrida Rossiya va Gruziya urushi bo‘lib o‘tdi; Britaniyada Aleksandr Litvinenko, Sergey va Yuliya Skripallar zaharlandi; Qrim bosib olindi; Ukraina sharqi urush girdobida qoldi; bundestag pochtalariga buzib kirildi («Men har kuni Rossiya bilan munosabatlarni yaxshilashga urinaman, ammo, boshqa tomondan rossiyalik kuchlar tomonidan amalga oshirilgani yaqqol ko‘rinib turgan bunday ishlar bo‘ladi», - degandi bu borada Merkel); Berlin markazida muxolifatchi Zelimxan Xangoshvili o‘ldirildi. Nihoyat, Aleksey Navalniyning zaharlanishi va bu boradagi tekshiruv ishlariga Germaniya ham jalb etilishi. Va Merkel asosiy rossiyalik muxolifatchini ko‘rish uchun shifoxonaga keldi.

Natijada ko‘plab nemis saylovchilari va siyosatchilari Putin Rossiyasiga munosabatini o‘zgartirdi - Merkelda ham manyovrlar qilish uchun maydon o‘zgardi.

«Germaniya allaqachon Rossiyaning Yevropadagi «asosiy lobbisti» bo‘lishni bas qilgan. Kansler (Gerxard) Shryoder davridagi GFRning «advokatlik funksiyasi» o‘rniga avvaliga o‘zaro tushunmovchilik, keyin esa keskinlik egalladi. Agar Germaniyani Yevroittifoqdagi «Rossiyani tushunuvchilar» shkalasi bo‘yicha baholasak, bu davlat anchadan beri «tushunuvchilar» ro‘yxatini boshqarmayapti, balki bu ro‘yxatning o‘rtalarida joylashgan», deydi bu masalada germaniyalik siyosatshunos Dmitriy Stratiyevskiy BBC bilan suhbatda.

Natija: Germaniya va Yevroittifoq rossiyalik amaldorlar va harbiy rahbarlarga nisbatan sanksiyalarni kuchda qoldirdi, ammo ular juda og‘riqli emas; nemis biznesi Rossiyada ishlashda, Rossiya gazi - Germaniyaga oqishda davom etadi. Merkel barchani rozi qildi: qat'iy liniya tarafdorlarini ham, o‘tmishdagi ishlarning barchasiga ko‘z yumgan holda Rossiyada pul ishlab topishni istaganlarni ham.

Davr yakunlari
Hozirda barcha Germaniya va Yevropada Angela Merkelga u kabi adekvat voris topilish-topilmasligi bo‘yicha taxminlarini bildirmoqda.

Bir tomondan, Germaniyaning istalgan kansleri, YeIdagi eng yirik iqtisodga ega qudratli davlat rahbari sifatida o‘z-o‘zidan butun Yevropaning yetakchisi bo‘lishi tabiiy holat.

Boshqa tomondan - yana kim o‘z mamlakatida, butun Yevropa yoki dunyoda u kabi avtoritetga ega bo‘lib, barqaror natijalarga erishishi mumkin? Merkel ketmoqda - ortidan uning partiyasi saylovchilarining yarmi partiyasini o‘zgartirmoqda.

Hozirda dunyodagi o‘nlab yetakchi nashrlar va tahlilchilar Merkel davri yakunlarini sarhisob qilishmoqda - ularning barchasi deyarli bir narsani yozishmoqda.

«Germaniyada uni tez-tez qandaydir katta maqsadsiz, kelajakning umumiy kartinasini chizib olmasdan boshqargani uchun tanqid qilishadi. Ammo Germaniya va undan tashqaridagilar uning halollik, barqarorlik va mas'uliyatni saqlagan holda qiyinchiliklarni yengishi va muvaffaqiyatga erishishi qobiliyatini unutishmaydi», deydi Conversation nashri muallifi.

Angela Merkel. Qisqa biografiya

  • 1954 yil 17 iyulda - Hamburgda, kelib chiqishiga ko‘ra polshalik-germaniyalik bo‘lgan, lyuteran pastori Horst Kazner (Germaniyaning bo‘lajak kanslerining buvasining familiyasi Kazmerjchak bo‘lgan) oilasida Angela Doroteya Kazner dunyoga kelgan.
  • 1954 yil kuzi - Kaznerlar oilasi GDRga, Perleberg shahriga ko‘chib o‘tadi, bu yerda ota Horst daromadli ish topgandi.
  • 1986 yilda - 11 yildan buyon Merkel familiyasida bo‘lgan Angela kvant ximiyasi bo‘yicha doktor maqomini oladi va fan bilan mashg‘ul bo‘lishda davom etadi.
  • 1989-1990 yillarda - demokratik harakat to‘lqinida Merkel siyosatga kirib keladi, "Demokratik uyg‘onish" partiyasiga a'zo bo‘lib kiradi va GDRning demokratik yo‘l bilan saylangan ilk va so‘nggi hukumatida matbuot kotibi o‘rinbosariga aylanadi.
  • 1990 yil 2 dekabrda - birlashgan Germaniyaning bundestagiga ilk saylovda Merkel XDIdan deputat etib saylanadi.
  • 1991-1994 yillarda - Merkel - Helmut Kol hukumatida Ayollar va yoshlar vaziri lavozimini egallaydi.
  • 1994-1998 yillarda - Merkel - yana Helmut Kol hukumatida Atrof-muhit va yadro xavfsizligi vaziri bo‘ladi.
  • 1998 yilda - saylovlarda sotsialistlarga mag‘lub bo‘lgan XDI Merkelni partiya bosh kotibi, ya'ni partiya apparati rahbari etib tanlaydi.
  • 2000 yilda - Merkel XDI raisiga aylanadi - u nemis partiyasi tarixidagi ilk ayol rahbar edi.
  • 2005 yil 30 mayda - Merkel rahbarligidagi XDI/XSI Gerxard Shryoder boshliq sotsialistlarni mag‘lub etib, hokimiyat tepasiga keladi.
  • 2005 yil 22 noyabrda - bundestagda koalitsiya tuzish bo‘yicha uzoq davom etgan muzokaralardan keyin Merkel rahbarligidagi hukumat shakllantiriladi, endi u Germaniya tarixidagi ilk ayol kanslerga aylanadi.
  • 2009, 2013, 2017 yillarda - saylovlarda Merkel rahbarligida XDI/XSI bloki g‘alaba qozonishda davom etadi.
  • 2018 yil 29 oktyabrda - Merkel partiyani keyingi saylovlarga olib bormasligini va tez orada XDI raisligini tark etishini ma'lum qiladi.
  • 2018 yil 7 dekabrda - XDI raisligiga Merkelning nomzodi - Annegret Kramp-Karrenbauer saylanadi (2020 yilga kelib uni Armin Lashet almashtiradi).
  • 2021 yil 26 sentabr - bundestag uchun navbatdagi saylovlar, bu safar Angela Merkel Germaniya kansleri lavozimini tark etadi.

Mavzuga oid