O‘zbekiston | 16:06 / 27.08.2021
7091
3 daqiqa o‘qiladi

Qashqadaryoda 17 yoshli qiz otasini o‘ldirib qo‘ygani haqida xabarlar tarqaldi. Viloyat prokuraturasi hodisa bo‘yicha ma'lumot berdi

Ijtimoiy tarmoqlarda Qashqadaryo viloyati G‘uzor tumanida 17 yoshli qiz o‘z otasini o‘ldirib qo‘ygani haqida xabarlar tarqaldi. Viloyat prokuraturasi mazkur hodisa bo‘yicha ma'lumot berdi.

Ma'lum qilinishicha, joriy yil 18 avgust kuni soat 07:00larda G‘uzor tumani, Pastqovchin qishlog‘ida yashovchi X.Sh. yashash uyi darvozaxonasida vafot etgan holda topilgan. Shundan so‘ng holat bo‘yicha surishtiruv o‘tkazilgan.

Surishtiruvda aniqlanishicha, marhum X.Sh. spirtli ichimlikka ruju qo‘ygan holda, voyaga yetmagan qizi Q.O.ning oshxonada ishlab topgan pulini olib spirtli ichimlik iste'mol qilib kelgan. Shuning oqibatida ota va qiz o‘rtasida janjal yuzaga kelgan. Janjal paytida Q.O. o‘zini himoya qilish maqsadida otasining bosh qismiga yog‘och bo‘lagi bilan bir necha marta urib tan jarohati yetkazgan.

X.Sh. qizini haqorat qilishda davom etavergach, Q.O. otasining mast holda uydan chiqib ketmasligi uchun uning qo‘l-oyog‘ini sim bilan bog‘lab, yashash uyidan chiqib ketgan.

So‘ng Q.O. shu kuni soat 19:30larda uyiga qaytib kelib, otasining qo‘l-oyog‘ini yechgan. Otasi yotgan joyga ko‘rpa-to‘shak va yostiq tayyorlab bergan va uni yotqizib, uyda qolishdan qo‘rqib, dugonasi R.D.ning uyida tunab qolgan. Ertasi kuni soat 05:00larda uyiga kelganida otasining vafot etganini ko‘rib, qo‘shnilariga xabar bergan.

Qayd etilishicha, mazkur hodisa yuzasidan G‘uzor tuman prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining 102-moddasi (ehtiyotsizlik orqasida odam o‘ldirish) bilan jinoiy ish qo‘zg‘atilgan. Hozirda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

Ғайрат Йўлдошев
Tayyorlagan Ғайрат Йўлдошев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid