Jahon | 20:53 / 30.09.2021
6149
2 daqiqa o‘qiladi

Lukashenko Belarus Rossiya tarkibiga kirishi haqidagi xabarlarni “G‘arb uydirmasi” deb atadi

Foto: Reuters

Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko Belarus Rossiya tarkibiga kirishi haqidagi xabarni “G‘arb uydirmasi” deb atadi. Lukashenkoning CNN telekanaliga bergan intervyusida ta'kidlashicha, mamlakat “na Rossiya, na AQSh yoki na Britaniya tarkibiga kiradi”.

Belarus prezidentining aytishicha, ikki davlat rahbarlari unitar davlatdan ko‘ra ittifoq doirasida yanada samaraliroq ishlashlarini tushunadigan darajada “aqllilar”. Lukashenko, shuningdek, Rossiya va Belarus Ittifoqdosh davlat doirasida g‘arbiy yo‘nalishda deyarli yagona armiyani tashkil etganini qo‘shimcha qilgan.

“Belarus AQSh, Britaniya yoki Rossiya tarkibiga kirishi mumkinligiga kelsak, bu mutlaq ahmoqona gap. Bu masala umuman kun tartibida yo‘q. Bu jamoaviy G‘arbning uydirmasi”, deb aytgan Lukashenko.

U Belarus bilan qurolli ixtilof yuz bergudek bo‘lsa, Rossiya qurolli kuchlarining barcha g‘arbiy bo‘linmalari Minskni qo‘llab-quvvatlashini aytgan.

“Ixtilof holatida, biz buni yashirmaymiz, Rossiya qurolli kuchlarining butun g‘arbiy qismi bizni qo‘llab-quvvatlaydi. Men sizni qo‘rqitayotganim yo‘q. Men shunchaki sizga biz doim nima haqida gaplashishimizni eslatib qo‘ymoqchiman”, deb aytgan Lukashenko.

Mart oyida Lukashenko Rossiya bilan harbiy sohada hamkorlik qilish masalasiga bag‘ishlangan yig‘ilishda Belarusning Rossiya tarkibiga qo‘shilishi rejalashtirilmayotganini aytgan. “Belaruslar o‘z xonadonida yashaydi”, deb aytgan o‘shanda Belarus yetakchisi.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid