O‘zbekiston | 20:42 / 06.10.2021
10317
5 daqiqa o‘qiladi

Kun.uz tanqididan so‘ng: mahallaga hokim, qishloqqa suv, 5 qavatli “dom”larga gaz keldi

Besh yildan beri gazsiz yashab kelayotgan Andijon shahridagi ko‘p qavatli uylar aholisiga, Kun.uz'dagi maqoladan keyin, gaz ulab berildi. Oybuloqliklar esa endi ariqdan suv ichmaydi: mahallaga ichimlik suvi tortildi, simyog‘ochlar almashtirildi, yaqinda yo‘lga asfalt ham yotqiziladi.

O‘tgan oyda Kun.uz Andijon shahar 3-kichik dahadagi 5 ta ko‘p qavatli uy besh yildan beri tabiiy gazdan mosuvo ekani haqida tanqidiy maqola e'lon qilgandi.

Shuningdek, Jalaquduq tuman Oybuloq mahallasi aholisining elektr ta'minoti va ichimlik suvi muammosidan qiynalayotgani bu kamchiliklarga hokimiyat vakillari e'tibor bermayotgani “Jalaquduqdagi hokim oyog‘i yetmagan mahalla: kuchlanish 110 volt, ichimlik suvi «kachalka»da, tappi serob” sarlavhali maqolada yoritilgandi.

Ho‘sh, tanqidiy maqolalarimiz samara berdimi? Biz yana o‘sha hududlarga borib, mutasaddilar tanqiddan qanday xulosa chiqargani bilan tanishdik.

“Hokimiyat gaz quvuri tortdi, uylarimizni ham ta'mirlab berdi”

Andijon shahar O‘rikzor mahallasidagi 3-kichik daha 40, 21, 21 “A” va 44-uylarda mavjud tabiiy gaz ta'minoti muammosi ijobiy yakun topibdi.

“Maqola internet nashrida chiqqanidan so‘ng beshta ko‘pqavatli uylarimizga viloyat va shahar hokimligi,“Hududgaz” va “Hududiy elektr tarmoqlari” idoralari xodimlari kelishdi. Aholidan pul yig‘ilmay, gaz idorasi tomonidan 800 metr gaz quvuri tortildi.

Quvonarli tomoni, hokimlik uylarimizning fasadini ta'mirlab, tomimizni ham to‘g‘rilab beryapti. “Hududiy elektr tarmoqlari” korxonasi qish oldidan barcha elektr kabellarini yangilab, transformatorlarni ko‘rikdan o‘tkazdi.

Men, to‘g‘risi, O‘zbekistonda muammolarni matbuot orqali ko‘tarib chiqib hal qila olish imkoniyati borligidan, erkin fikr aytish huquqim borligidan xursand bo‘ldim”, – deydi Svetlana Akobjanova.

“Andijon shahar “Hududgaz” korxonasi xodimlari kelib quvurlarni tortishdi, xonadonimizdagi gaz plitasida gaz yonyapti. Bundan tashqari, uylarimizning fasadlarini ham ta'mirlab berishdi. Tanqidga o‘z vaqtida munosabat bildirgan viloyat hokimiga rahmat aytaman. Uylarimizga issiq kirdi”, – deydi Hanifa Rahimova.

Andijon shahar “Hududgaz” idorasi bosh muhandisi Elyorbek Qozoqov ayni paytda muammoli holatdagi beshta ko‘pqavatli uylardagi tabiiy gaz ta'minoti muammosi 800 metr 76 diametrlik quvur tortilgach hal bo‘lganini aytdi.

Mutasaddi qish mavsumida ham ko‘pqavatli uylarda gaz ta'minoti me'yorida bo‘lishi uchun gaz taqsimlash uskunalari ham ta'mirdan chiqarilganiga alohida urg‘u berdi.

Oybuloq aholisi: “Hokim kelgach, ichimlik suvi, transformator keldi. Simyog‘ochlar o‘rnatishyapti”

Jalaquduq tumanining chekka Oybuloq mahallasiga borganimizda tuman hokimligi, hududiy suv ta'minoti va elektr ta'minoti mutasaddilari ham o‘sha yerda ekan. Ko‘chaga yangi beton tayanchlar o‘rnatilibdi, yangi transformator ham kelibdi.

Ko‘chaning yarmiga ichimlik suvi ham tortilibdi. 30 yil davomida zax zovurdan suv ichib kelgan aholi juda xursand.

“Qarangki, mahallaga tuman hokimi kelib dardlarimizni tingladi. Aholi bor muammolarni aytgach, ishlar boshlanib ketdi. 30 yillik muammomiz hal bo‘lib, ko‘chamizga ichimlik suvi keldi. Toza suv ichyapmiz. Beton “stolba”lar keldi. Shu kunlarda ko‘chani asfaltlash ham boshlanadi. Xursandmiz”, – deydi Muhammadqodir Hoshimov.

Tuman “Suv ta'minoti” korxonasi rahbari Qahramonjon Turg‘unov ko‘chaning yarmi Do‘ngqishloq mahallasi orqali ikki hafta ichida to‘liq suv bilan ta'minlanishini aytdi.

Xulosa o‘rnida

Matbuotning vazifasi – xalq va hokimiyat o‘rtasida ko‘prik bo‘lish. To‘g‘risi, Andijon viloyati va Jalaquduq tuman hokimligining tanqidiy maqolaga munosabat bildirib, muammolarni zudlik bilan bartaraf qilishga uringani e'tiborga molik. Har ikki mahalla ahli hokimlik vakillariga o‘z minnatdorchiliklarini bildirib qo‘yishimizni so‘rashdi.

Elmurod Ermatov,

Azizbek Ismoilov

Mavzuga oid