O‘zbekiston | 10:01 / 06.10.2021
2309
2 daqiqa o‘qiladi

Surxondaryoda ommaviy janjal uyushtirgan shaxslarga jinoyat ishi qo‘zg‘atildi

Surxondaryo viloyati Sho‘rchi tumanida ommaviy janjal uyushtirgan ikki nafar shaxsni urib tan jarohati yetkazgan shaxslarga jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Bu haqda viloyat IIB axborot xizmati xabar bermoqda.

Ma'lum qilinishicha, 2021 yilning 27 sentyabr kuni soat 17:00 larda jamoat joyi hisoblangan Sho‘rchi tumanining Guliston mahallasi hududida bir guruh shaxslar ommaviy janjal uyushtirib ikki kishini urgan. Jumladan, Sho‘rchi tumani Ozod mahallasida yashovchi, Sh.Yo‘lli va tumanning Guliston mahallasida yashovchi Sh.Mengtosh, uning qizlari P.Mohira hamda T.Mahliyo bilan o‘zaro guruhga birlashib, tumanning Shakarko‘l mahallasida yashovchi V.Salohiddin va B.Saidislom bilan o‘zaro janjallashgan. Janjal davomida ular V.Salohiddin va B.Saidislomni urib, bezorilik jinoyatini sodir etishgan.

Qayd etilishicha, joriy yil 5 oktyabr kuni Sh.Yo‘lli, Sh.Mengtosh, P.Mohira hamda T.Mahliyoga nisbatan Jinoyat kodeksining 277-moddasi 2-qismi «b» bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda mazkur holat yuzasidan tergov harakatlari olib borilmoqda.

Mavzuga oid