O‘zbekiston | 10:22 / 28.09.2021
2906
2 daqiqa o‘qiladi

Qashqadaryoda ota 2 yoshli farzandini urib komaga tushirib qo‘ygani aytilmoqda

Ijtimoiy tarmoqlarda Qashqadaryo viloyati Dehqonobod tumanida ota 2 yoshli farzandini qiynab azoblagani, so‘ng urib tan jarohati yetkazgani va bola shifoxonada komada ekani haqida xabarlar tarqaldi. Viloyat IIB axborot xizmati holat yuzasidan munosabat bildirdi.

Munosabatda ma'lum qilinishicha, 2021 yil 25 sentabr kuni viloyat IIB 102 operatoriga Dehqonobod tumani «Terakli» MFYda yashovchi uy bekasi J.S. qo‘ng‘iroq qilgan. U turmush o‘rtog‘i D.Sh. 2 yoshli o‘g‘li E.X.ni urib tan jarohati yetkazgani va o‘g‘li Respublika shoshilinch tez tibbiy yordam ilmiy markazi Qashqadaryo filialining jonlantirish bo‘limida davolanayotganini ma'lum qilgan. O‘sha kunning o‘zida mazkur murojaat Dehqonobod tuman IIBda qayd qilingan.

RShTYoIM Qashqadaryo filialining ma'lumotnomasiga ko‘ra, voyaga yetmagan E.X.ning tanasida qo‘shma shikastlanish, bosh miyaning lat yeyishi, yuz sohasi o‘ng tomoni shilinmasi, bo‘yin oldingi yuzasida usti po‘stloqlashgan terining tirnalgan jarohati, shu sohalarda yumshoq to‘qimaning lat yeyishi ko‘rinishidagi jarohatlar mavjud.

Qayd etilishicha, mazkur holat yuzasidan Dehqonobod tuman IIB huzuridagi Tergov bo‘linmasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.

Ғайрат Йўлдошев
Tayyorlagan Ғайрат Йўлдошев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid