O‘zbekiston | 10:49 / 01.10.2021
11054
9 daqiqa o‘qiladi

“Har bir uchrashuvdan katta mas'uliyat bilan qaytaman” - vodiy safarida jurnalistlar bilan suhbatlar

Prezidentlikka nomzod Shavkat Mirziyoyev Namangan, Farg‘ona va Andijon viloyatlariga safari davomida uch marta OAV vakillari bilan uchrashdi hamda saylovchilar bilan uchrashuvlar, islohotlar, so‘z erkinligi, tibbiyot, oliy ta'lim va yoshlar masalasidagi savollarga javob qaytardi.

O‘zbekiston muhim siyosiy jarayon qarshisida turibdi. 24 oktabr kuni prezident saylovlari bo‘lib o‘tadi va kelgusi 5 yil davomida davlatni boshqaruvchi prezident saylanadi. Prezidentlikka nomzod Shavkat Mirziyoyev 27-29 sentabr kunlari Namangan, Farg‘ona va Andijon viloyatlarida bo‘ldi va ham amaldagi prezident, ham nomzod sifatida har kuni OAV vakillari bilan suhbatlar qildi.

Namangan viloyatidagi “Saxovat uyida” bo‘lib o‘tgan suhbatdan

– Hurmatli prezident, Namangandagi tashrif ham yakunlanmoqda. Bu viloyatning boshqalaridan farqli jihatlari va Namangan bilan bog‘liq rejalar haqida so‘zlab bersangiz.

– Namangan xalqi juda mehnatkash va tadbirkor. Hali samolyotdaligimdayoq kuzatishni boshladim – dalalar chiroyli bo‘laklarga bo‘lingan, hammasi yaxshi ishlov berilgan. Bu yerning tadbirkorlarining menga yoqqan bir jihati bir-birini qattiq qo‘llab-quvvatlashadi, hatto raqobatchilariga ham do‘stdek qarashadi. Chunki ular tushunib yetishgan – Namanganning va butun mamlakatning rivojlanishi hamjihatlikka bog‘liq.

Uchrashuvlarimizni kuzatib boryapsizlar. Katta islohotlar va'da qilyapmiz, har bir hududning sharoitidan kelib chiqib alohida dastur va rejalar tuzyapmiz. Bilaman, islohotlar oson bo‘lmaydi.

Hamma saylovchilar o‘zining sohasi bo‘yicha yangiliklar kutadi, “qani, bizda nima o‘zgarish bo‘larkin?” degan savol qo‘yadi. Men uchrashuvlarga kelmay, o‘z dasturimni ishonchli vakillarim orqali tanishtirib qo‘ysam ham bo‘lardi. Lekin bunday qila olmayman, har bir hudud saylovchilari bilan bevosita uchrashaman. Har bir uchrashuvdan keyin katta mas'uliyat bilan qaytaman, chunki aytildimi, bajarilishi kerak.

Andijonda 400 ming aholiga shahar qurayotganimizdan xabaringiz bor. Endi namanganliklar savol qo‘yishyapti, bizda bunday shahar barpo etilmaydimi, deb. Albatta, bu yerda ham quramiz. Faqat avval infrastrukturani yaratamiz, yo‘lini qilamiz, kommunikatsiyani olib kelamiz, maktab, bog‘chalarini ham tengma-teng barpo qilamiz.

Farg‘ona viloyati Qo‘shtepa tumani paxta dalasidagi suhbatdan

– Prezident ham charchaydimi, charchagan paytlari kimdan yoki nimadan kuch oladi?

– Albatta, men ham sizlar kabi insonman. Uzluksiz ish meni ham charchatadi. Lekin men xalqimizning, odamlarning ko‘zlaridagi quvonchdan kuch olaman. Shu besh yilda nimadir qila olgan bo‘lsam, hammasini shu xalqimiz uchun qildim. Ozgina bo‘lsa ham o‘zgarish bo‘lgan, kimningdir og‘iri yengil qilingan bo‘lsa, ko‘zidan bilinadi. Ana shu mamnuniyat menga quvvat bag‘ishlaydi.

Sizlar ham 5 yil avvalgi jurnalistlar emassizlar. Chunki men birinchi kundan so‘z erkinligiga jiddiy qaradim. Esingizda bo‘lsa, dastlab hamma asoslimi, asossizmi, tanqidni boshlab yubordi. Rahbarlarni bo‘shatish talab qilindi. Shunda menga so‘z erkinligini yomonlab kirganlar ham bo‘ldi. Lekin men fikrimni o‘zgartirmadim, chunki bu ham tabiiy jarayon, saralanish bo‘ladi. Axir sizlarning ham maqolalaringiz, yoritgan lavhalaringiz xalqqa manfaat keltirmasa, nima foydasi bor?

Yana bir jihat – men faqat sizlarning oldingizda kulaman. Ish jarayonida esa ancha qattiqqo‘lman. Albatta, kimnidir bo‘shatib yuborish oson. Ammo bitta munosib rahbar tayyorlash nihoyatda qiyin.

Islohotlar deganda bir eslaylik – mana shu kunlarda biz qayerda bo‘lardik? Paxta dalasida! Hamma rahbarlarning yagona dardi kunlik svodka bo‘lardi. Hozir-chi, men hatto qancha paxta tayyorlanganini ham bilmayman. Kimga kerak bo‘lsa, kim shu paxtadan manfaatdor bo‘lsa, o‘zi qilaversin. Mana shu dalalarda [Qo‘shtepa tumani hududida] paxta yetishtirish azob bo‘lgan. Hosildorlik 15-20 foizga ham yetmagan. Hozirgi holatni o‘z ko‘zlaring bilan ko‘rib turibsizlar. Qilsa bo‘lar ekan-ku! Isroilliklar kelib bu yerda ishlashyapti. Ular o‘zlarida 70 sentnerlab hosil olishadi. Biz ham 40-50 sentnerga chiqdik va yana ham oshirish imkoniyatimiz bor. Paxta yetishtirishda mana shunday klasterlar faoliyatini yo‘lga qo‘yishimiz albatta o‘z samarasini berishiga ishonaman.

Andijondagi ta'lim muassasasidagi suhbatdan

– Maktabgacha ta'lim va xalq ta'limiga qator imtiyozlar berilmoqda. Oliy ta'limga ham bunday yengilliklar berish rejalashtirilmoqdami?

– Avvalo men nima uchun “ta'lim, ta'lim va yana ta'lim” deb aytishim sababiga to‘xtalsam. Bizning taraqqiyotga erishishimiz uchun ta'limdan boshqa yo‘limiz yo‘q. Xoh tibbiyot, xoh qishloq xo‘jaligi, umuman, qaysi soha bo‘lmasin, ta'limsiz rivojlana olmaydi.

Endi savolga kelsak, bu masala saylovoldi dasturimizga alohida band sifatida kiritilgan. Kelajakda xususiy OTMlarga davlat OTMlarida bo‘lgani kabi imtiyoz va preferensiyalar albatta beriladi. To‘g‘ri, bu rejam davlat oliy o‘quv yurtlari rahbarlariga yoqmasligi mumkin. Ammo bu sohada ham raqobat kerak. Davlat oliy o‘quv yurtlari ham rivojlanmasa, o‘z ustida ishlamasa, zamondan orqada qolib ketaveradi.

– Bugun tibbiyot vakillari bilan uchrashdingiz. Joriy yilning 14 may kuni onkologik kasalliklar bo‘yicha yig‘ilishda har bir viloyatga PET-KT apparatlari olib kelinadi, degan edingiz. Ayni paytda bu uskuna faqat Toshkentda bor, xolos. Bu uskunalar qachon olib kelinadi va o‘rnatiladi?

– Bu juda og‘ir savol, chunki onkologiya bo‘yicha vaziyatning o‘zi og‘ir. Sohadagi eng muhim masala – kasallikni vaqtida aniqlash. Birinchi-ikkinchi bosqichlarda tashxis qo‘yilgan bemorlar tez va oson sog‘ayib ketishadi. PET-KT uskunasini olish mumkin, lekin unga avval sharoit hozirlash, ishlaydigan mutaxassis topish kerak, chunki unda radiatsiya bor, maxsus yo‘riqnoma asosida ishlashni talab qiladi.

Respublika onkologiyasi uchun ham zamonaviy bino qurilyapti. Lekin savol – bu yerda kim ishlaydi? Meni shu masala qiynaydi. Informatsion texnologiyalar, telemeditsina bilan ishlay oladigan mutaxassislarimiz yetarlimi? 4 oy ichida Koreya Respublikasining onkologik kasalliklarni davolash bo‘yicha tajribasini yaxlitligicha o‘rganish va o‘zimizda joriy etish bo‘yicha bir necha marta muzokara o‘tkazdik.

Bevosita savolingizga kelsak, mutaxassislarimiz bu masala bo‘yicha ishlashyapti, 2 qavatli maxsus eng zamonaviy bino qurib, PET KT o‘rnatiladi. PET KT uskunasi har bir viloyatda bir emas, bir nechtadan o‘rnatiladi. Koreyadan mutaxassislar jalb qilamiz, ular diagnostika, operatsiyalar qilish bo‘yicha tajribasini o‘rgatadi. Bu masala diqqat markazimizda turibdi.

– Muhtaram prezident, yoshlar siyosati bo‘yicha rejalaringiz haqida so‘zlab bersangiz. Umuman, yoshlar bilan bog‘liq qaysi muammo sizni ko‘proq o‘ylantiradi?

– Yoshlar masalasi shunday narsaki, uning boshi yoki oxiri yo‘q, ya'ni muntazam, har kuni shug‘ullanishni talab qiladi. Bugungi yoshlar kechagi emas. Men “bolalarimizni telefon tarbiyalayapti”, degan gapni ko‘p qaytaraman. Chindan ham shunday. Bu ham zamona zayli. Lekin biz “telefon bolalarni aynitdi” deb o‘tiravermaymiz-ku? Uch avlod uchrashuvlarini uyushtiryapmiz, ziyolilarimizni yoshlarga biriktiryapmiz. Hatto mashina sovg‘a qilib kitob o‘qishga o‘rgatyapmiz.

Olimpiada g‘oliblariga katta mablag‘, uylar, mashinalar beryapmiz. Maqsad bitta – yoshlarimiz ularga havas qilsin, shular yurgan yo‘lni tanlasin. Nafaqat sport bo‘yicha, balki fan olimpiadalari g‘oliblariga ham 100 mln so‘mlab pul, ustozlariga alohida mukofotlar, maoshlariga ustamalar beryapmiz. Bir nafar farzandimizni yomon yo‘ldan qaytarib, jamiyatga foydali shaxsga aylantira olsak bas, men bu xarajatlarga umuman achinmayman. Chunki tarbiya biz uchun juda muhim.

Afsuski, biz yoshlar siyosati bilan ko‘p vaqt shug‘ullanmadik. “Kamolot” degan tashkilotimiz bo‘lardi, lekin na biror loyiha uchun puli, na aniq bir dasturi bor edi. Hozir alohida agentlik tashkil qildik va zarur sharoitni yaratib berdik, mablag‘ ajratdik.

O‘zbekiston yoshlarining har biri mening farzandim, ularning yutug‘idan faxrlanaman, kamchiliklaridan xafa bo‘laman.

Mavzuga oid